Oʻzbekiston Prezidenti Ozarbayjonga keldi

0
52
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 5 iyul kuni Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga  keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Fuzuliy shahri aeroportida oliy martabali mehmonni Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Oʻzbekiston Prezidenti  Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Shusha shahriga keldi. 

Davlatimiz rahbarini bu yerda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev kutib oldi.

Turkiy davlatlar tashkilotining ishtirokchi mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari Ozarbayjon yetakchisi hamrohligida Shusha shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Shusha “Qorabogʻ durdonasi”, “Kavkaz sanʼati markazi” va “ozarbayjon musiqasi beshigi” nomlari bilan maʼlum. Shahar bir qator taniqli fan, madaniyat va sanʼat arboblari vatanidir. 2021 yildan buyon Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti hisoblanadi, 2023 yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb eʼlon qilingan.

Joriy yilda Xiva shahri va Shusha shahri oʻrtasida birodarlik aloqalari oʻrnatildi.

Oliy martabali mehmonlar Shushada oʻttiz ikki yil ichida birinchi marta qurilgan turar joy majmuasiga tashrif buyurdilar. 23 ta binodan iborat uy-joy majmuasining umumiy maydoni qariyb 8 gektarni tashkil etadi.

Soʻng yetakchilar 2021 yilda tamal toshi qoʻyilgan yangi zamonaviy masjid loyihasi va uni barpo etish jarayoni bilan tanishdilar.

Ozarbayjon rahbari mehmonlarga shahar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida soʻzlab berdi.

Prezidentlar, shuningdek, XIX asrda Shushada qurilgan birinchi masjid – Gavhar Ogʻa masjidini ziyorat qildilar. Mehmonlar bu yerda amalga oshirilgan restavratsiya ishlarining natijalariga yuqori baho berdi.

Oʻzbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi davom etmoqda. TDT norasmiy sammitining asosiy tadbirlari bugun, 6 iyul kuni boʻlib oʻtadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.