Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida mutaxassislar va kitobxonlar uchun anʼanaviy tadbir

0
97
marta koʻrilgan.

2023-yil 23-27 oktabr kunlari Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “INFOLIB OʻZBEKISTON-2023” XII Milliy axborot-kutubxona haftaligi va “Yosh kutubxonachilar” III forumi boʻlib oʻtdi.

Tadbirning birinchi kuni tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.  Shuningdek, “III Renessans kutubxonalari – yangi avlod kutubxonasi: mening fikrim minbari” ruknida Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi rahbari Umida Teshaboyevaning yoshlar bilan ochiq muloqoti tashkil etildi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

“Kutubxonada psixolog yoki kutubxonachi psixologmi?”, “Kutubxonalar targʻibotida zamonaviy usullarni qoʻllash”, EIFL xalqaro konsorsiumi tajribasi va xorijiy axborot resurslari” mavzusida yosh kutubxonachilar uchun smenarlar, amaliy treninglar boʻlib oʻtdi.

Haftalik doirasida yana “Gʻoyadan natijagacha” mavzusida mutuxassislar tanlovi ham uyushtirildi. Tanlovda  Buxoro viloyati mutaxassislari 30 000 000 soʻm,  Jizzax viloyati kutubxonachilari 20 000 000 soʻm, Samarqand viloyati yosh mutaxassislari esa 10 000 000 soʻm pul mukofoti sovrindori boʻlishdi.

Shuningdek, “Maʼnaviyat” nashriyotida chop etilgan kitoblar taqdimoti hamda noshir va mualliflar bilan uchrashuv ham tashkil etildi.

“Maʼnaviyat” nashriyoti tadbirda mamlakatimiz faxri Abu Rayhon Beruniyning   “Tabobatda dorishunoslik”, “Hinidston”, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Munajjimlik sanʼati” kitoblari hamda Sharifa Salimovaning “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti uyushtirildi.

Soʻzga chiqqanlar buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy kitoblarining yangi nashrlari, ularning mazmun- mohiyati, jahon ilmu fanida tutgan oʻrni haqida gapirar ekanlar, ushbu asarlar mazkur yilda  nishonlanadigan alloma Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yillik yubileyiga munosib sovgʻa boʻlganligini mamnunlik bilan taʼkidladilar.

Shuningdek, isteʼdodli shoira Sharifa Salimovaning “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti ham oʻtkazildi. Shoiraning kitobini taqrizchilar “ijod gulshanidan saralab olingan guldasta, umr ummonidan terib olingan gavharlardir, — deya baholadilar. Darhaqiqat, shoira dilida kechayotgan nafis tuygʻularni obrazlar, majozlar asosida mohirona jilolantirib, oʻquvchini oʻz asiriga aylantiradi. Ona Vatan, mangu navqiron ishq suvratlari, asrlar zamzamasida tobora sayqallanib, xalqimiz tomirlarida qondek oqayotgan oʻzlik, milliylik, mangu xotiralar oʻziga xos jozibali tarzda ifodalangan. Kitobdan joy olgan dostonlar esa olis tariximizni oʻrganish, ajdodlarimiz buyukligini anglash yoʻlidagi yana bir adabiy imkoniyatdir.

Taqdimot marosimiga yigʻilgan mutaxassislar va kitobxonlar noshirlarga va mualliflarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, batafsil javob oldilar.

Umuman tadbirlar kitobxonlar uchun taassurotlarga boy tarzda qiziqarli  kechdi, mutaxassislar uchun tajriba almashish, biri-biridan oʻrganish mahorat maktabi boʻldi.

GUJUM.UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.