Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor, oʻtgan asrda oʻzbek tarjimashunoslik ilmining yuksalishiga munosib hissa qoʻshgan Gʻaybulloh as-Salomning «Tanlangan asarlar»i, «Tarjima sanʼati» maqolalar toʻplamining 7-kitobi hamda «Gʻaybulloh as-Salom zamondoshlar xotirasida» toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid olib bordi.
Unda Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, atoqli tarjimon va adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Tarjima kengashining raisi Zuxriddin Isomiddinov, filologiya fanlari doktori Sultonmurod Olimov, “Jahon adabiyoti” bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, Gujum. uz cayti rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova, olima Roviya Abdullayeva va boshqalar soʻzga chiqdi.
– Oʻzbek tarjimashunosligi qadimiy va ushbu yoʻnalishda adabiyotimizda goʻzal izlar qoldirgan koʻplab ulugʻ saʼatkorlar oʻtgan. Gʻaybulla aka Salomov oʻtgan asrda “Tarjimashunoslikka kirish” , “Tarjimashunoslik asoslari” kabi koʻplab nazariy, ilmiy darsliklar yozib, oʻzbek tarjimashunosligiga beqiyos hissa qoʻshdi. Tarjimashunoslik fanining buyuk zargari darajasiga yetdi, Ijodiy faoliyati, fanga va shogirdlarga jonkuyarligi yoshlarimiz uchun ibrat maktabi boʻla oladi, – dedi Ibrohim Gʻofurov ilmu fanga qoʻshgan hissasini bir-bir sanab oʻtdi va goʻzal tashbehlar bilan xotirladi.
Ustoz sanʼatkorning asarlarini nashrga tayyorlagan ijodiy guruhga rahbarlik qilgan taniqli olim, tarjimon Zuxriddin Isomiddinov oʻz soʻzida Gʻaybulla Salomovning «Tanlangan asarlar»i, «Tarjima sanʼati» maqolalar toʻplamining 7-kitobi hamda «Gʻaybulloh as-Salom zamondoshlar xotirasida» asarlarining yaratilishiga alohida toʻxtaldi:
– Tarjima ilmini oʻzbek adabiyotshunosligining muhim bir tarmogʻiga aylantirgan ustoz Gʻaybulla aka Salomov oʻtgan asrning oltmishinchi yillaridan “Tarjima sanʼati” toʻplamlarini nashr ettirishga bosh-qosh boʻldi. Ustoz hayotligida ushbu asarlarning olti kitobini chop qildirgan edi. Biz ustoz ishini davom qildirib, «Tarjima sanʼati» maqolalar toʻplamining 7-kitobini chop qildirdik – deya taʼkidladi, – Albatta, oʻtgan 20 yil ichida tarjima adabiyotimizning gnografiyasi kengaydi. Oʻnga yaqin tillardan bevosita tarjima qilishga oʻtildi. Jahon adabiyotining yuzlab sara asarlari ona tilimizda paydo boʻldi. Domlaning shogird va nevara shogirdlari bugun ayni sohada qizgʻin faoliyat yuritiib kelishyapti, – deya taʼkidladi.
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Axmadjon Meliboyev ham shogirdlik ehtiromini bildirdi: – Taniqli tarjimashunos, ustozimiz Gʻaybulla aka deyarli yarim asrlik faaoliyatida koʻplab shogirdlar tayyorladi. Oʻzbek tarjimashunosligi jarayonlarini teran tahlil, tadqiq va talqin etib goʻzal asarlar bitdi. Chingiz Aytmatov asarlarini tarjima qilishimda qoʻllab quvvatlab, yoʻllanmalar berdi,
Taniqli olim Sultonmurod Olimov esa minglab shogirdlar tayyorlagan ustozning oʻzbek tarjimachiligidagi oʻrniga, shogirdlariga boʻlgan eʼtiboriga, insoniy fazilatlariga alohida toʻxtaldi,
Raʼno Zaripova “Tarjima sanʼati va tarjimon mahorati” mualliflik kitobi haqida gapirib, uning yaratilishida ustoz Gʻaybulla aka Salomovning munosib xizmatlari borligini taʼkidladi.
Tarjimashunos olimning qizi Nazira Salomova tadbir tashkilotchilariga va ishtirokchilariga oʻz minnatdorligini bildirdi.
Samimiy fikrlarga fikrlar va ehtiromlarga ehtiromlar ulandi. Tadbir qizgʻin va goʻzal adabiiy muhitda oʻtdi.
R. Sapoyeva tayyorladi. Fotolar muallifi — Ahmad Toʻra.