Oʻzbekiston Milliy universiteti madaniyat saroyida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” kasbiy koʻrik tanlovining Toshkent shahar bosqichi oʻtkazildi.
Ushbu koʻrik-tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyundagi “Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3787-son qarorida belgilab qoʻyilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida har 2 yilda tashkil etiladi.
Tadbir uch bosqichda oʻtkazilmoqda. “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” kasbiy koʻrik tanlovining tuman bosqichlarida 70 nafar ijtimoiy xodim ishtirok etdi. Birinchi bosqichlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 11 nafar opa-singillarimiz Toshkent shahar bosqichida Respublika bosqichiga yoʻllanma olish uchun doʻstona, sogʻlom raqobat asosida oʻzaro kurash olib borishdi.
Koʻrik tanlov davomida mamlakatimizda tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati hamda ijtimoiy xodimlarning kasbiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yakka yolgʻiz hamda yolgiz istiqomat qiluvchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻlami eʼtirof etildi.
2017–2021 Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam va xizmat koʻrsatish boʻyicha maqsadli ishlar amalga oshirilgani alohida qayd etildi.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Toshkent shahar boshqarmasidagi 70 nafar fidoyi, oqila, zukko, mehribon ijtimoiy xodimlar 600 nafardan ziyod alohida roʻyxatga olingan, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yakka yolgʻiz hamda yolgʻiz istiqomat qiluvchi pensioner va nogironligi boʻlgan shaxslarning holidan xabar olib, ularning uyida ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatishmoqda.
Tanlovning birinchi, yaʼni tanishtiruv shartida ishtirokchilar oʻzlari haqida hamda oʻz kasbiy faoliyatlari orzu-umidlari, intilishlari va oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari xususida aytib oʻtishdi.
Ikkinchi shartda esa savol-javob orqali ijtimoiy xodimlarning mamlakatimizdagi tub islohotlar, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar haqidagi tushunchalari, siyosiy-huquqiy, kasbiy bilimlari sinovdan oʻtkazildi.
Uchinchi shart erkin-ijodiy yoʻnalishda boʻlib, ishtirokchilar sheʼr, gʻazal, qoʻshiq, raqs ijro etishdi. Oila-jamiyat-kasb uygʻunligida milliy qadriyatlar aks etgan sahna koʻrinishlarini qiziqarli tarzda namoyish qilishdi.
Mazkur bellashuv jarayonlari, koʻrik tanlov shartlari va ijtimoiy xodimlarning sohaga oid bilimlari, normativ hujjatlarni bilish darajasi hamda zukkoligi nufuzli hakamlar hayʼati tomonidan munosib baholab borildi. Oʻz ishida, oila va jamiyatda faol va tashabbuskor ijtimoiy xodimlarning yuksak hamda masʼuliyatli mehnatlari eʼtirof etildi.
Barcha shartlarda faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan 1.2.3-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar hamkor tashkilotlarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbirda Toshkent shahar hokimiyati, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent shahar kengashi, Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash Bosh boshqarmasi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Toshkent shahar boshqarmasi hamda Boshqarmaning tuman boʻlimlari vakillari, Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anvar QOBILOV