“Oʻzbekiston havo yoʻllari” chipta narxlari nega qimmatligi boʻyicha javob berdi. Sizningcha, javoblar qanchalik asosli?

0
292
marta koʻrilgan.
Avval xabar berganimizdek, uza.uz internet sayti “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasiga aholi qiziqtirgan bir qancha savollar bilan murojaat qildi. Aviakompaniya ularga 7 kun ichida javob qaytardi. Biz ularni sizga oʻzgartirmagan holda havola etamiz. Kompaniya javoblaridan qoniqmaganimizni va “Turk havo yoʻllari”ning ayni savollarga javoblari bilan ham sizni tanishtirishimizni maʼlum qilamiz.
 
– “Oʻzbekiston havo yoʻllari”ning chiptalari narxi boshqa xalqaro aviakompaniyalarnikiga nisbatan ancha qimmat va mavsumiy yirik chegirmalar kuzatilmaydi, nima uchun?
 
– Aviaqatnovlar klasslariga aviabiletlarni bron qilish tizimining ancha murakkabligini hamda biznes va iqtisod klasslaridan tashqari yanada koʻproq turlarni oʻz ichiga olishini koʻpchilik yoʻlovchilar bilmaydi.
 
Mazkur tizim oʻz ichiga eng arzondan tortib, eng qimmatgacha, 12 ta (oʻn ikkita) tarifni oladi, barcha aviatashuvchilarda ham shunday tizim mavjud.
 
Har bir klass uchun aviabiletlar narxi, qoidaga koʻra, oldindan tasdiqlanadi va narx keyinchalik oʻzgarmaydi. Aviabilet narxining oshishi deb tuyulgan narsa, aslida, biletlarni past tariflarda sotib olinishi bilan bogʻliq. Mazkur fakt xaridorlarni chalgʻitadi va ular aynan narx oʻsib bormoqda, deb oʻylashadi.
 
Istanbul yoʻnalishi oʻzbekistonlik yoʻlovchilar orasida katta talabga ega boʻlib, biletlar qatnovdan ancha oldin sotib boʻlinadi. Butun dunyoda boʻlgani kabi, chiptalarni eng arzon narxlarda (bu esa odatda eng past klass) sotib olish uchun, ularni sayohat vaqtidan kamida 3-4 oy oldin xarid qilish lozim. Agar safar kurort mavsumiga rejalashtirilgan boʻlsa, undan ham avvalroq harakat qilish kerak boʻladi. Tabiiyki, agar yoʻlovchi yaqin muddatdagi reys uchun bilet sotib olishni xohlasa, unga faqat eng qimmat klasslarnigina taklif etadi, boisi eng arzonlari tez sotilib ketadi.
 
Milliy aviakompaniyada mavsumiy chegirmalar yoʻq, degan tushuncha nooʻrindir. Muayyan davrlarda (parvoz yoʻnalishi, talab va qatnovning mavsumiyligiga qarab), MAK qimmat klasslarni bronlashning maʼlum bir qismini arzonroq tarifga oʻzgartiradi va bu ularning narxini pasayishiga olib keladi. Natijada, aksariyat yoʻlovchilar biletlarni minimal narxlarda sotib olish imkoniyatini qoʻlga kiritadi, bu esa chegirma bilan tenglashtirilgan.
 
– Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, “Turk havo yoʻllari” Toshkent- Istanbul chipta narxlarini qoʻshni davlatlarniki kabi arzonlashtira oladi, ammo “Oʻzbekiston havo yoʻllari” orasidagi bitimlar koʻrsatiladigan xizmatlar va yoqilgʻi 3-4 barobar qimmat boʻlgani uchun Toshkent-Istanbul, Toshkent-Antaliya yoʻnalishlari qimmatlab ketadi. Bu maʼlumot qanchalik asosli?
 
– Avvalo, shuni aytish lozimki “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi “Turk havo yoʻllari” aviakompaniyasining ichki narxlash tizimi bilan bogʻliq hech qanday maʼlumotga ega emas. Biroq, Turkiya aviakompaniyasi tijorat tashkiloti boʻlib, uning asosiy maqsadi foyda olish ekanini taʼkidlash lozim. Yaʼni, boshqa har qanday tijorat kompaniyasi kabi uning faoliyat shartlarini ham bozor belgilaydi.
 
Turk aviakompaniyasining Istanbul-Toshkent-Istanbul yoʻnalishidagi qatnovlarga aviabilet narxlarini ushlab turilishining sabablari turlicha boʻlishi mumkin va ular har doim ham aviatsion yoqilgʻi va yerusti xizmati narxiga bogʻliq boʻlmaydi. Bugungi kunda “Turk havo yoʻllari” samolyotlariga yerusti xizmatining narxi Turkiya aeroportlarida MAK havo laynerlariga (xizmat koʻrsatilayotgan samolyot tipiga qarab) koʻrsatiladigan xizmat narxi bilan bir xil darajada oʻrnatilgan. Yoqilgʻi narxining koʻtarilishiga keladigan boʻlsak, Milliy aviakompaniyaning yoʻlovchi aviaqatnovlarini narxlash siyosati bu omilni muqobillashtirish va aviabiletlar narxini oshirmaslikka imkon berdi. Har bir aviakompaniya teng bozor sharoitida uni moliyaviy zararga olib kelmaydigan va mijozlarining talabini qondirishga imkon yaratadigan optimal yechimlarni izlaydi.
 
Buning yana bir sababini, Yevropa aviatashuvlar bozorini toʻldirib turgan loukosterlar bilan bogʻliq ham deb taxmin qilish mumkin. Misol uchun, faqat Ryanair (Irlandiyaning jahondagi eng katta va eng qadimgi aviakompaniyalardan biri) Oʻzbekistonning barcha aholisini yil davomida uch martadan ortiq tashish imkoniga ega. Bunday aviatashuvchilarga yuqori tariflar bilan raqobatchi boʻlish deyarli mumkin emas. Natijada, mazkur yoʻnalishda “Turk havo yoʻllari” qatnovlarida parvoz qilishni arzonlar qatoriga kiritish mumkin.
 
– Nima uchun Istanbulga Chimkent va boshqa qoʻshni davlatlar orqali uchish arzonroq? Toshkentdan uchish nega qimmatga aylanadi?
 
– Avvalambor, Toshkentdan Istanbulga parvozlar narxini Chimkentdan parvoz qilish bilan solishtiramiz (bir xil klasslarni bron qilganda):
 
 
 
Shuni taʼkidlash joizki, MAK yoʻlovchilarga chiptalarni qaytarish va parvoz vaqtini oʻzgartirish imkoniyati kabi “keng” xizmat turlarini taqdim etadi. Chimkentdan Istanbulga eng past klassda uchib ketadigan yoʻlovchilar uchun bunday imkoniyat mavjud emas. MAK qatnovlarida Istanbuldan istalgan klassda keladigan yoʻlovchining 30 kilogramm oʻlchamli pulsiz yuk limitini muhim omil, deb qarash mumkin. Chimkentdan parvoz qiluvchi qatnovlardagi 10 kilogrammlik yukning pullik ekvivalenti farqi uyiga narsa va sovgʻalarni sotib olishni istagan yoʻlovchilarga moliyaviy jihatdan sezilarli taʼsir koʻrsatadi.
 
Chimkent-Istanbul-Chimkent charter qatnovlari va ularning muntazam qatnovlarga nisbatan arzonligini alohida taʼkidlash lozim. Bunday qatnovlarni narxlash siyosati, odatda past narxlarni nazarda tutadi. Chunki, chiptalar narxi sayyohlik operatori tomonidan turpaketlarga kiritiladi. Parvozdan koʻriladigan foyda ushbu turning narxiga kiritiladi. Bizning holatda charter qatnovlarini raqobatlashadigan qatnovlar, deb hisoblay olmaymiz. Xuddi shu narsani toʻxtab oʻtuvchi qatnovlarga nisbatan ham aytishimiz mumkin.
 
Mazkur qatnovlar noqulayligi va davomiyligi sababli ommalashmagan va arzon hisoblanadi.
 
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi parkiga alohida eʼtibor qaratish lozim. Samolyotlar parkining oʻrtacha yoshi atigi 10 yilni tashkil etadi va doim yangilanib boradi. Bugun MAK belgisi ostida uchta zamonaviy Boeing-787 (Dreamliner) samolyotlari parvoz qilmoqda va qisqa vaqt ichida yana uchta samolyot keltirilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekiston aholisi muqobil ravishda foydalanayotgan qoʻshni mamlakatlar aviatashuvchilarining samolyotlar parki ancha eskirgan. Misol uchun, Chimkent-Istanbul aviaqatnovlarini amalga oshiruvchi samolyot taxminan 18 yildan ortiq vaqt davomida ekspluatatsiya qilinmoqda (www.planespotters.net tijorat aviatsiya onlayn maʼlumotlar bazasi maʼlumotiga koʻra). “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi hukumati koʻmagida aviatashuvchini tanlashda rad etib boʻlmas omil, yaʼni xavfsizlik darajasini oshirish uchun aviaparkni muntazam yangilab kelmoqda.
 
Javoblar sizningcha qanchalar asosli? “Oʻzbekiston havo yoʻllari”ga yana qanday savollaringiz bor. Ularni +998935770582 raqamiga telegram messenjeri orqali yoʻllashingiz mumkin. Uza.uz internet sayti mazkur mavzuni oʻrganishda davom etadi.
 
Anora Sodiqova, OʻzA​
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.