Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “Sohibqiron saltanati” deb nomlangan adabiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar Amir Temur nafaqat oʻz davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, sanʼat va madaniyat homiysi, balki Osiyo va Yevropa qitʼalarida roʻy bergan tarixiy oʻzgarishlarga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatib, dunyo taraqqiyotiga hissa qoʻshgan buyuk shaxs boʻlganini taʼkidlashdi.
Muloqotda Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan mamlakatimiz asrlar davomida xorijiy mamlakatlar bilan savdo-sotiq, madaniy va siyosiy munosabatlar shakllanishida muhim oʻrin tutgani aytildi. Bu jarayon ayniqsa, ulugʻ davlat arbobi Amir Temur davrida rivoj topgani, turli xalqlar va millatlararo doʻstona aloqalar mustahkamlanishi uchun xizmat qilgani eʼtirof etildi.
«Amir Temur shaxsida biz oʻsha zamonning eng yetuk maʼnaviyat sohibini koʻramiz, – dedi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Shukur Qurbon. – U avvalgi ajdodlar tarixini yaxshi bilgan, ularning xatolari va yutuqlaridan xulosa chiqara olgan, egallagan har bir bilimini amalda qoʻllay olgan zukko inson edi. U axloqi va odobi kamolotga yetgan, iymoni baquvvat, adolat uchun kurashadigan toʻgʻrisoʻz, ilmparvar, bir umr oʻrganishdan charchamaydigan hukmdor edi. Shuning uchun ham yosh avlodni Amir Temur haqidagi badiiy asarlar mutolaasi orqali tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi».
Tadbir doirasida “Sohibqiron saltanati” nomli kitoblar koʻrgazmasi uyushtirilib, unda Amur Temurning turli yillardagi yubileylariga bagʻishlab chop etilgan kitoblar, suratlar va jurnallar namoyish etildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Matbuot xizmati