Oʻzbek yengil atletikasi tarixida  ilk bor «Navroʻz» xalqaro yarim marafoni

0
180
marta koʻrilgan.

Poytaxtimizda oʻzbek yengil atletikasi tarixida  ilk bor «Navroʻz» xalqaro yarim marafoni tashkil qilindi. Unda 28 mamlakatdan 1700 nafarga yaqin atlet gʻoliblik uchun bahs olib bordi. 

Bellashuv 2 xil masofada tashkil qilindi. Dastavval, 21 kilometr masofaga yuguruvchilar startga chiqishdi. Oʻn daqiqa oʻtgach 5 kilometr masofaga yugurishni ixtiyor etganlar bahslarni boshlashdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Osiyo yengil atletika federatsiyasi rahbari Daxlan Al Hamad  qatnashib, u oʻz tabrigida  marafon sogʻlom turmush tarziga oʻrgatish bilan birga  sportning ushbu turi yanada yuksalayotganidan dalolat ekanini  taʼkidladi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi nomidan Bosh kotib Jasur Matchanov barchani navroʻzi ayyom bilan tabriklab, marafon ishtirokchilariga omadlar tiladi.

Xalqaro musobaqa maqomida ilk bor oʻtkazilayotgan mazkur yirik sport tadbiriga qiziqish katta boʻldi. Unga  yurtimizdan va koʻplab boshqa mamlakatlardan  2500 ga yaqin sportchilar tashrif buyurdi.

Marafonda havaskorlar qatorida  nomdor sportchilar ham oʻz omadini sinab koʻrishdi. Jumladan, ular orasida taekvondo boʻyicha jahon chempioni Dmitriy Shokin, boks boʻyicha Osiyo oʻyinlari chempioni va ayni paytda professional boksda yorqin janglar olib borayotgan Isroil Madrimov kabi  sportchilar ham bor.

Erkaklar oʻrtasidagi bellashuvda 21 kmlik marra chizigʻini birinchi boʻlib xitoylik sportchi Li Yang kesib oʻtdi. Qirgʻizistonlik Adilet Kishtambekov va hamyurtimiz Andrey Petrov ikkinchi va uchinchi oʻrinni egallashdi.

Ayollar oʻrtasida esa qirgʻizistonlik Darya Maslova birinchi mukofotni qoʻlga kiritdi. Hamyurtlarimiz Sitora Hamidova hamda Yekaterina Tunguskova mos ravishda ikkinchi va uchinchi boʻlib finishga yetib kelishdi.

Erkaklar oʻrtasidagi 5 kmlik bahsda Otabek Toshquvvatov marra chizigʻini birinchi boʻlib kesib oʻtdi. Qizlar oʻrtasida esa Azizaxon Mirzaakbarovaga teng keladigani topilmadi. 

Mehmonlar va ishtirokchilarga “Navroʻz” shukuhini ulashish maqsadida sayl ham uyushtirildi.

J. SAʼDULLAYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.