Bugun hamkasbim Komiljon Ismoilovich bilan “Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida ishtirok etdik, mukofotlarni topshirdik.
Bu yilda tanlov oʻzgacha ruhda tashkil etildi. Sababi — Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mukofotlar miqdori ancha oshirildi, tanlov tarixida ilk bor Bosh milliy mukofot sohibiga yengil avtomobil berildi. Ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar 5 tadan 12 taga koʻpaytirildi. Umuman, tanlovning nufuzi va qamrovi oshdi.
Tanlovni yuksak saviyada tashkil etishda Jurnalistlar uyushmasi, nomzodlarning ijodi va faoliyatini xolisona baholagan, mukofotga eng munosiblarni saralab olgan Hakamlar hayʼatining xizmatlarini alohida taʼkidlashni istardim.
Fursatdan foydalanib, Bosh milliy mukofotga sazovor boʻlgan Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti jamoasini, barcha gʻolib va sovrindorlarni chin dildan tabriklayman, ularga yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Sherzod ASADOV, Prezident matbuot kotibi(telegramm kanalidan)