Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 yanvar kuni Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari investitsiyalar vaziri, «ADQ» xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda “AD Ports Group” kompaniyasi rahbari Muhammad Juma al-Shamisiy, “Tadweer” rahbari Ali al-Daheriy, “Plenary Group” rahbari Mustafo Faxur va “DUCAB” rahbari Muhammad al-Kurashiy ishtirok etdi.
Ushbu kompaniyalar oʻz sohalarida jahon yetakchilaridan biri boʻlib, ularning jami aktivlari 200 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.
Yuqori texnologik tarmoqlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish va investitsiya portfelini kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
BAA bilan iqtisodiyotning turli yoʻnalishlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Investitsiyalarni ilgari surish, sanoat va ilgʻor texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Har bir kompaniya bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha navbatdagi qadamlar belgilandi. Infratuzilmani rivojlantirish, shaharsozlik, energetika, transport va logistika, togʻ-kon sanoati, elektrotexnika, kommunal xoʻjaligi va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalar haqida soʻz yuritildi.
Innovatsion texnologiyalarni joriy etish, nodir metall konlarini oʻzlashtirish, mintaqaviy temir yoʻllarni rivojlantirish va «quruq» portlar barpo etish, kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini jadallashtirish, taʼlim va tibbiyot sohalarida DXSH loyihalarini ilgari surish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.