Oʻzbekiston Prezidenti Gʻalabaning 79 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi

0
68
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida Gʻalabaning 79 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Moskvaning Qizil maydonida Gʻalaba paradi boʻlib oʻtdi. Uni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Gvineya-Bisau Prezidenti Umaru Sisoku Embalo, Laos Prezidenti Txonglun Sisulit va Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel ham kuzatdi.

Koʻplab tarixiy dalil va misollar Oʻzbekiston xalqi buyuk gʻalabaga munosib hissa qoʻshganini yaqqol tasdiqlaydi.

Dahshatli urush boshlangan birinchi kunlardanoq yurtdoshlarimiz fashizmga qarshi mardona kurashga otlandi. Oʻsha paytda respublikamiz aholisi 6,5 million kishini tashkil etgan boʻlsa, shundan 1 million 950 mingdan ortigʻi yovuz dushman bilan yuzma-yuz boʻlib qonli janglarda ishtirok etgan. Bu botir va dovyurak oʻgʻlonlarning 538 mingdan ziyodi jang maydonlarida halok boʻlgan. 158 ming nafardan koʻprogʻi bedarak ketgan.

Oʻzbekistonlik askar va ofitserlardan 214 ming nafardan ziyodi jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan. Jumladan, 301 nafar yurtdoshimiz Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari esa uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor boʻlgan.

Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzbekistonlik ofitserlar orasidan oʻnlab generallar, mohir qoʻmondonlar yetishib chiqqan.

Oʻzbekiston urush yillarida front ortidagi mustahkam taʼminot bazasiga aylandi. Yurtimizdan jang maydonlariga katta miqdorda qurol-yarogʻ, oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak, palatka, parashyut va boshqa zarur mahsulotlar yuborilgan. Urush boʻlayotgan hududlardan Oʻzbekistonga 170 dan ortiq zavod va fabrika koʻchirib keltirilib, tezlik bilan ishga tushirilgan. Oʻzbekiston aholisi 1941-43 yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablagʻni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani gʻalabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa boʻlib qoʻshildi.

Oʻsha suronli yillarda xalqimiz gumanizm va insoniylik bobida oʻziga xos tarixiy maktab yaratdi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan koʻchirib keltirilgan, turli millatga mansub 1 million 500 mingga yaqin insonlar Oʻzbekistondan panoh topdi. Ularning orasida 250 mingdan ziyod yetim bolalar ham bor edi. Xalqimiz ularga mehr berdi, soʻnggi burda nonini ham ular bilan baham koʻrdi.

Xalqimizning yuksak jasorati va bagʻrikengligini tasdiqlovchi ushbu tarixiy dalillar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilgan.

Yurtimizda Ikkinchi jahon urushida jang qilgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan ajdodlarimizning jasoratini abadiylashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Urush qatnashchilari va nogironlari har yili ragʻbatlantirilmoqda. Toshkent shahrida ulkan Gʻalaba bogʻi ochildi, shu kungacha u yerga 2 million 200 ming nafardan ziyod ziyoratchilar tashrif buyurdi.

Tadbirdan soʻng Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va boshqa davlatlar yetakchilari bilan birga Aleksandr bogʻidagi “Nomaʼlum askar” yodgorligiga gulchambar qoʻydi.

Yodgorlik Ikkinchi jahon urushida Vatan uchun jonini fido qilgan turli millatlarga mansub millionlab askarlar, shu jumladan oʻzbek oʻgʻlonlarining qahramonligi va jasorati ramzidir.

Prezidentlar bir daqiqalik sukut bilan askarlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Marosim yakunida faxriy qorovul va orkestr tantanali ravishda saf tortib oʻtdi.

Shu bilan Rossiyaga amaliy tashrif yakunlandi. Aeroportda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari – sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Denis Manturov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.