“Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirish” taʼsis konferensiyasida Qahramon Quronboyev Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining raisi lavozimiga saylandi

0
118
marta koʻrilgan.

Shu munosabat bilan Quronboyev Qahramon Qoʻchqorovich Prezident Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi. Maʼlumot oʻrnida: Uyushma raisi maqomi tibbiy, transport va maishiy taʼminot sharoitlari boʻyicha bosh vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirish” mavzusida taʼsis konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasini tuzish va uning hududiy boʻlinmalarini tashkil etish, uyushma Ustavi va Ramzini, hududiy boʻlinmalarining Namunaviy nizomlarini tasdiqlash, uyushmaning Nazorat-taftish komissiyasi raisi va aʼzolarini saylash, shuningdek, uyushma va uning hududiy boʻlinmalari hamda mahalla faollari oldida turgan ustuvor vazifalar toʻgʻrisidagi masalalar muhokama qilindi.  

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Respublika mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Gʻ.Mirzayev, vazirlik va idoralar rahbarlari, respublika hamkor tashkilotlar vakillari, shuningdek, viloyatlardan 140 nafar delegat ishtirok etdi.  

Taʼsis konferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva mahalla chinakam xalq manfaatini koʻzlaydigan, aholi muammolarini mustaqil hal eta oladigan, davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga qodir yetakchi fuqarolik jamiyati institutiga aylanganini qayd etdi. Mahallaning joylarda xalqning maslakdoshi va koʻmakdoshiga, taʼbir joiz boʻlsa, “adolat tarozisi”ga aylanishi, hech shubhasiz, odamlarning davlatga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.  

Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan mahallalarni qoʻllab-quvvatlashni yanada takomillashtirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgan.  

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan delegatlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Unda mahalla tizimidagi oʻzgarishlar, uning jamiyat hayotidagi oʻrni va obroʻsini oshirish borasidagi tashabbuslar, “mahalla yettiligi”ning faoliyat yoʻnalishlari xususida soʻz bordi.  

Prezident farmon va qarorida belgilangan ustuvor vazifalar birma-bir tahlil qilindi. Delegatlar mahalla tizimini takomillashtirishga oid takliflari va tashabbuslarini bildirdi.  

Konferensiyada tashkiliy masala koʻrib chiqildi. Delegatlar Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining raisi lavozimiga Qahramon Quronboyev nomzodini bir ovozdan maʼqulladi.  

Konferensiya ishtirokchilari nomidan mahallalar faollariga Murojaat qabul qilindi.  

GUJUM.UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.