Milliy qonunchiligimizda har qanday jinoyatga jazo muqarrar ekani qatʼiy belgilangan boʻlsa-da, ularda jazoni yengillatish, ozod etish, sudlanganligini olib tashlash kabi insonparvarlik tamoyillariga asoslangan normalar ham mavjud. Jazoni ijro etayotgan mahkumlarga nisbatan qoʻllanib kelinayotgan amnistiya va afv etish shaklidagi insonparvarlik aktlari ham shular jumlasidandir.
Yangilanayotgan Oʻzbekiston sharoitida Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, keyingi uch yilda mamlakatda sud-huquq sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganining guvohi boʻlmoqdamiz. Jumladan, sodir etgan jinoyati tufayli qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari taʼminlanmoqda, insonning shaʼni va qadr-qimmatiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlish asosiy mezonga aylanmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, oʻtgan yillar davomida mamlakatimizda Oliy Majlis Senati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya aktlari qoʻllanildi. Lekin bu amaliyot jamiyatda oʻzini yetarli darajada oqlamadi, chunki u ommaviylik xususiyatga ega edi.
2016 yilda davlatimiz rahbari tomonidan ilk marotaba Prezidentlik vakolatidan foydalangan holda, mahkumlarga nisbatan afv etish instituti qoʻllanildi. Afv etish institutida mahkumni jazodan toʻliq yoki qisman ozod etish yoki unga tayinlangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtirish yoxud sudlanganlik holatini olib tashlash kabi jihatlarning mavjudligi bilan ham insonparvarlik xususiyatiga ega.
Bu institutning ahamiyatli jihati shundaki, har bir mahkumga nisbatan uning qilgan jinoyati, jazoni ijro etish mobaynida oʻz qilmishidan pushaymonligi, chin dildan tuzalish yoʻlini tanlaganiga qarab individual yondashiladi. Oʻtgan qisqa davr mobaynida, yaʼni uch yil ichida qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtgan 4 mingdan ziyod mahkum afv etildi.
Bu yil ham Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida davlatimiz rahbari jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 92 nafar mahkumni afv etish, ularni erkin hayotga qaytarish toʻgʻrisidagi Farmonni imzolaganini aytganida, jamoatchilik olqishlar bilan kutib oldi.
Aynan bu xayrli ish Bosh qomusimiz qabul qilinganining 27 yilligi bayrami arafasida roʻy berganida ham juda katta maʼno-mazmun bor.
Bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining afv etishni amalga oshirish boʻyicha konstitutsiyaviy vakolatini roʻyobga chiqarishining yorqin dalili, Konstitutsiya va qonunlarni hurmat qilishga shaxsiy namunasi boʻldi.
Ushbu hujjat nafaqat huquqiy, balki katta tarbiyaviy ahamiyatiga ega hujjat deyish mumkin.
92 nafar mahkum… Bu kichik raqam emas. Zero, ularning har birining ortida koʻzi toʻrt boʻlib kutayotgan oila aʼzolari, yaqinlari turibganini inobatga olsak, har kuni farzandining “Dadam qayerda, qachon keladi?”, degan savoliga javob topolmay, yurak-bagʻri ezilgan kelinchaklar, yaqin qarindosh-urugʻlar, mahalla-koʻy, butun jamoatchilikni koʻz oldimizga keltirsak, uning mohiyatini yanada teranroq anglaymiz.
Davlatimiz rahbari mahkumlarni nafaqat jazodan ozod etdi, balki ularning jamiyat hayotiga moslashishi, yaxshi yashashi, mehnat qilishi, ularni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida banklardan kreditlr ajratish, yolgʻiz va keksalarni “Mehribonlik” va “Saxovat” uylariga joylashtirish, sogʻlom hayot kechirishlarini taʼminlashga koʻmaklashish borasida bergan topshiriqlari olijanob insoniylik fazilatlarining yaqqol namunasi boʻldi.
Afv etilganlarning jamiyat tomonidan maʼnaviy-ruhiy jihatdan qoʻllab-quvvatlanishi, ijtimoiy-iktisodiy koʻmak berilishi, jamiyatga moslashish va sogʻlom hayot kechirishlarini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari xalqimizning naqadar insonparvarligini yana bir karra namoyon qiladi. Bu, oʻz navbatida, xalqimizda, ayniqsa, yoshlarda hamjihatlikda yashash, halol mehnat qilish, sogʻlom turmush kechirish, namunali oila barpo qilish, jismoniy va maʼnaviy sogʻlom farzandlarni voyaga yetkazish bilan birga, qonunlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish hissini tarbiyalashga ham xizmat qiladi.
Xulosa oʻrinda aytish mumkinki, jamiyatda fuqarolar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlariga baho berish, ularning aybdorligini, qonun oldida javob berishini taʼkidlash oson. Lekin ana shu huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining kelib chiqishida qisman boʻlsa-da, barchaning ham aybimiz borligini chuqur his qilgan holda, jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining sodir etilishiga olib kelishi mumkin holatlarni bartaraf etish, huquqbuzarlikka qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishga oid takliflarimizni berishimiz, shu asnoda har birimiz jamiyatning faol fuqarosiga aylanishimiz lozim.
Ana shundagina biz ham davlatimiz rahbarining insonparvarlik koʻmagi bilan afv etilgan yurtdoshlarimizning oʻz oilasi, farzandlari bagʻrida yangi hayot boshlab, sogʻlom turmush kechirishlari uchun yelkadosh boʻla olamiz.
Odinaxon JAMOLDINOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati