Oʻzbek xalkining atokli shoiri Omon Matjon vafot etdi

0
926
marta koʻrilgan.
 2020 yilning 28 oktyabridan 29 oktyabriga oʻtar kechasi Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Omon Matjon 77 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi.
 
Omon Matjon 1943 yil 14 fevralda Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tugʻildi. 1969 yili Samarqand davlat universitetini tamomladi.
 
U oʻzining ijodiy va mehnat faoliyatini 1969 yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir sifatida boshladi. Keyinchalik «Yoshlik» jurnali bosh muharriri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni masʼul xodimi, Davlat matbuot qoʻmitasi (hozirgi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) raisining oʻrinbosari, “Choʻlpon” nashriyoti direktori hamda “Gulxan” jurnali bosh muharriri lavozimlarida samarali mehnat qilib, milliy adabiyotimiz va matbuotimiz ravnaqiga katta hissa qoʻshdi.
 
Omon Matjon oʻzining badiiy yuksak sheʼr va dostonlari, dramatik asarlarida ona yurtimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuygʻusini katta mahorat bilan tarannum etdi. Uning sermazmun asarlari xalqchilligi va hayotiyligi bilan adabiyotimiz xazinasidan munosib oʻrin egalladi.
 
Isteʼdodli shoir qariyb 60 yillik ijodiy faoliyati davomida “Ochiq derazalar”, “Karvon qoʻngʻirogʻi”, “Quyosh soati”, “Yonayotgan daraxt”, “Yarador chaqmoq”, “Haqqush qichqirigʻi”, “Seni yaxshi koʻraman”, “Daraxtlar va giyohlar”, “Oʻrtamizda birgina olma”, “Odamning soyasi quyoshga tushdi”, “Qush yoʻli”, “Iymon yogʻdusi”, “Diydor aziz”, “Haloskor ruh” singari sheʼriy toʻplamlari, “Najmiddin Kubro”, “Gaplashadigan vaqtlar”, “Choʻldagilar”, “Ming bir yogʻdu” kabi dostonlari, “Toʻrabekxonim” nasriy asari hamda “Ardaxiva” maʼrifiy badiasini yaratdi. Jahon adabiyotining Fridrix Shiller, Sharl Bodler, Yevgeniy Yevtushenko, Rasul Hamzatov, Shandor Petefi, Yustinas Marsinkyavichyus, Berdi Kerboboyev, Ibroyim Yusupov singari mumtoz va zamonaviy namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan oʻziga xos ijodiy maktab yaratdi. Uning turli janrlardagi asarlari dunyoning bir qator tillariga tarjima qilindi.                                     
Shoirning 2000 yili “Avesto”ning 2700 yilligiga bagʻishlangan “Ardaxiva” asari chop etildi.
Mustaqillik yillarida shoirning ijodiy va ijtimoiy faoliyati yanada yorqin namoyon boʻldi. Vatanimiz ozodligini, xalqimizning erkin va obod hayotini tarannum etadigan bir qancha yangi sheʼriy va nasriy asarlari, shonli tariximiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylashga bagʻishlangan kitob va risolalari keng jamoatchilik oʻrtasida katta qiziqish uygʻotdi.
 
U tajribali ijodkor, jonkuyar tashkilotchi sifatida koʻplab yosh isteʼdod egalariga ustozlik qildi.
 
Omon Matjonning oʻzbek adabiyoti va sanʼatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston xalq shoiri”, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.
 
Atoqli shoir, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Omon Matjonning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
 
Gujum. Uz tahririyati nomidan Oʻzbekiston xalk shoiri Omon Matjon vafoti munosabati bilan uning oila aʼzolari, yakinlari va muxlislariga taʼziya bildiramiz.
 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.