Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasiga

0
233
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Tokio shahrida qoʻlga kiritilgan yutuqlar bilan Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasini samimiy tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi:

– Aziz sportchi va murabbiylar, vatanimizning chinakam qahramonlari! Sizlar 24 avgust – 5 sentyabr kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlarida munosib qatnashib, Oʻzbekiston nomini jahonga yanada mashhur qildingiz!

Terma jamoamiz sportchilari murosasiz kechgan bellashuvlarda yuksak matonat va iroda namoyish etib, 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza, jami 19 ta medal qoʻlga kiritishdi. Bu bilan 162 mamlakat orasida umumjamoa hisobida faxrli 16-oʻrinni egalladik. Shubhasiz, bunday natija jonajon Vatanimiz Mustaqilligining 30 yillik shodiyonasiga munosib sovgʻa boʻldi. Bu bilan Paralimpiyachilarimiz jamiyatimizning toʻlaqonli aʼzosi sifatida Eng ulugʻ, eng aziz bayramimizga munosib hissa qoʻshdilar.

Shuni alohida aytib oʻtish oʻrinliki, ushbu olamshumul natijalar zamirida hurmatli Prezidentimizning Siz aziz sportchilarga qaratayotgan katta mehribonligi yotibdi. Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik mamlakatimizda voyaga yetayotgan koʻplab yoshlar, jumladan imkoniyati cheklangan farzandlarimiz uchun juda katta motivatsiya boʻladi. Ularning hayotga ishonchini, qiziqishini, umidini uygʻotadi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Tokio shahrida qoʻlga kiritilgan bunday natija bilan Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasini samimiy tabriklab, 3 yildan soʻng Parij shahrida oʻtadigan kelgusi oʻyinlarda bundan ham yuqori natija qayd etishlarini tilab qoladi.

Darhaqiqat, paralimpiyachilarimizning matonati, gʻayrat-shijoatini koʻpdan koʻp alqasa arziydi. Biz ham aziz sportchilarimizga hormang va Alloh bergan isteʼdodingiz yanada yuksalaversin, deya tilaklar bildiramiz, 

J. SAʼDULLAYEV  tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.