Insoniyat mavjudligining muhim shartlaridan biri- bola tarbiyasi hisoblanganligi bois, u dunyoga kelmasdanoq tarbiyaviy tadbirlar boshlab yuboriladi.
Shunday boʻlsa-da jamiyatda xulq-atvorida salbiy illatlarga moyil, ijtimoiy meʼyorlarni qabul qilolmaslik xohishi, hatti-harakatlarini nazorat qila olmaydigan bolalarni uchratamiz. Ularni tabiatan shunday xulq-atvorga ega deb, eʼtibordan chetda qoldirish yoki chora-tadbirlar ishlab chiqmaslik jamiyat uchun kattadan-katta yoʻqotishlarga olib keladi. Shu bois tarbiyasi va xulq-atvorida oʻzgarishi boʻlgan bolalarga yordam koʻrsatuvchi kishilar psixologlar, pedagoglar hisoblanadi. Chunki tarbiyasi qiyin bolalarda bir qator oʻziga xos tipik illatlar kuzatiladiki, ular:
- ota-onalar, pedagoglar va boshqa katta yoshdagilar bilan munosabatda
- oʻrtoqlari, sinfdoshlari va boshqa tengdoshlari bilan munosabatda
- oʻziga munosabatda va oʻzini oʻzi tushunishda
- ichki yagonalik, boshqalar bilan doʻstlasha olmasligi
- oʻqishdagi qiyinchiliklarni boshdan kechiruvi kabi tipik illatlar kuzatiladi.
Ushbu illatlardan bolalarni xalos etish yoki ularning oldini olish uchun qanday psixologik-pedagogik yordam koʻrsatish mumkin?!
Uylaymizki, tarbiyasi qiyin bolalarga psixologik-pedagogik yordam koʻrsatishning oʻziga xos tartibi boʻlish kerak. Bugungi kun psixologik-pedagogik tajribalar tarbiyasi qiyin bolalarga yordam koʻrsatish uchun quyidagi tartibda ish tutishni taqazo etmoqda:
- Yosh jihatlariga qarab proflaktika va psixokorreksiya ishlarni boshlash talabi.
Chunki, tarbiyasi qiyin bolalarga oʻsmirlik yoshiga xulqdagi buzilishi qatʼiy shakllangan bir davrda proflaktik va korreksion tadbirlarga qoʻl uriladi. Aslida xulq-atvorida rish yaqqol namoyon boʻlgan davrida unga chora koʻrishni kutib oʻtirmaslik lozim. Shu bois boshlangʻich maktab yoshdayoq maqsadli proflaktika va psixokorreksiya ishlarini boshlash maqsadga muvofiq. Balki undanda oldin.
- Ishni differensial va individual tashkil etish.
Bunda bolalarning tarbiyaviy-proflaktik jarayonda yosh va jinsiga qarab differensial hamda ularni har birini individual xususiyatlarga qarab ishni rejalashtirish.
- Yordam faoliyatida xilma-xillikni taʼminlash, yaʼni vaziyat, shart-sharoitga qarab usullar, vositalardan keng foydalanish.
- Insoniylik munosabati bilan yondoshish.
Bolalar bilan ishlayotganda ularni har bir toifasiga qanday millatga xosligi, dunyoqarashi, dinidan qatʼiy nazar uning qiziqishlarini hisobga olib, unga ochiq koʻngillik va oʻziga ishonch ortirish yoʻli bilan munosabat oʻrnatish lozim.
- Mintaqaviy xususiyatlarni hisobga olish.
Tarbiyasi qiyin bolalar bilan tarbiviy-proflaktik tadbirlarni oʻtkazish jarayonida ularni ijtimoiy—madaniy va iqtisodiy vaziyatlarga tayanib, u tashkil etilayotgan mintaqaning xususiyatlarini hisobga olish lozim.
Albatta, yuqorida sanab oʻtilgan talablar umumiydir, ammo tarbiyasi qiyin bolalar bilan ishlayotgan vaqtda ularga psixologik-pedagogik yordam koʻrsatish uchun bir qator uslub va amallardan foydalanishni bilish lozim.
Tarbiyada taʼsir koʻrsatish usullariga yaʼni taqdirlash va jazolash yoʻllariga alohida eʼtibor beriladi. Tarbiyasi qiyin bolalar bilan ishlash jarayonida ham pedagog-tarbiyachilar ulardan samarali foydalanishlariga toʻgʻri keladi. Taqdirlash bola xatti-harakatlarida ijobiy sifatlarni tarkib topishi va mustahkamlanishi uchun, jazolash esa ixtiyor etilmaydigan salbiy xususiyatlarni oldini olish va ulardan ogoh etish maqsadida foydalaniladi. Jazolash adolatli va bolaning shaxsini kamsitmagan holda samarali tashkil etilishi zarur.
Tarbiyaviy vositalar orasida tarbiya amallari borki, ularni samarali qoʻllash ijobiy natijalarga olib keladi.
Tarbiya amallari tarbiya uslublarining tarkibiy elementlari boʻlib, ular bolaga taʼsir samaradorligini taʼminlashga yordam beradi. Biz tarbiyasi qiyin bolalar bilan ishlash jarayonda mutaxassislar bir qator tarbiya amallaridan foydalanishlari oʻrinlidir deb hisoblaymiz.
Tarbiya amallari
Bizning izlanishlarimiz va kuzatishlarimiz tarbiya amallarini maqsad va yoʻnalishidan kelib chiqqan holda ularni quyidagi uch guruhga ajratishimiz.
Birinchi guruhga tarbiyachining tarbiyalanuvchiga murojaat etishi orqali uning shaxsiy ehtiyojlarini aniqlash yordamida tashkil etiladigan amallar.
Bu amallar toifasiga yordam koʻrsatishga ehtiyojni aniqlash kiradi. Tarbiyachi tarbiyalanuvchiga maslahat maʼnosida murojaat qilib, oʻz muammolari haqida soʻzlab berishini soʻraydi va shu asnoda muammoning yechish yoʻllarini topadi.
Yaxshi xatti-harakatlarga yoʻnalish berish amalidan tarbiyachilar tarbiyalanuvchilarga yordam zarur boʻlganda koʻmak beradilar. Bunda ijobiy xatti-harakatlarga alohida urgʻu beriladi.
Hayot istiqbolini belgilashga koʻmaklashish amali. Pedagog suhbat jarayonida tarbiyalanuvchining hayot rejalariga aniqlik kiritadi. Shundan soʻngra tarbiyalanuvchining rejalarini amalga oshirishiga koʻmak beriladi.
Oʻzi va boshqalar haqida soʻzlab berish amali. Tarbiyalanuvchiga oʻtgan kunlari haqida hikoya yozish tavsiya etiladi. Shundan soʻngra ularga boshqacha yashash mumkinligi haqida suhbatlashiladi.
Mening idealim. Suhbat jarayonida tarbiyalanuvchilarning ideali aniqlanadi va uning ijobiy axloqiy sifatlari ajratilib baholanadi.
Tarbiyalanuvchilar uchun ertak. Bu ertakterapiya gʻoyalarini bajarish uchun foydalaniladi. Tarbiyachilar qahramonlar tarbiyalanuvchilarga va ularning atrofdagilariga oʻxshagan kishilar ishtiroki toʻgʻrisida ertak tuzadilar. Ertak oxirida pedagog va oʻquvchilar oʻzaro mulohaza yuritadilar.
Ikkinchi guruhga guruhiy faoliyatni tashkil etishga asoslangan tarbiya amallarini kiritish mumkin.
Ushbu toifa tarbiya amallaridan biri fikrlar estafetasi boʻlib, oʻquvchilar berilgan mavzu boʻyicha zanjirsimon tarzda biridan keyin ikkinchisi soʻzlaydi, bir-birini toʻlgʻazadi, aniqlik kiritiladi.
Oʻzini oʻzi ruhlantirish amali. Oʻquvchilar guruhlarga ajralib, bir-biriga maʼlum savollar bilan murojaat qiladilar, Berilgan savol va javoblar solishtirilib, soʻngra muhokama qilinadi.
Erkin mavzuda suhbatlashish amali. Bunda har bir tarbiyalanuvchi oʻzi qiziqadigan biror mavzu boʻyicha hikoya tuzadi va guruhdagilarga hikoya qilib beradi.
Uchinchi guruhga oʻqituvchilarning oʻquvchilarga atrofidagi muhitni oʻzgartirishga yoʻnaltirilgan tashkiliy faoliyatlariga qaratilgan amallar kiritiladi.
Koʻrsatma berish amali. Tarbiyalanuvchilarga muomalaga va xulq-atvor qoidalariga tayanib, berilgan topshiriqlarni bajarish soʻraladi. Tarbiyalanuvchilar oʻyin qoidalariga muvofiq oʻz mulohazalarini bildirishlari mumkin. Takliflar jarayonida har bir tarbiyalanuvchining mavqeini himoyalash inobatga olinadi.
Rollarni taqsimlash amali. Ushbu tarbiya amalida tarbiyalanuvchilar berilgan mavzuni bilishiga qarab rollar taqsimlanadi va ular topshiriqni bajarishi soʻraladi.
Bundan tashqari uchinchi guruhda topshiriqlarga tarbiyalanuvchilar ijodiy yondashtirish maqsadida har xil obrazli oʻyinlar tarzidagi amallardan foydalanish mumkin.
Umuman bola tarbiyasida har bir kichkintoyga shaxs sifatida qarab, fazilatlaridan kelib chiqib amallarni bajarishga yoʻnaltirish, har biriga eʼtiborni kuchaytirish va amallar doirasini kengaytirish lozim.
Orif Avlayev, Toshkent Davlat Agrar universiteti dotsenti
Oilada sogʻlom muhitni yuksaltirish, ajdodlarimizning oila masalasidagi qadriyatlarini targʻib qilish maqsadida saytimizdagi «Ahil oila maktabi» loyihasining uzviy davomi “Oila-maktab-jamiyat” loyihasi tashkil etildi.