Davlatimiz ramzlari kuchli tarbiya vositasi sifatida yoshlarimizning milliy gʻururini yuksaltirishga, ularni Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Ana shunday ramzlardan biri mamlakatimizning davlat bayrogʻidir. Doimo oʻzbek xalqining shon-sharafi va gʻururidek yuksaklarda hilpirab turgan bayrogʻimiz 1991 yil 18 noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi «Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingan kundan boshlab davlat suverenitetining ramziga aylandi.
Yigirma sakkiz yildirki, davlat bayrogʻimiz Oʻzbekiston delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʻida, davlatimizning chet ellardagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlardagi vakolatxonalarida, xalqaro konferensiyalarda, jahon koʻrgazmalarida, sport musobaqalarida, yurtimizdagi barcha rasmiy idoralarda ozod va obod Vatanimiz timsoli sifatida baland hilpiramoqda.
Ayniqsa, har bir soha kabi sportchilarimiz Olimpiya va Osiyo oʻyinlarida, qitʼa hamda jahon chempionatlarida mamlakat sharafini munosib himoya qilib, hamisha barqaror bayrogʻimizni baland koʻtarmoqda.
– Har bir sportchi xalqaro maydonlarda oʻz Vatani bayrogʻini baland koʻtarishni orzu qiladi, – deydi boks boʻyicha amaldagi Osiyo va jahon chempioni Bahodir Jalolov. – Har doim xalqaro sport musobaqalariga otlanganimizda davlatimiz bayrogʻini yonimizda olib ketamiz, musobaqada gʻalaba qozonib, milliy bayrogʻimiz koʻtarilganda qalbimiz cheksiz gʻurur va iftixorga toʻladi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida aholi oʻrtasida sport va jismoniy tarbiyani yanada ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shugʻullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar samarasida bugun bir qator alpqomat, bilagida togʻdek kuchi bor, ruhan va maʼnan tetik, har tomonlama mukammal sportchilar kamol topmoqda.
Ulardan biri boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi havaskor va professional ringlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotgan Bahodir Jalolovdir.
Bahodir Jalolov 1994 yilning 8 iyul kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida dunyoga keladi. Oiladagi sogʻlom turmush tarzi, otasining sportga boʻlgan qiziqishi sabab dastlab, futbol bilan professional tarzda shugʻullandi. Soʻngra otasi oʻn uch yoshli oʻgʻlini Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga olib bordi va u yerda murabbiylari Rustam Saidov va Toʻlqin Qilichevdan boks sirlarini oʻrgandi.
– Otam yoshligida katta kurashchi boʻlgan. Qayerda kurash boʻlsa, davraga chiqqan. Lekin u paytlar sport bilan shugʻullanishga bugungiday sharoit boʻlmagan, shu bois otamning dunyo sport maydonlariga chiqish orzusi ushalmay qolib ketgan, – deydi Bahodir. – Men sportchi boʻlib yetishishimga undagan faqatgina bir maqsad – otamning orzusini amalga oshirish edi. Biroq musobaqalarda ringga koʻtarilganimda ushbu maqsad bilan birgalikda yurtimiz sharafini himoya qilish va bayrogʻimizni yanada yuksaltirish kabi hissiyotlar qalbimni egalladi.
Tajribali murabbiylardan charm qoʻlqop sir asrorlarini oʻrgangan Bahodir 2009 yili Jizzaxda boʻlib oʻtgan yoshlar oʻrtasidagi mamlakat chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritdi. Garchi u oltin medalni qoʻlga kiritmagan boʻlsa-da, tushkunlikka tushmadi, mashgʻulotlarga zoʻr berdi.
Yoshlar oʻrtasidagi musobaqalarda toblangan bokschimiz 2013 yilda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan kattalar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatida gʻolib boʻldi va qatorasiga uch yil mamlakat birinchiligida unga munosib raqib topilmadi.
2013-2014 yillarda u Germaniya, Bolgariya, Belarus, Ozarbayjon singari davlatlarda oʻtgan bir qator xalqaro turnirlarda shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.
2015 yili Qatarning Doha shahrida oʻtkazilgan jahon chempionati ning vazni 91 kilogrammdan ogʻir boʻlgan bokschilar bahsida bronza medalni qoʻlga kiritdi. 2016 yili Xitoyda oʻtkazilgan Olimpiadaga yoʻllanma beruvchi nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib Braziliyada oʻtgan XXXI yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Eʼtiborlisi, B.Jalolov Olimpiya oʻyinlarining tantanali ochilish marosimi oʻtkazilgan “Marakana” stadioniga Oʻzbekiston bayrogʻini yuqori koʻtargan holda olib kirdi.
– Bu voqea mening qalbimda bir umr oʻchmas iz qoldirgan. Men sport olamining eng nufuzli musobaqasida davlatimiz ramzi, oʻzbek xalqining gʻururi va bizni gʻalabalar sari doimo olgʻa boshlovchi bayrogʻimizni koʻtarganman. Bu masʼuliyatli vazifani menga ishonib topshirishganda koʻz yoshlarimni tiya olmaganman. Axir millatning faxri boʻlgan bayroqni yuksak parvoz etishi menga ishonch bilan berilgan edi, – deydi B.Jalolov.
Mazkur musobaqada 22 yoshli bokschimiz chorak finaliga qadar yetib bordi. 2017 yili Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritdi va bir qator xalqaro turnirlarda ishtirok etdi.
Havaskor boksda ketma-ket muvaffaqiyatlarga erishgan Bahodir 2018 yili AQSHning «Fight Promotions» propoutorlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi va hozirgi kunga qadar olti jang oʻtkazib ularning barchasini gʻalaba bilan yakunladi.
Isteʼdodli bokschimiz uchun joriy yilgi sport mavsumi ham omadli keldi. U dastlab, Tailandning Bangkok shahrida aprel oyida oʻtgan Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Soʻngra sentyabr oyida boʻlib oʻtadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida bir qator xalqaro turnirlarda ishtirok etdi.
Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida 6-22 sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan boks boʻyicha jahon chempionatida 91 kilogrammdan ortiq vazn toifasida ishtirok etgan Bahodir Jalolov dastlabki jangda ukrainalik Sotne Rogani, chorak finalda amerikalik Richard Torresni birinchi raundda nokautga uchratdi. Keskin va murosasiz oʻtgan yarim final bahsida bokschimiz rossiyalik Maksim Babaninni yengdi. Final jangida Bahodir azaliy raqibi qozogʻistonlik Kamshibek Konkabayevga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va jahon chempionligini qoʻlga kiritdi.
Oʻzining yorqin gʻalabalari, raqiblariga boʻlgan oʻzbekona hurmati bilan hurmat qozongan jamoa sardori Bahodir Jalolov musobaqa tashkilotchilari tomonidan chempionatning «Eng yaxshi bokschisi» deb topildi.
Uning bu ulkan gʻalabasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan munosib baholandi va 2019 yil 27 sentyabr kuni «Oʻzbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
– Prezidentimizning biz, sportchilarga bildirayotgan katta ishonchi, murabbiylarning maslahati va qoʻllab-quvvatlashi muvaffaqiyatlarimizda asosiy omil boʻlmoqda, – dedi B.Jalolov. – Davlatimiz rahbarining kamtarona mehnatlarimizni yuqori baholaganlari bizga yanada kuch-gʻayrat bagʻishlaydi. Shuningdek, davlat mukofoti bilan taqdirlanganimiz uchun chin dildan minnatdorlik bildiramiz. Endi mening birgina orzuim qoldi, u ham boʻlsa, Olimpiya oʻyinlarining oltin medalini mamlakatimizga olib kelishdir.
Javohir TOSHXOʻJAYEV, OʻzA