Oilaviy munosabatlarda shaxsning umummadaniy dunyoqarashining shakllanishi

0
14948
marta koʻrilgan.

Ushbu maqolada oilaviy munosabatlar, oila pedagogikasi jamiyatning shaxs tarbiyasiga oid muhim davlat siyosatidagi ustuvor vazifalarni mukammal bajarishdagi jihatlari oʻrganilgan va shuningdek, oilada umummadaniy dunyoqarashni shakllantirishning dolzarb masalalari, farzand tarbiyasiga doir tartib, odob – axloq qoidalarini sinovdan oʻtkazuvchi va amalda tadbiq qiluvchi ota-onaning faoliyati tahlil etilgan. 

Oila ijtimoiy hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini, tarbiyaning uzluksizligini taʼminlaydigan, kelajak nasl qanday boʻlib yetishishiga oʻz taʼsirini koʻrsatadigan ijtimoiy makon va pedagogik omil vazifasini oʻtaydi. Inson oilada shakllanadi. Oila muhabbat, hurmat, birdamlik va mehribonlik manbai. Aynan shu qadriyatlarga har bir rivojlangan jamiyat suyanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 sentyabrdagi yalpi yigʻilishida 1994 yildan boshlab 15 mayni “Xalqaro oila kuni” sifatida nishonlashga kelishilganligini oʻzi ham bu masalani xalqaro miqiyosida qanchalik dolzarb ekanligidan dalolat berib turibdi. Barcha davrlarda ham davlat va jamiyat gʻamxoʻrligi oilalarning mustahkamligi va tinchligiga asos boʻlgan. Shu bois mamlakatimizda 1998 yil “Oila yili”, 2012 yil “Mustahkam oila yili”, 2016 yil “Sogʻlom bola va ona yili” deb eʼlon qilinganligi hamda Respublikamizda oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi qabul qilinishi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 27.06.2018 yildagi PQ-3808-son qarori bilan uning ustuvor vazifalari va amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar tasdiqlanishi, shuningdek, 2019 yildan boshlab har yili 15 mayda mamlakatimizda Xalqaro oila kuni nishonlanishi davlatimizdagi oilaviy muhit va uni mustahkamlash uchun qilinayotgan amaldagi saʼy-harakatlarning yaqqol naʼmunasidir.

 Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, “Biz uchun muqaddas boʻlgan  oila asoslarini yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik – xotirjamlik, ahillik va oʻzaro hurmat muhitini yaratish, maʼnaviy – maʼrifiy ishlarni aniq mazmun bilan toʻldirishdan iborat boʻlmogʻi zarur”.

 Darhaqiqat, asrlar davomida oʻz eʼtirofini topgan va diniy-axloqiy qadriyatlar darajasiga koʻtarilgan oilaviy munosabatlarda halol yashash, mehnat qilish, farzand tarbiyasi ijtimoiy hayot tarzini rivojlantirish manbaidir. Sharqona tarbiyada shaxsning umummadaniy dunyoqarashining shakllanishi asosi oiladan boshlanadi.

Inson farzandi ota-onadan genetik meros oladi. Unga ajdodlari genofonidan ham ulush tegadi, albatta. Buni hayotshunoslar irsiyat, deyishadi. Yorugʻ olamga koʻz ochgan dilbandlar dastlab oliy darajadagi moddiy qadriyatlar hisoblanmish havo, ona suti, suvdan bahramand boʻladilar. Soʻngra shaxs kamolotini roʻyobga chiqishiga asos boʻladigan hamda uni taʼminlaydigan muhim omillardan biri oilaviy tarbiya omili boshlanadi.

Oila “millat sharafini” yuqori martabaga koʻtaradigan zaminu vosita hisoblanadi. Oilada farzandlar tugʻiladi, oʻziga xos xususiyatlari, insoniy fazilatlari vujudga keladi, shaxs shakllanadi. Oila va oilaviy munosabatlar madaniyati hamda shaxsning, yosh avlodning umummadaniy-maʼnaviy dunyoqarashining shakllanishi hamda rivojlanishiga taʼsiri muammosini ilmiy tahlil qilish qator fanlarning oʻrganish obyekti boʻlib kelmoqda. Oʻz navbatida oilaviy munosabatlar madaniyati shaxs kamolotiga taʼsir etuvchi birinchi omil boʻlib, oilaviy muhitning ham jismonan ham maʼnan sogʻlom boʻlishi jamiyat taraqqiyotiga, undagi mavjud muammolarni hal etishga ijobiy yoki salbiy taʼsir etmasdan qolmaydi.

Oilaviy munosabat madaniyati nima? Bu – oilada insonga xos va mos sharoitlarni yaratish, oilaning vazifalarini toʻla bajarish, oilaviy turmush tarzini toʻgʻri shakllantirish, oila aʼzolarining xulq-odobi, dunyoqarashi, mafkurasini, oilaviy hayotning davomiyligini taʼminlashdir. Mustahkam oila mustahkam jamiyatning asosidir. Shunday ekan jamiyat oilalarni mustahkamlash, oilaviy munosabatlarda shaxsning umummadaniy dunyoqarashini shakllantirib, takomillashtirishga alohida eʼtibor berib kelmoqda.

Oila va oilaviy munosabatlarda shaxsning umummadaniy dunyoqarashini ilmiy tadqiq etishni uning jamiyat taraqqiyoti qonunlariga muvofiq rivojlanishini ifodalashdan boshlamogʻimiz lozim. Oilaning rivojlanishi jamiyatning moddiy ishlab chiqarishi va maʼnaviy hayoti bilan bogʻliqdir. Oila shakllarining oʻzgarishi, ibtidoiy jamiyat davridan boshlab barcha tarixiy bosqichlarda moddiy ishlab chiqarish maʼnaviyatidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq ekanligi ilmiy adabiyotlarda keng tahlil etilgan.

Lekin jamiyatning, oilaning moddiy hayot sharoitlari oʻzgarishi oʻz-oʻzidan maʼnaviy kamolotga olib kelmaydi. Madaniy qashshoq boʻlgan odam boy boʻlib qolsa, birdaniga maʼnaviy kamolot darajasiga koʻtarilib qolmaydi. Pedagog-olimlar mazkur mavzuning taʼlim-tarbiyaviy jihatlarini tadqiq etib, oilaning shaxs tarbiyasida tutgan oʻrniga alohida eʼtibor berib, oilaviy tarbiyani umumiy tarbiyaning bir qismi sifatidagi jihatini yoritishmoqda; psixolog olimlar oila va oilaviy munosabatlarga etno-psixologik jihatdan yondoshmoqdalar. Etnograf-tarixchilar ham oilaning kelib chiqishi va oilaviy munosabatlar madaniyatining shakllanishi bilan bogʻliq masalalarga toʻxtalib, oilaviy urf-odatlar, anʼanalar, marosimlarning yoshlar tarbiyasiga taʼsirini oʻrganganlar.

Faylasuf olimlarimiz masalaning mohiyatini ochib berishda shaxs va jamiyatning oʻzaro munosabati haqidagi umumaksiologik qonuniyatga suyangan holda, shaxs ijtimoiy munosabatlar majmuidan iborat degan nazariy konsepsiyani oʻrtaga tashlaganlar. Xuddi shu konsepsiyadan esa oilada farzand tarbiyasi ijtimoiy xarakterga ega degan boshqa bir nazariy xulosa kelib chiqishi tabiiydir. Madaniyatshunoslar oilaviy munosabatlar madaniyatining yosh avlod tarbiyasiga taʼsirini tahlil qilib kelmoqdalar.

Shuni alohida koʻrsatib oʻtish kerakki, Markaziy Osiyo mutafakkirlari va maʼrifatparvarlari Farobiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf xos Xojib, Kaykovus, Devoniy, Alisher Navoiy, Bobur, Munis Xorazmiy, Bedil, Behbudiy, Abdulla Avloniy, Qori Niyoziy, Choʻlpon, Fitrat va boshqalarning asarlarida oila va oilaviy munosabatlar haqida qimmatli fikrlar mavjud. Ularning koʻplarida mazkur masalaga oid qarashlar muayyan tartibga tushirilgan va taʼlimot darajasiga koʻtarilgan. Xususan, Abu Ali ibn Sinoning “Axloq”, “Oila xoʻjaligi”, Alisher Navoiy “Hayrat-ul abror” va “Mahbub-ul qulub” asarlarida oilaga alohida eʼtibor bilan qarab, uni inson kamolga erishuvida asosiy makon deb bilganlar.

XX asr boshlaridagi maʼrifatparvarlik harakatining asoschilaridan biri Fitratning “Oila” asarida oila asosini toʻgʻri qurish, oilada yosh avlodga jismoniy, aqliy va axloqiy tarbiya berish orqali mana shu turgʻunlikdan qutilish, jamiyatni isloh qilish mumkinligini bayon qilgan. “Millat taqdiri mana shu millat vakillari yashagan oilaning holatiga bogʻliqdir… Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va tartibli boʻladi.” deb yozadi.

Oiladagi oʻzaro munosabatlar madaniyati malakasi tasavvuf falsafasida ham alohida oʻrin tutadi. Bu falsafaning yirik vakillari boʻlgan Ahmad Yassaviy, Bahovuddin Naqshband, Najmiddin Kubro tariqatlarida ota va onalar oʻzaro munosabatlarining farzandlar kamolotidagi roli, farzandlarning ota-onalarga boʻlgan munosabati mavzui alohida taʼkidlab oʻtilganligini koʻramiz.

Shuningdek, ulugʻ ulamolar boʻlmish Al-Buxoriy, At-Termiziylarning hadis toʻplamlarida, asarlarida ham mazkur mavzuga katta eʼtibor berilgan. Qurʼondan keyingi diniy manba – hadislarda Paygʻambarimiz Muxammad (s.a.v.) aytdilar: “Alloh taoloning rozi boʻlishi ota-onaning rozi boʻlishiga va Allohning gʻazabi ham ota-onaning gʻazabiga bogʻliqdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Haqiqatdan ham ota-onaga ozor bermaslik, ularning dilini vayron qilmaslik, muloyimlik bilan suhbatda boʻlish, koʻnglini koʻtarish aytganlarini vaqtida bajarish, farzandning ota-ona oldidagi burchidir.

Mustaqillik davrida oila-nikoh munosabatlarining huquqiy tartibga solinishi masalalarini F. Otaxoʻjayev, oʻzbek oilalari maʼnaviyatining tarixiy asoslari, maʼnaviy ruhiyati, anʼanalari, farzandlar tarbiyasi muammolarini istiqlol mafkurasi nuqtai nazaridan O. Safarov, M. Mahmudovlar tahlil etsalar, oilaning jamiyatda tutgan oʻrni, oilaviy tarbiya, oila aʼzolarining oiladagi oʻrni, oilada milliy va umuminsoniy tarbiya masalalarining pedagogik nuqtai nazardan O. Musurmanova, oilaning mohiyati, ota-onalarning bola tarbiyasidagi masʼuliyati, farzandlik burchiga oid baʼzi milliy diniy anʼanalarimizni E. Yusupov, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashga oid masalalarni M. Xalmatovalar tahlil qilganlar.

Oila turlarining demografik, ijtimoiy tuzilishlariga qarab boʻlinishining oʻziga xos xususiyatlari hamda uning oilaviy munosabatlar madaniyatiga taʼsiri mavjud. Mamlakatimizda mavjud oilalarning aksariyati toʻliq oilalardir. Toʻliq oila deganda ota-ona va farzandlardan iborat oila tushuniladi. Bu tipik oilaga xos xususiyatdir. Bunday oilalar, oʻz navbatida, patriarxal, nuklear, mezalyanslarga boʻlinadi. Oʻzbekistonning oʻziga xos xususiyati yana shundaki, hozirda oʻzbek oilalardagi katta patriarxal oila xoʻjaligi ham saqlanib qolingan. Bunda 2-3 avlod xoʻjaligi umumiy boʻlib, ularning iqtisodiy birligining asosi hisoblangan oila mulki faqat oila boshligʻi qoʻlida boʻladi va hamma unga boʻysinadi. Mana shu sababli ham qarindosh – urugʻlarning quda-andachilik munosabatlari davom qilib kelayapti. Yaqin qarindoshlarning nikohi ham shu jumladandir.

 Sharq va gʻarb oilalari xususiyatlarini qiyosiy tahlil qilganimizda ovroʻpa oilalariga xos xususiyat – nikohsiz erkin yashashning keng tarqalishi, ajralishlarning koʻpayishi, tugʻilishning kamayishi bilan izohlanadi. Ayrim Gʻarb olimlari nikohni butunlay yoʻqotib, nikoh kishi erkinligini cheklab qoʻyadi, u inson tabiatiga zid narsadir deb hisoblaydilar. Albatta, bu notoʻgʻri boʻlib, insoniyat taraqqiyotiga ziddir.

Zamonaviy oilalarga xos ikkinchi xususiyat ularning nuklearligidir (Nuklear – lotincha soʻzdan olingan boʻlib, lugʻaviy maʼnosi “yadro” demakdir. Er-xotin va bolalardan iborat). Hozirda Gʻarb sivilizatsiyasi taʼsirida oilaning bu xili koʻpayib bormoqda. Bunday oilalarda qaynona va kelin yoki kelinlar alohida yashaganliklari uchun ular orasidagi nizoli munosabatlarning oldi olinadi, turmush tarzida ular bir-birlari bilan qadrliroq, mehr-shafqatliroq madaniy munosabatda boʻlishadi. Bu masalaning ijobiy tomoni boʻlib, oilaviy munosabatlarda shaxsning umummadaniy dunyoqarashining shakllanishiga olib keladi. Ota-onadan alohida yashayotgan kelin-kuyov musataqil hayotga, oila iqtisodiyotini rejalashtirishga, farzandlarni mustaqil tarbiyalashga oʻrganadilar. Oilaviy masalalarni dam olish, boʻsh vaqtdan samarali foydalanish kabilarda nuklear oilalar erkinlikka ega boʻladilar.

  Zamonaviy oilalarga xos uchinchi xususiyat – mezalyanslarning oshishidir. (“Mezalyans” – fransuzcha soʻz boʻlib er-xotinning ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy mavqelari orasida katta tafovut boʻlgan oilalar tushuniladi). “Mezalyans” deb, masalan shaharliklar bilan qishloqliklar, ziyolilar bilan ishchi-dehqon, chorvadorlar hamda turli millat kishilari orasidagi nikohlarni tushunish mumkin. Mezalyans oilalar sonining oshishi ham irsiy ijtimoiy jihatdan ijobiy holdir.

Sharq tarbiyasida biz ota-onalar oila baxtliligini taʼminlashda va yoshlarni oilaga tayyorlashda jinsiy tarbiyaga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Mashhur faylasuf Z. Freydning taʼlim berishicha, oila faqatgina birgalikda yashash uchun emas, balki toʻlaqonli hayot kechirish, insoniy ehtiyojni qondirish uchun ham quriladi.

Oilada har tomonlama sogʻlom muhitni qaror toptirishda quyidagi ijtimoiy pedagogik-psixologik, maʼnaviy-madaniy mezonlarga amal qilishni tavsiya sifatida maqsadga muvofiq  deb yondashishimiz mumkin:

  • yoshlarni sportga, jumladan, oilaviy sportga ijobiy munosabatini shakllantirishga erishish;
  • farzandlarda hayotiy faoliyatni oqilona tashkil etish va reproduktiv madaniyatni shakllantirishga erishish;
  • Oilada sogʻlom turmush tarzini asosiy omil sifatida xalqimizning oʻziga xos anʼanalari va qadriyatlarini oʻrganish va keng targʻib etish;
  • Ota-onalarning farzand tarbiyasi yuzasidan masʼuliyatini, salohiyatini, savodxonligini, ota-onaning pedagogik-psixologik layoqatini oshirish, oilaviy va ijtimoiy tarbiya birligini taʼminlash;
  • Oilada maʼnaviy va jismoniy yetuk avlodni tarbiyalash, yoshlarni oilaviy hayot qurishga tayyorlash, zamonaviy kasb-hunar sirlari bilan qurollantirish;
  • Oilaviy munosabatlarda farzandlarning umumadaniy dunyoqarashini shakllantirishga erishish.

Xulosa qilib aytganda, oilaning zimmasiga ulkan va zarur ijtimoiy missiya yuklangandir. Bola tarbiyasi  eng ogʻir ijtimoiy vazifa ekanligi ayondir. Ota va onaning shaxsiy va ijobiy namunasi solih va soliha farzandlarning kamolga yetishi uchun garovdir. Ostona hatlab tashqi dunyoga qadam qoʻyilganida esa bolaga atrof-muhit va jamoatchilikning taʼsiri sezilarli boʻladi. Taʼlim muassasalari va mahalla-kuy, umuman, ijtimoiy sfera muhiti inson farzandini to hayotining soʻngi daqiqasigacha taʼqib qilib boradi. Shu boisdan, oilaviy munosabatlarda shaxsning umummadaniy dunyoqarashini shakllantirishga erishish, nafaqat shaxsiy hayotda, balki, mamlakatimizda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy  oʻzgarishlar va ularning taraqqiyoti jamiyatning ruhiy va maʼnaviy takomilida ham muhim oʻrin tutadi.

A.Sh. Jumayev — OʻzDJTU dotsenti,

S.B. Sharipova –OʻzDJTU  Pedagogika va psixologiya kafedrasi katta oʻqituvchisi

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.