Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining 3-grant tanlovi

0
207
marta koʻrilgan.

Parlament komissiyasining 2018 yil 1 iyundagi 34-sonli qaroriga 1 -ilova

Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi

“Oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnan yetuk, jismonan sogʻlom etib tarbiyalashga, ularda tadbirkorlik, ilmiy-ijodiy va intellektual salohiyatni shakllantirishga koʻmaklashish”mavzuida Davlat grantlari ajratish uchun tanlov EʼLON QILADI

Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha buyurtmanomalari qabul qilinadi:

1.Yoshlarda kitobxonlik koʻnikmasini shakllantirish, uyushmagan yoshlar oʻrtasida “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga eʼtibor”, “Men sevib oʻqigan kitob” va “Eng yaxshi kitobxon” tanlovlarini tashkil etish;

  1. Uyushmagan yoshlarni, noqonuniy mehnat migrantligi natijasida xorijiy davlatlardan diportatsiya qilingan yoshlarni bandligini taʼminlash, ularni mamlakatdagi bunyodkorlik ishlariga keng jalb qilish;
  2. Yoshlarning intellektual salohiyatlarini yuksaltirish, ularning innovatsion fikrlashini, kashfiyotchilik, ratsionalizatorlik gʻoyalar va nau-xaularni ishlab chiqishga yoʻnaltirish;
  3. Mahallalardagi uyushmagan yoshlarning qiziqishlari, orzu va istaklarini hisobga olgan holda ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga shart-sharoit yaratish, turli toʻgaraklar, sport jamoalarini shakllantirish;
  4. Yoshlarning aerokosmik, aerodinamik sohalardagi bilimlarini yuksaltirishga koʻmaklashish, ularda internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini yuksaltirish;
  5. Yoshlarda, ayniqsa uyushmagan, tarbiyasi ogʻir boʻlgan yoshlarda gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, ularni jamiyatdagi integratsiyasiga maʼnaviy psixologik koʻmaklashish;
  6. Yoshlar oʻrtasida erta nikohni oldini olish, oilaning muqaddas qadriyatlarini ularning tafakkuriga singdirishning innovatsion(maʼnaviy, psixologik va boshqalar) usullarini amalga oshirish;
  7. Yoshlarda fuqarolik burch va masʼuliyatni shakllantirish, ularning huquqiy ongini yuksaltirish, davlat va jamiyat qurish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda qabul qilinayotgan qonun hujjatlari toʻgʻrisida xabardorligini oshirib borish;
  8. Madaniyat, adabiyot, sanʼat va aniq fanlar sohalarida yosh avlodni ijodiy faoliyatini roʻyobga chiqarish imkoniyatini yaratishga koʻmaklashish, uyushmagan yoshlarni hayotda oʻz oʻrnini topishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish;
  9. “Gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi maʼrifat bilan” shiori ostida mahallalarda, ayniqsa yoshlar orasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada mustahkamlashda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini yuksaltirish;
  10. Uyushmagan va tarbiyasi muammoli yoshlarni ijtimoiy-huquqiy va sotsial-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, ular oʻrtasida “Men Vatanimni sevaman”, “Jamiyatda mening oʻrnim bor” mavzusida turkum tadbirlar oʻtkazish;
  11. Madaniyat va sport muassasalari bilan sheriklikda yoshlar oʻrtasida xalq sporti oʻyinlarini ommalashtirish, yoshlarning boʻsh vaqtlarini madaniy tashkil etish, qishloq qizlarini badiiy gimanistika va sportga keng jalb qilish;
  12. Ayollar va bolalarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularni ijtimoiy-huquqiy va sotsial-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashda joylardagi xotin-qizlar qoʻmitalari faoliyatiga koʻmak koʻrsatish.

Davlat granti ajratilishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur: 

  1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati; 
  2. www.fundngo.uz veb-saytida joylashtirilgan shaklda toʻldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza;
  3. Oxirgi oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan davlat roʻyxatidan oʻtgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi;
  4. Tashkilotning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi; 
  5. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi. 
  6. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining iltimosnomalari, tavsiya xatlari ilova qilinishi mumkin. 

Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 30 million soʻmgacha. 

Hujjatlar 2018 yil 7 iyundan 13 iyulgacha qabul qilinadi.

Hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi nomiga “Oʻzbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil boʻyicha qabul qilinadi: 100163, Toshkent shahri, Islom Karimov koʻchasi, 43-uy. 

Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin. 

Maʼlumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-86. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.