Olimpiada sovrindori Bobonovning murabbiyi Nurali Qobulov bilan suhbat

0
175
marta koʻrilgan.

Tokioda boʻlib oʻtayotgan Olimpiada oʻyinlarining dzyudo bahslarida erkaklar oʻrtasida -90 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Davlat Bobonov bronza medalini qoʻlga kiritdi. Tribuna.uz muxbiri Olimpiada sovrindorining murabbiyi Nurali Qobulov bilan suhbatlashib,  uning gʻalabadan keyingi taassurotlari bilan yaqindan tanishdi:

– Bugun shogirdim Davlatjon Olimpiada bronza medalini qoʻlga kiritdi. Bu, albatta, juda katta xursandchilik. Biz uchun, vatanimiz uchun katta yutuq, Vatan Mustaqilligining 30 yilligiga katta sovgʻa boʻldi. 

Davlatning yoshligini yodga oladigan boʻlsam, 7-sinfligida Samarqand olimpiya zaxiralari sport maktabiga oʻqishga kelganida, uni shaxsan oʻzim qabul qilib olganman. Davlat yangi kelganida juda ham nimjon, kurashni tushunmaydigan oddiygina bola edi. U dastlab futbolga keldim, deb oʻylagandi. 

Bir gal Samarqand viloyati birinchiligi boʻlib oʻtdi. 16ta tarbiyalanuvchi qoʻlimda shugʻullansa, oʻnga yaqini medallarni yutishga erishgandi. Sovrindor boʻla olmaganlar safida Davlatjon ham bor edi. Yigʻlab turardi, oldimga chaqirib, sen hali jahon, Olimpiada chempioni boʻlasan, deya yupatgandim. Ushbu voqeani  Davlatning oʻzi ham koʻp eslaydi. Bolaligidan unda shijoat borligi oʻziga xos iqtidori sezilib turardi. Xudoga shukr, niyatlarimizga yetdik – shu bir yil ichida jahon chempionati, «katta dubulgʻa» va Osiyo chempionatlarida sovrindor boʻldi. Mana Olimpiadada ham medalga erishdi. Qanchalik xursandligimni soʻz bilan taʼriflab berishim qiyin. 

Xudo xohlasa, 2022 yilda jahon chempionati Toshkentda boʻlib oʻtadi. Davlatning oʻzini orzu qilib , taʼkidlaganidek – Toshkentdagi musobaqada, Parij Olimpiadasida oltin medalga erishish uchun bor kuchi bilan harakat qiladi. 

 — 90 kg vaznda juda kuchli sportchilar jam boʻlgan. Koʻrib turibsiz, jahon chempionatida gʻoliblik uchun kurashganlar olimpiya oʻyinlarida bronza yoʻlida toʻqnash kelmoqda. Ispaniyalik raqibi Nikolaz Sherazadashvili bilan 3 marta jang qilgan boʻlsa, barchasida yengilgandi. Olimpiadaga ketish oldidan menga «Nurali aka, shu turnirda ispaniyalik dzyudochini yengishim kerak. Uni yengmasam, yaxshi natija qayd eta olmayman», degan edi. Bronza medali uchun hal qiluvchi bahsda bel olishgan Mixael Zgankka ham 2 marotaba imkoniyatni boy bergandi. Bu gal gʻalabaga erishdi. 

Olimpiadaning oʻziga xos bosimi ham bor. Bu turnirda taxminan, 18 nafar teng kuchli sportchilar ishtirok etmoqda. Qaysi biri nechanchi oʻrinni band etishini oldindan aytib boʻlmasdi. Kim ruhiy tomondan kuchliroq boʻlsa, oʻsha yaxshi oʻrinlarni olmoqda. Davlatdan Tokioda ham oltin medal kutgandik. Gruziyalik Lasha Bekaurini Dyusseldorfdagi «katta dubulgʻa» turnirida magʻlub etishga erishgandi. Afsuski, bu gal omad raqib tomonda boʻldi. Hakamlar Davlatni boshi bilan tatamiga tushdi deb oʻylab, dzyudo tilida aytganda xansoki berib, bahsdan chetlatishdi. Fikrimcha, buning uchun asoslar yetarli emasdi. Ammo buguncha nasib qilgani bronza ekan. Bu ham yomon natija emas. 

Davlatning oʻz vazni 87-88 kg hisoblanadi. Raqiblari esa 95-96 kg vazndan pastga tushishadi. Shu jihatdan, biroz jismoniy imkoniyatlarda farq sezilib qolayotgandek edi. Biroq ushbu Olimpiada koʻrsatib berdiki, endi Davlat kuchli raqiblariga qarshi bemalol bahs olib bora oladi. 

Albatta, Samarqand dzyudo maktabi avvaldan milliy jamoaga sportchilar yetkazib beruvchi maktablardan hisoblanadi. Bu gal bronza medalini qoʻlga kiritdik. Kichkina shogirdlarimiz ham Davlat akasining yutugʻidan ruhlanib, yaxshi mashgʻulot oʻtkazib, Olimpiada, jahon chempionlariga aylanadi, deb umid qilamiz. 

Bobonov qoʻlga kiritgan bronza medali Tokio Olimpiadasida hamyurtlarimiz tomonidan erishilgan  ikkinchi medalli gʻalaba  boʻldi. Bundan avvalgi medalni taekvondochimiz Ulugʻbek Rashidov qoʻlga kiritgandi. Oʻzbekiston umumiy medallar jamgʻarmasi boʻyicha ushbu ikkita medal hisobiga 25-oʻrinni band etib turibdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.