2018 yil 14 martda Vazirlar Mahkamasining «Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorning mohiyati haqida @huquqiyaxborot kanalida batafsil maʼlumot berildi.
Jamoat fondining mablagʻlari Vasiylik kengashining qaroriga muvofiq xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi boʻlgan ayollarga moddiy yordam koʻrsatishga yoʻnaltiriladi.
Xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda; mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashda koʻmaklashishga; xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishda imtiyozli kreditlar berishga sarflanadi.
Onalik va bolalikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash boʻyicha vazifalarning amalga oshirilishini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga; yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning maʼnaviy-axloqiy negizlari va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha maqsadli ishlar olib borilishiga koʻmaklashishga qaratiladi.
Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarni turar-joy bilan taʼminlashda boshlangʻich badallarini qaytarilmaslik sharti bilan toʻlab beriladi.
Maʼlumot uchun: Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari har yili 300 mlrd. soʻmgacha boʻlgan miqdorda ajratiladigan Davlat byudjeti mablagʻlari; yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari; qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va «Oila» markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga, ijro etuvchi direksiyani saqlashga ishlatilishi mumkin boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi farmoni bilan tashkil etilgan.
OʻzA