Oʻzbekiston delegatsiyasi Haj va umra ishlari vaziri bilan uchrashdi

0
104
marta koʻrilgan.

2023 yil 8 yanvar kuni Jidda shahrida Oʻzbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi rahbariyati oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Muloqotda Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari va Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev ishtirokida oʻzaro aloqalarning istiqbollari hamda 2023 yilgi haj mavsumini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi hamkorlik bosqichlari, haj va umra tadbirlarini tashkil etish rivojlanib borayotgani, soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalar taraqqiy etayotgani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil avgust oyida ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga borishi hamkorlik munosabatlarini yanada yuksak darajaga koʻtarishga xizmat qilayotgani alohida qayd etdi.

Shuningdek, Muzaffar Komilov Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiaga nufuzli anjumanga taklif etgani va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mazkur tashrif natijasida hamkorlik munosabatlarini yanada takomillashtirish asosiy maqsad ekanini maʼlum qildi.

Vazir janoblari soʻnggi yillarda Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqanini eʼtirof etdi.

Shuningdek, vazir Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun Oʻzbekistonga safar qilishda vizasiz tizim joriy etilgani juda katta yengillik ekanini taʼkidlash barobarida ushbu imkoniyatlarni Saudiya Arabistonida keng targʻib etish yaxshi natija berishini bildirdi.  

Uchrashuvda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari va Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev haj va umra ziyoratchilariga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish borasida oʻz fikr-mulohazalarni taqdim etdilar.

Muzokaralarda Madina shahridagi Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam siyratlariga oid innovatsion muzey kabi Samarqand viloyati Imom Buxoriy majmuasida ham mazkur buyuk muhaddis hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey barpo etish ishlari jadal davom ettirilayotganini bayon qilindi. Oʻz navbatida vazir janoblari ushbu muzeyning ochilish marosimiga borish niyatida ekanini maʼlum qildi.

Muloqot yakunida tomonlar sovgʻalar topshirdilar va esdalik uchun suratga tushdilar. 

                                                                                                                   Manba yuz.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.