Bugungi sinovli kunlarda yurtdoshlarimizning hadsiz mehri, begʻaraz saxovati buyuk ajdodlarimizga xos boʻlgan milliy qadriyatlarimiz amaliy ifodasi sifatida dunyo xalqlariga oʻrnak boʻlmoqda. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga gʻamxoʻrligi, mehribonligi ham alohida eʼtirof etilmoqda.
Muborak Ramazon oyida xayru saxovat ishlari yanada keng koʻlam bilan davom etmoqda. Yurtimizda saxiy, bagʻrikeng insonlar koʻpki, ulardan barchamiz oʻrnak olsak arziydi.
Ana shunday kayvoni hamyurtimiz Toshkent viloyati Ohangaron tumanida umrguzaronlik qilib kelayotgan Sharifa ona Eshnazarovadir. Oltmishdan oshgan onaxon koʻp yillik halol mehnati bilan qadr topdi. Ikki oʻgʻil, bir qizni el farzandi qilib tarbiyaladi, ular bugun xalqimiz xizmatida.
Sharifa ona bir necha yildirki peshona teri bilan topgan pulini yigʻib, Hajga borishni niyat qilib yurgan edi. Lekin… Onaxonning koʻngli hech tinchimadi. Yurtda bu ofat, el boshiga ish tushib turibdi. Nihoyat bir toʻxtamga keldi…
Mamlakatimiz Prezidentining saxovat haqidagi ezgu tashabbusidan ruhlangan Sharifa ona Haj safari uchun yiqqan 30 million soʻm pulni mahallasidagi ehtiyojmand oilalarga bagʻishladi.
Xususan, boquvchisini yoʻqotgan yurtdoshimiz D.Sherboyeva, N.Oripova, I-guruh nogironi Sh.Namozboyev, II-guruh nogironi B.Toshboyevning oilalariga bir boshdan qoramol olib berdi.
Himmatli himmatidan topar, deganidek Sharifa Eshnazarova kabi onaxonlarimiz ibrati bizga oʻrnak boʻlishi shubhasiz. Bu kabi aziz va mukarram onalari bor yurtdan balo-qazolar ham tezda daf boʻladi, inshaalloh.
Sodiqjon TURDIYEV, Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari