Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bosh qarorgohiga tashrif buyurib, bank prezidenti Szin Litsyun bilan muzokara oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ushbu yetakchi xalqaro moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Keyingi yillarda bank bilan hamkorlik misli koʻrilmagan yuksak darajaga koʻtarildi. Qoʻshma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshdi. 2023 yilning oʻzida jalb qilingan investitsiyalar hajmi 1 milliard dollarga yetdi.
Energetika, suv taʼminoti, avtomobil va temir yoʻllarni rekonstruksiya qilish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari strategik xomashyoni chuqur qayta ishlash loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni amalga oshirish muhimligini qayd etdi.
Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlar doirasida ustuvor yoʻnalishlardagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha 2026 yilgacha moʻljallangan qoʻshma Hamkorlik dasturi qabul qilindi.
Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik muhim infratuzilmaviy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bank boshqaruvchilari kengashining joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida boʻlajak yillik yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.