Birinchi marta Kommuna Ismoilova bilan ikkinchi jahon urushi gʻalabasining 30 yilligiga turkum koʻrsatuvlar tayyorlayotganimda uchrashgandim. Bu 1975 yil edi.
Kommuna opa bilan ilk uchrashuv. Opa bilan telefonlashdim. Taklifimni aytdim. «Qanday qoʻshiqlar kuylay?» soʻradi u kishi. «Jangohlarda kuylagan qoʻshiqlaringizni»,– javob qildim men. «Qanday kiyinib boray?– soʻradilar yana. «Oʻzingizning didingiz, xohishingiz bilan kiyinib kelavering, bayramona koʻrsatuv» deya javob qildim.
Koʻrsatuvga sanʼatkorlarga xos xorazmcha doʻppilarda va xonatlas koʻylakda yol-yol yonib kirib keldilar. Milliy qadriyatlarni xush koʻrar ekan, deya koʻnglimdan oʻtkazdim.
Salomlashgach, meni fikrimni uqqandek, «men janggohlarda ana shu kiyimlarda koʻylaganman. Qattiq sovuq boʻlganida ham atlas koʻylak kiyib chiqardim»,– deya izoh berdilar.
– Kommuna opa, qattiq sovuqlarda-ya, – ajablandim.
– Qattiq sovuqda atlas koʻylak ustidan xorazmcha nimcha kiyib olardim. – Dedilar samimiy kulib.
Koʻrsatuvning boshlovchisi oʻzbek xalqining sevimli yozuvchisi, ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ibroxim Raxim edi. Ular sanʼatkorning janggohlarda kuylaganiga guvoh boʻlgan inson edi. Kammuna opaning navbati kelganida aynan ana shunday taʼrifu tavsif bilan tomoshabinlarga tanishtirdilar. Ibrohim Raxim adabiyot maydonining yetakchi yozuvchisi, urush qatnashchisi sifatida, Kommuna opa esa koʻrsatuvga oʻzining shirali qoʻshiqlari bilan jon bagʻishlashdi. Ikkala sanʼatkor ham oʻtib ketdi. Oxirati obod boʻlsin.
Kommuna otdoshi. 1927 yil 18 martda dunyodagi birinchi proletariat hokimiyati – bor-yoʻgʻi 72 kun yashagan Parij Kommunasi kuni mamlakatimizda keng nishonlandi. Xorazm oblast bosmaxonasiga “Xorazm kommunasi” nomi berildi. Xuddi shu kuni uning direktori Qurbon Ismoilov oilasida farzand dunyoga keldi. Qizaloqni sevib-erkalab Kommuna deb atadilar. U asta-sekin ulgʻaya bordi. Xonadonda sanʼatga oshufta kishilar yigʻilar, bunday damlarda yangraydigan kuy va qoʻshiqlar jajji Kommunani maftun etardi.
Xorazm sanʼati gulshanida “Goʻroʻgʻli”, “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi”, “Goʻroʻgʻlining Avazxonni olib kelishi”, “Oshiq Gʻarib”, ”Xirmondali”, “Bozirgon” kabi mardlik va jasorat, muhabbat va sadoqat tarannum etilgan dostonlar, qoʻshiqlar mavjudki, ular xalq ogʻzaki ijodining ajoyib namunalaridir. Qizcha shular taʼsirida ulgʻaydi…
Sahnaga qadam... Havo aynigan, koʻk yuzida qora bulutlar suzib yurardi. Ayni chogʻda mamlakatimiz osmoni ham notinch edi. Ikkinchi jahon urushining dastlabki kunlari. Qoʻshinlarimiz ona tuproqning har bir qarichi uchun tengsiz jangda qon kechib, jon berib chekinayotgani haqida mudhish xabarlar radiodan tinimsiz eshitib turilardi. Ana shunday ogʻir damlarda jangchilarga ruhiy madad berish maqsadida oʻzbek frontchi ansambli tashkil etishga qaror qilindi. Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Rahimova ijodkor kollektivni tuzish niyatida Xorazmga ham keldi. Teatrga oʻtayotib, Urganch pedagogika instituti yonida qadamlarini sekinlatdi. Shirali ovoz diqqatini tortdi.
Tashlama bunda meni,
Maydonda ham yoring boʻlay.
Dori-darmonlar tutib,
Yoningda hamrohing boʻlay.
Kuylayotgan qiz Urganch pedagogika institutining olti oylik muallimlar tayyorlash kursida oʻqiyotgan Kommuna Ismoilova edi.
Voha xalqi: “Qoʻshiq aytib, oʻyin tushmagan yoshning yuragida oʻti, miltigʻida oʻqi yoʻq”, — deydi. Kommuna Ismoilova hech qachon artist boʻlishni hayoliga keltirmagandi. Qobiliyatli qizni frontchi xotin-qizlar ansambliga olishdi. Shunday qilib Kommunaning ilk qoʻshiqlari oʻn olti yoshida jangohlarda yangradi. Oʻqlar yomgʻiri ostida kuyladi, olqishlar oldi. Jangchilar ruhiga ruh, kuchiga kuch qoʻshdi. “Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun” medaliga sazovor boʻldi.
Kommuna opa oʻz ijodini oʻzbek xalq qoʻshiqlari, laparlari, yallalari bilan boshladi. Mana shu rang-barang ijodiyotni chuqur oʻrganish, uning yaxshi namunalarini yangi zamon ruhida qayta ishlab, tomoshabinlarga taqdim etishga kirishdi. Bu ishda unga ustoz sanʼatkorlar Yunus Rajabiy, Komiljon Otaniyozov, Fahriddin Sodiqov madadkor boʻldilar.
Urushdan keyingi yillarda Kommuna opa mehnat otpuskalarini Xorazm oblasti teatrida oʻtkazdi. Amu vohasida qadimdan mashhur boʻlib kelgan shoʻx va musiqiy qoʻshiqlarni oʻrgandi. Komiljon Otaniyozov bilan “Tohir va Zuhra”, “Muhabbat guli”, “Oshiq Gʻarib” asarlarida birga rollar ijro etgani katta maktab boʻldi. Uning repertuaridan “Oʻgʻlimga oʻhshaydi ovozing sani”, “Oʻylanma” kabi xalq qoʻshiqlari oʻrin oldi.
Ustoz Yunus Rajabiydan oʻzbek xalq maqomlarini oʻrgandi.
Kommuna Ismoilova ijodida ikki yoʻnalish bor: biri unga shuhrat keltirgan oʻlmas maqomlar boʻlsa, ikkinchisi xalq ohanglari negazida yaratilgan yangi zamonaviy ashulalardir. Artistka xalq qoʻshiqlari mazmunini boyitish, eng muhimi – davrga xos joʻshqinlik, koʻtarinkilik va kenglik bagʻishlash niyatida koʻp izlandi.
Kommuna opaning repertuaridagi 500dan ortiq namuna plastinka va magnit lentalariga yozib olingani uning zahmatkashligini yaqqol koʻrsatib turibdi. Ular orasida maqomlar, dostonlar, klassik va zamonaviy ashulalar bor.
Ijodkor sahnada umrining oxirigacha kuyladi, el olqishini oldi, hurmat-eʼtibor topdi, eʼzozlandi. Sanʼat yoʻlidagi fidoyi mehnati yuksak qadrlandi. Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga sazovor boʻldi.
Hozir oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼatida tanilgan Muhabbat Shamayeva, Malohat Dadaboyeva, Dilorom Qayumova, Hadya Yusupova, Matluba Dadaboyeva kabi xonandalar Kommuna opani mehribon ustoz deb biladilar, ardoqlaydilar.
Dilbar, dilkash Kommuna Ismoilova bilan 60 yoshga toʻlgan kunlarida gazetaga maqola tayyorlash uchun yana suhbatlashdik. Shundan keyin yana bir necha bor uchrashdik. Yillar oʻtgan boʻlsa-da, opa hamon xuddi oʻsha birinchi uchrashgan paytimizdagidek sevimli, jozibali, dilbar, dilkash edi.
Sovet Armiyasi va Harbiy-Dengiz Flotining 70 yilligiga bagʻishlangan tantana konsertida Zebo Gʻaniyeva nomidagi veteran frontchi xotin-qizlar ansambli sahnaga chiqdi. Gavhar Rahimova konsert nomerini eʼlon qildi. Tomoshabinlarning aksariyati rok musiqaga ihlosmand yoshlar edi. Ular avvaliga bu ansamblni uncha xushlamagandek ajablanishdi. Biroq qoʻshiqlar yangragan sari sanʼat shinavandalarining yuzi yorishib borardi. Kommuna Ismoilova “Sovchilikka keling” degan xalq ashulasini boshlaganida zaldagilar qarsak chalib joʻr boʻla boshlashdi. Goʻyo sanʼatkor ixlosmandlar yuragiga singib ketgandek. Konsert tugadi, qarsaklar yangradi. Sahnaga intilayotgan yigit-qizlarning oqimi tinmas, sanʼatkorning bagʻri guldastalarga toʻlib ketgandi.
Oʻzbek xalqi Kommuna soʻzini eshitganda ikki maʼnoni tushunadi. Biri kuch-gʻayrat, birlik va ilk inqilobiy qadam – Parij Kommunasi. Ikkinchisi esa Kommuna asrining yangroq kuychisi – Kommuna. U oʻzining muqaddas nomiga yarasha ishladi, yashadi, shuhrat qozondi. Sanʼat gulshanida xazonbilmas gul kabi hamon yashnab turibdi.
Oʻtgan yili Maqom markazi muzeyi Kommuna Ismoilovaning noyob eksponatlar turkumi bilan boyidi. Oʻzbekiston xalq artisti Kommuna Ismoilovaning oila aʼzolari ustoz sanʼatkorga tegishli boʻlgan musiqiy cholgʻular, kitoblar, plastinka va tegishli ashyolarini Maqom markazi muzeyiga topshirdi. Biz bu voqeadan xursand boʻlib, uni «gujum.uz» saytida ham yoritdik.
Xalqimizning ardoqli sanʼat namoyandasi, Oʻzbekiston xalq artisti Kommuna Ismoilova 16 yoshida sanʼat olamiga kirib keldi. Yoshgina qiz Ikkinchi jahon urushi jangohlarida oʻqlar ostida qoʻshiqlar kuylab, jangchilarni ruhlantirishga munosib hissa qoʻshdi. Fidoyi va jasoratli ijodkorning qoʻshiqlari xalqimiz quloqlari ostida hamon jaranglab turibdi.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist