Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi: talabalar muzeylarga jalb etiladi

0
316
marta koʻrilgan.

Maxsus reja-dasturga koʻra joriy yilning noyabr oyidan 2020 yilning aprel oyigacha boʻlgan davrda talabalarni muzeylarga jalb etish ishlari amalga oshiriladi. 

Qadimiy anʼanalarimiz, azaliy odatlarimizni tiklash va yoshlarning madaniy saviyasini oshirish, ularni milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand etishda muzeylarning oʻrni beqiyos. 

Shu bois, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan talabalarni muzeylarga jalb qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalari talabalarining mashgʻulotlardan boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning tariximizga oid bilimlarini yanada oshirish maqsadida haftaning har juma kuni muzeylar aksiyasi yoʻlga qoʻyildi. Ijtimoiy aksiyaga koʻra maxsus reja-dastur tasdiqlangan boʻlib, joriy yilning noyabr oyidan 2020 yilning aprel oyigacha boʻlgan davrda talabalarni muzeylarga jalb etish ishlari amalga oshirilishi belgilangan. 

Ushbu aksiya doirasida Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi bugun talaba-yoshlar bilan gavjum boʻldi. 

– Bu yerda muzey eksponatlarini tomosha qildik, mamlakatimiz tarixi haqida qiziqarli maʼruzalarni tingladik, zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan intellektual mashgʻulotlarda ishtirok etdik, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Zuhra Poʻlatova. – Shuningdek, koʻrganlarimiz hulosalari asosida ijodiy ishlar yozishni maqsad qilganmiz. Oʻylaymanki, bunday tashkiliy ishlar bizning nafaqat madaniy xordiq olishimizga, balki nazariy va amaliy bilimlarimizni chuqur egallashda ham qulay fursat boʻladi, deb ishonaman. 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.