Toshkentdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika konferensiyasi oʻtkazildi.
Tadbirda Agentlik direktori Komil Allamjonov, direktor oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmita raisi Ilhom Abdullayev, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) filialining Oʻzbekistondagi mintaqaviy idorasi rahbari Petra Goryup, YUNYeSKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Fuad Pashayev, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov, “Ochiq maʼlumotlar” kompaniyasi (Ukraina) direktori Andrey Xorsev, “Ryann Chilcote Productions” kompaniyasi ijrochi prodyuseri Rayan Chilkot, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Saʼdulla Hakimov va boshqa tashkilotlar rahbarlari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
– Hozirgi davrda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari asosiy axborot manbai hisoblanadi, – dedi Komil Allamjonov. – Afsuski, davlat tashkilotlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, oʻzgarishlar va yangiliklar oʻz vaqtida yoritilmayapti. Shuni hisobga olib, Agentlik tomonidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari maqomi va mavqeini oshirish boʻyicha Prezident qarori loyihasi tayyorlandi.
Anjumanda mamlakatdagi oʻzgarishlar va islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga, keng jamoatchilikka va dunyo hamjamiyatiga xolis, ishonchli, tezkor va toʻlaqonli yetkazib berishda davlat axborot xizmatlarining samarali faoliyati muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlandi.
– Nima uchun matbuot amalda toʻrtinchi hokimiyat darajasiga koʻtarila olmayapti, degan savolga, koʻp omillar qatori vazirlik va idora rahbarlarining matbuot kotibi yoki axborot xizmatlariga nisbatan eʼtiborsiz munosabatini asosiy sabab qilib koʻrsatish mumkin”, – dedi Agentlik direktori oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva.
Mutaxassislar oʻz maʼruzalarida axborot xizmatlarining ish yuritish tartibi, axborot tarqatish usul va mexanizmlari zamon talablariga mutlaqo mos emasligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarida axborot xizmatlari faoliyati deyarli olib borilmayotgani, davlat tashkilotlarida axborot xizmatlariga yetarlicha shtat birliklari ajratilmagani, axborot xizmatlarining moddiy-texnik bazasi yaratilmagani, sohaga malakali mutaxassislar yetarli darajada jalb etilmayotganini tanqid qilishdi.
– Davlat organlarining axborot siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida yagona davlat axborot siyosati toʻgʻrisida Konsepsiyasini qabul qilish zaruriyati tobora oshib bormoqda, – dedi Saida Mirziyoyeva. – «Davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalarini tubdan takomillashtirish hamda axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorini qabul qilish taklifi ilgari surilmoqda. Unda ilk bor axborot xizmatlarining asosiy vazifalari, vakolatlari, majburiyatlari, matbuot kotiblarining tashkilotdagi oʻrni va maqomi, moddiy-texnik va moliyaviy taʼminoti, shart-sharoitlari, malaka oshirish imkoniyatlari tubdan yaxshilanib, huquqiy kafolatlanmoqda.
Konferensiya qizgʻin va mulohazalarga boy tarzda oʻtdi.
Oʻzbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Matbuot xizmati