2019 yilgi Jahon musulmon sayyohlari reytingida, Oʻzbekiston IHTga aʼzo mamlakatlar orasida musulmon sayyohlarni jalb qilayotgan eng jozibador oʻnta mamlakat qatoridan oʻrin oldi, deya xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.
Bu haqda Singapurning CrescentRating xalqaro reyting agentligi va Mastercard tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Global Muslim Travel Index 2019 hisobotida qayd etildi. Ushbu oʻntalikka, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Malayziya, BAA va Indoneziya kabi musulmon mamlakatlar kirgan.
Taʼkidlab oʻtish lozimki, oxirgi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy mamlakat fuqarolari uchun viza tartibini liberallashtirish va qator mamlakatlarga vizasiz rejimning joriy qilinishi Oʻzbekisonning jahon turizm bozorida jozibadorligini yanada orttirdi.
Global Muslim Travel Index 2019 reytingini tuzishda mamlakatlarning iqlimi, xavfsizligi, iqtisodiyoti, transport infrastrukturasi va koʻrsatiladigan xizmatlar kabi omillar hisobga olingan.
Yuqoridagi omillarni inobatga olib, mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish, jumladan, yangi yoʻnalishlarda aviaqatnovlar sonini oshirish, transport va turizm xizmatlari narxlarini moʻtadillashtirish, musulmon mehmondoʻstligi talablariga javob beradigan mehmonxonalar va turizm xizmatlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar Oʻzbekistonning keyingi yillardagi Global Muslim Travel Index reytingidagi oʻrnini yanada koʻtarish va mamlakatimizga tashrif qilayotgan sayyohlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 5 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan mamlakatimizda ziyorat sayyohligi turizmning istiqbolli turlari qatoriga kiritilgan.