Ona yer yoshlar qoʻlida

0
275
marta koʻrilgan.

 Toshkent shahrida Oʻzbekiston Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Respublika Yoshlar ittifoqi hamda Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi  hamkorligida “Ona yer yoshlar qoʻlida” shiori ostida Oʻzbekiston yosh fermerlarining I Respublika forumi oʻtkazildi.

Forumdan koʻzlangan asosiy maqsad, yosh fermerlarni birlashtirgan holda ularning oʻzaro hamkorligini kuchaytirish, tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, yosh fermerlarning erishgan yutuqlarini ommalashtirish, ular faoliyatida uchrayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish va yechimi yuzasidan aniq maqsadli tadbirlar belgilash, yutuqlarga erishgan ilgʻor fermerlarning tajribasi bilan tanishtirishdan iborat boʻldi.   

Ayni paytda mamlakatimizda 160 mingdan ortiq fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, shundan 5847 nafarini yaʼni 3,6 foizini yosh fermerlar tashkil etadi.

Forumda Republikamizning barcha tumanlaridan 700 dan ortiq yosh fermerlar, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Z.Mirzayev, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi B.Yusupov kirish soʻzlari bilan, shuningdek sohaga oid 15 dan ortiq tashkilotlar va tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.

Forumda  Jizzax viloyatidan “Anvar A” fermer xoʻjaligi rahbari, Oʻzbekiston Qaxramoni A. Eshmatov, Fargʻona viloyatidan “Nurli obod” fermer xoʻjaligi rahbari L.Muratova, Surxondaryo viloyatidan “Abdurahmon-Abdugʻaffor Davr” fermer xoʻjaligi rahbari A.Axmedov,  Andijon viloyatidagi sut mahsulotlarini qayta ishlovchi “Rash Milk” korxonasi rahbari R.Mirzayevlar yosh fermerlarga oʻz hayotiy tajribalaridan hikoya qilib mahorat darslarini oʻtkazishdi.

Tadbir doirasida 60 dan ortiq yosh fermerlar tomonidan yetishtirilayotgan va qayta ishlanayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi, shuningdek Toshkent Davlat agrar universiteti va Toshkent Irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutlari olimlarining  yangi ilmiy ishlanmalari hamda innovatsion gʻoyalari namoyish etildi. Bu jarayonda yosh fermerlar bilan olimlarning oʻzaro hamkorligi yoʻlga qoʻyildi.

Forumda boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda ishtirokchilar tomonidan 100 dan ortiq dolzarb masalalar, taklif va tavsiyalar bildirildi. Koʻtarilgan dolzarb masalalarning aksariyatiga mutasaddi tashkilot rahbarlari tomonidan asoslantirilgan javoblar berildi.

Tadbirda yangi ishlab chiqilayotgan “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi nizom keng muhokama qilinib, yosh fermerlar tomonidan ham bu hujjatga qator takliflar berildi.

Anjuman doirasida AT “Xalqbank” va AT“Ipotekabank” bilan hamkorlikda naslli chorvachilik hamda baliqchilikni rivojlantirish uchun  900 mln soʻmlik imtiyozli kreditlar olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.

Forum ishtirokchilari 4 ta sektorga boʻlingan holda tajriba almashdilar. Birinchi sektor meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash yoʻnalishi boʻlib, u Yuqori Chirchiq tumanidagi “Marwin Brands” korxonasida oʻtkazildi. Ikkinchi sektor chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash yoʻnalishiga bagʻishlandi, u  Toshkent tumanidagi “Toʻxtaniyoz ota” fermer xoʻjaligida boʻlib oʻtdi. Uchinchi sektor  aʼzolari bogʻdorchilik va issiqxona yoʻnalishida  Toshkent Davlat agrar universiteti hamda M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tekshirish institutida tajriba almashdilar.

Toʻrtinchi sektor  texnika va texnologiyalar yoʻnalishiga bagʻishlandi va Toshkent traktor zavodiga agrobiznes sayohatlar uyushtirildi.

Tadbirda bildirilgan takliflar, koʻtarilgan dolzarb masalalar yuzasidan kelib chiqib, yosh fermerlar faoliyatini yanada rivojlantirish va yoshlarni fermerlik harakatiga yanada keng jalb qilish maqsadidagi takliflar ishlab chiqildi.

ILYOS SAFAROV,

Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi matbuot kotibi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.