Olimjon OʻSAROV: «Maqsadlarimiz amalga oshsa, jurnalistlarimiz uchun yangi bosqich boshlanadi»

0
178
marta koʻrilgan.

MAXSUS INTERVYu

Jurnalistlar ijtimoiy dolzarb axborotlarni toʻplash, tahlil qilish va ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish bilan shugʻullanadi. Demakki, xalq va davlat oʻrtasidagi muhim boʻgʻin, bu — jurnalistika. «Ommaviy axborot vositalari soʻzda emas, amalda «toʻrtinchi hokimiyat» darajasiga koʻtarilishi zarur. Bu — zamon talabi, islohotlarimiz talabi», deya Prezidentimizning bot-bot soha vakillariga eʼtibor qaratishi ham bejizga emas. 

Bugun bu sohada qanday oʻzgarishlar kuzatilmoqda? Mahalliy, respublika va xalqaro darajada qanday ishlar amalga oshirilmoqda va rejalashtirilmoqda? Bu va shu kabi bir qator masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ushbu soha vakillarining kasb bayramlari arafasida Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga yangi saylangan rais Olimjon Oʻsarov bilan maxsus intervyu tashkil etdi.

– Bugun Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oʻz vazifalarini qay darajada bajara olyapti, deb oʻylaysiz?

Olimjon OʻSAROV: – Ochigʻini aytish kerak, uyushma oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarni toʻlaqonli bajarmayapti. Chunki tashkilot nizomida qator vazifalar qoʻyilgan. Afsuski, oʻtgan yillar davomida obyektiv va subyektiv sabablarga koʻra, uyushma oʻz oldiga qoʻygan vazifalarni ado eta olmagan.

Tarixga nazar tashlasangiz, 2000 yillarda uyushmaga aʼzolik toʻxtatilgan va tashkilot nomlanishida «ijodiy» soʻzi, tushunchasi qoʻshimcha qilinib, «Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi» sifatida yuritila boshladi. Tom maʼnoda jurnalistlar huquqini himoya qiluvchi tashkilot emas, shunchaki ijodiy tashkilot sifatida qarash boshlandi. Mana shu birgina tushunchaning kiritilishi birinchidan aʼzolikning toʻxtatilishiga sabab boʻldi, ikkinchidan, uyushmaning oldiga qoʻygan maqsadlarini amalga oshirishga qaysidir maʼnoda toʻsqinlik qildi. 

Bundan tashqari, tan olishimiz kerakki, matbuotga, soʻz erkinligiga boʻlgan toʻsiqlar ham uyushma faoliyati chegaralanishiga sabab boʻldi. Biz bu kabi kamchiliklarga mana shular sabab boʻlgan, degan fikr bilan oʻzimizni oqlamoqchi emasmiz. Zero, bugungi kunda jurnalistlar ham, keng jamoatchilik, yaʼni axborotdan foydalanuvchilar ham uyushmadan juda katta narsa umid qiladi. Chunki mamlakatimizda ochiqlik siyosati, soʻz va matbuot erkinligi davlat siyosati darajasiga chiqdi. Demak, bugun jurnalistlar oʻz oldiga qoʻygan vazifasini toʻlaqonli amalga oshirishi uchun hamma sharoitlar yaratilyapti. Ham huquqiy jihatdan, ham maʼnaviy jihatdan.

Xohlaymizmi-yoʻqmi, jurnalist turli toʻsiqlarga duch kelishi yoki qandaydir manfaatlariga zarar yetishi mumkin. Soʻnggi oylarda buning juda koʻp guvohi boʻlyapmiz. Demak, bunday paytda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi maydonga chiqib, oʻz oldiga qoʻygan maqsadlaridan kelib chiqib, jurnalistlar huquq va manfaatlarini himoya qiladi.

– Uyushma oldida hal qilinmay kelinayotgan masalalar bormi? Yangi rahbar bu masalalarning qaysilarini ijobiy yechimini taʼminlay oladi?

– Agar hal qilishimiz kerak boʻlgan vazifalar haqida batafsil gapiradigan boʻlsak, fikrimcha bir kun ham kamlik qiladi. Lekin men qisqacha ifodalashga harakat qilaman.

Yuqorida aytganimday, eng birinchi vazifamiz – jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish. Qanday yoʻllar bilan yoki qanday usullar bilan amalga oshiriladi, degan savol koʻndalang qoʻyilishi tabiiy. Uyushmaga rais etib saylangan kunimning ertasigayoq biz telegram ijtimoiy tarmogʻida murojaat botini, yaʼni uyushma raisiga masofadan turib toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish imkonini beradigan elektron manzil tashkil qildik. 

Qisqa fursat ichida mingga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Ana shu murojaatlarni tahlil etganimizda, koʻrindiki, uyushma oldida juda ham koʻp vazifalar turgan ekan. Ayniqsa, soʻnggi yillarda jurnalistlarimizning moddiy va maʼnaviy himoyalanish masalalari ham eʼtibordan chetda qolib ketgan. 

Oxirgi paytlarda menga «Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida shuncha imkoniyatlar, imtiyozlar mavjud. Mana bir-nechta dam olish oromgohlari, sihatgohlari bor, ammo Yozuvchilar uyushmasidan aʼzolari bir necha barobar koʻp boʻlgan Jurnalistlar uyushmasida esa imkoniyat va imtiyozlar yoʻq, nima uchun, degan koʻplab savollar ham kelib tushdi. Bu savollar bejiz emas. Uyushma OAV xodimlarining ijtimoiy, maʼnaviy himoyasiga ham eʼtibor qaratishi kerak. Bu borada «Doʻstlik klubi» hamkorlarimiz bilan qilinajak ishlarni rejalashtiryapmiz. Bundan tashqari, Jurnalistlar ijodiy uyushmasini yanada takomillashtirishga doir huquqiy hujjat qabul qilinishi lozim.

Bilasizmi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasining hatto oʻz binosi ham mavjud emas. Alisher Navoiy koʻchasi 30-uyda ijarada turamiz. Hattoki xodimlarimizga xona yetmaganidan jamoaning bir qismini Milliy matbuot markaziga joylashtirganmiz, masofaviy ishlaymiz. Boshqa uyushmalarga borganda albatta havas qilamiz, qani edi Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga ham shunday bino ajratilsa, deb. 

Holbuki, Prezidentimizning 2017 yilgi uyushma faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisidagi qarorida Toshkent shahar hokimligiga Jurnalistlar ijodiy uyushmasi uchun alohida bino ajratish masalasi kun tartibiga qoʻyilgan. Mana oradan qariyb toʻrt yil vaqt oʻtdi, qarorning ijrosi taʼminlanmayapti. 

Yana bir maʼlumot, Prezidentimiz oʻsha qarorda ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan jurnalistlar uchun imtiyozli kreditlar asosida uy-joylar ajratilishini barcha viloyatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yuqori Kengesi hamda Toshkent shahar hokimliklariga vazifa qilib yuklagan.

Ming afsuski, jurnalistlar orasida uy-joyga muhtojlar juda ham koʻp bir paytda qarorning mazkur bandi ijrosi ham taʼminlanmagan. Biz bu borada murojaat qilganmiz, ammo hali ijobiy natijaga erishganimiz yoʻq. Yana bir ogʻriqli jihat — kadrlar masalasi. Yaxshi kadrlarni ishga jalb qilaylik desak, maosh havas qilgulik emas. Kam oylikka yaxshi kadr kelmaydi. 

Bilasizmi, Oʻzbekistonda eng kam oylik oluvchi kasb egalari, bu — jurnalistlar. Bu ham oldimizdagi koʻrib chiqishimiz kerak boʻlgan muhim masalalardan biri. Oʻylaymanki, Uyushmaning bu muammolarni bartaraf etishida hech qanday toʻsiq boʻlmaydi.

– Darhaqiqat, butun bir tashkilotni oʻzgartirish yolgʻiz rahbarning qoʻlidan kelmaydi. Buning uchun jamoa, ijod ahlining yordami kerak. Siz ham bugun jamoangiz va hamkasblaringizdan qanday masalalarda, jabhalarda koʻmak kutasiz? Umuman olganda, qaysi ishlarda kamarbasta boʻlishini xohlar edingiz ijod ahlini?

– Men bu yerdagi 10-15 nafar xodimni emas, balki yigirma ming nafardan ziyod Oʻzbekiston jurnalistlari jamoasini bizga xayrixoh sifatida oʻzlarining taklif va tavsiyalari bilan faoliyatimizni jonlantirishga hissa qoʻshadi degan umiddamiz. 

Boisi sohaning muammolarini eng chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan, buni teran his qiladigan, boshidan oʻtkazayotgan, yurakdan oʻtkazgan ijodkor biladi. Shu sabab yuqorida aytganimdek, masofadan turib uyushma raisiga murojaat yoʻllash imkoniyatini beruvchi telegram bot tashkil qildik. 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Buxoroning uzoq tumanlarida, Navoiy viloyatining choʻlli hududlarida faoliyat koʻrsatayotgan jurnalistlarning takliflari, koʻtarayotgan masalalari kelib tushmoqda. Oʻylaymanki, kelayotgan ana shu murojaatlardan  jiddiy masalalarni birinchi navbatda hal etishimiz kerak.

Bu bora muayyan yoʻl xaritasini tuzib oldik. Oldimizda turgan dastlabki vazifalardan biri — bosma nashr, televideniye, radio barcha OAV tahririyatlarini va ularning moddiy texnik bazasini yaxshilashga eʼtiborni qaratish. 

Sababi, OAV toʻgʻrisidagi qonunda yaxshi bir qoida qatʼiy qilib belgilangan. Yaʼni muassis tahririyatning moddiy texnik bazasini yaxshilashga, jurnalistlarga yetarli sharoitlarni yaratib berishga, shu nashrning muntazamligini taʼminlashga masʼuldir. 

Afsuski, bugungi kunda juda koʻp muassislar oʻzining mana shu majburiyatini unutib qoʻymoqda. Shu bilan birga, viloyat nashrlarining bosh muharrirlarini oʻrganganimizda, aksariyati nomutaxassis, yaʼni jurnalist boʻlmagan odamlar ekani meni ajablantirdi. Qanday qilib jurnalist boʻlmagan odam xalqqa oʻqishli axbort yetkazib berishi mumkin? Mana shu jihatni ham kelgusida atroflicha koʻrib chiqamiz.

Buyuk Britaniyaga borganimda, u yerda Lordlar palatasi masʼuli: «Inglizlar yangi kunini bir finjon qahva va gazeta oʻqish bilan boshlamasa, oʻsha kunini mazmunli hisoblamaydi. Gazetalar bizga uch yuz yil mobaynida maʼnaviyat berdi, axborot berdi. U biz uchun hayotga aylandi. Biz endi osongina voz kechib yubora olmaymiz», degan gapni aytgan edi. 

Bizda esa odamlarimizning gazetaga munosabatini oʻzingiz yaxshi bilasiz…

– Yosh avlod jurnalistlari soha maydoniga kirib kelmoqda. Bu maydonda «Ustoz-shogird» anʼanasi yoʻqolib ketmayaptimi? Yosh jurnalistlarning ekranga intilishi ham matbuotning oqsashiga sababchi boʻlmayaptimikan? Umuman, yoshlarda bugun qanday kamchiliklarni kuzatasiz?

– Jurnalistning intilishlari, orzulari bu juda muhim. Biz bunga toʻsqinlik qila olmaymiz. Aksincha, bu orzularni amalga oshishiga sharoit qilib berish vazifamiz. Tele-yulduz boʻlishni xohlaydimi, tele-yulduz boʻlishiga imkon berishimiz kerak. Bu salbiy jihatdan emas, ijobiy jihatdan qaraganda maqsadga muvofiq. Toʻgʻri, hali jurnalist boʻlib shakllanmasdan «yulduzlik»ka daʼvogarlik qilish qaysidir maʼnoda ularning faoliyatiga zarar yetkazmaydimi, degan savolni ham tugʻdiradi. Bu bor narsa. Shu sabab barcha turdagi OAV tahririyatlarida «Ustoz-shogird» anʼanasini rivojlantirishga eʼtibor qaratyapmiz.

Koʻzga yaqqol tashlanadigan yana bir muammo, bu – janrlar «qashshoqligi». Jurnalistikada faol qoʻllaniladigan yigirmadan ortiq janrlar bor. Ammo bosma nashrlarimizni kuzatsangiz, ikkita yoki uchta janrni bilasiz: axborot, hisobot va maqola. 

Boshqa narsa yoʻq. Nega felyeton, ocherk, sharh janrini koʻproq qoʻllamaymiz? Sharof Ubaydullayev, Xudoyberdi Toʻxtaboyev kuchli felyetonchilardan boʻlgan. Shunday janrlardan foydalanilgan paytlar gazetalar millionlab nusxada chop etilar edi. Odamlar gazetaning keyingi sonini intiqlik bilan kutishgan. Shu sabab janrlarni jonlantirish kerak deb hisoblayman.

– Jurnalistlar ijodiy uyushmasi xalqaro hamkorlik doirasida qanday ishlarni amalga oshirmoqda? 

– Uyushma faoliyatidagi eng asosiy vazifalardan biri, bu – xalqaro shartnomalar doirasidagi ishlar. Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan xorijiy davlatlarga ijodiy safarlar, oʻzaro tajriba almashish yuzasidan harakatlar deyarli amalga oshirilmadi. 

Toʻgʻri, bir-ikki safarlar tashkil qilingan. Ammo yigirma ming jurnalistlar armiyasiga ega boʻlgan oʻzbek jurnalistikasi uchun bu deyarli dengizdan tomchi. Shu bois biz faoliyatimizning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratishni maqsad qilganmiz. Shu kungacha Rossiya federatsiyasi Jurnalistlar uyushmasi va Xitoy jurnalistlari uyushmasi bilan hamkorlik memorandumini tuzganmiz. Mana shu yil soʻnggiga qadar imkon darajasida Tojikiston, Qozogʻiston, Hindiston kabi bir nechta davlatlar jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlik memorandumini tuzmoqchimiz. Ushbu mamlakatlarga bir guruh jurnalistlarimizni tajriba almashish uchun, tahririyatlar sharoitlari bilan tanishishlari uchun xizmat safarlariga yuborishni oldimizga maqsad qilganmiz.

Shuningdek, biz Umumjahon jurnalistlar federatsiyasiga aʼzo boʻlish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat yoʻllaganmiz. Oʻylaymanki, bu maqsadlarimiz amalga oshsa, jurnalistlarimiz uchun yangi bosqich boshlanadi.

Nozimjon Mardonov suhbatlashdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.