Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari: Saylovchilar faolligi millat hamjihatligini ifodalaydi

0
214
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin domla Xoliqnazarov yurtimiz tarixidagi muhim voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashib, eng munosib nomzodga ovoz berdi.

Vatan kelajagi va xalq saodatini taʼminlashda muhim boʻlgan mazkur saylov jarayonlari ochiqlik va shaffoflik asosida oʻtmoqda. Shayx hazratlari Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan 576-saylov uchastkasiga kelib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashdi.  

Shundan soʻng muftiy hazratlari ushbu uchastka mutasaddilari, nuroniylar va ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan suhbat qurib, ovoz berish jarayonlari muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.

– Alloh taologa shukrki, bugun tarixiy voqeada ishtirok etish baxtiga muyassar boʻldik. U ham boʻlsa, Oʻzbekiston Prezidentligiga munosib nomzodga ovoz berish kunidir. Men ham mana shunday bir yurtning fuqarosi sifatida, diyorini sevuvchi musulmon oʻlaroq ovoz berishda ishtirok etmoqdaman. Shunday ekan, biz ham munosib nomzodga yaxshi niyat ila ovoz berdik. Har bir moʻmin-musulmonning yaxshi niyat ila munosib nomzodga ovoz berishi yaxshilik yoʻlidagi hamkorligidir.  

Mamlakatimizdagi Prezidentlik saylovi milliy va xalqaro tamoyillar asosida, saylovchilarning yuqori darajada ishtirok etishi bilan yanada fayzli oʻtmoqda. Zero, saylovchilar faolligi millat hamjihatligini, oʻz kelajagiga boʻlgan ishonchni, olib borilayotgan siyosatning qoʻllab-quvvatlanishini yaqqol namoyon etadi.  

Darhaqiqat, oxirgi yillardagi diniy-maʼrifiy sohadagi ulkan oʻzgarishlar va xayrli islohotlar natijasida yangi masjid-madrasalarning ochilishi, moʻmin-musulmonlarga keng imkoniyatlar berilishi Alloh taoloning yurtimizga bergan ulugʻ neʼmatlari boʻldi. Bugungi saylovlarda moʻmin-musulmonlarimizda kelajakka boʻlgan ishonch va mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi yanada ortganini yaqqol koʻrish mumkin, – dedi muftiy hazratlari.  

OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.