Oʻzbekiston Prezidenti Samarqandda oʻtgan OIIB Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi doirasida Xitoy, Hindiston, Qatar mamlakatlari delegatsiyalari hamda  «Franklin Templeton», «Lasselsberger Group», «ACWA Power» kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi

0
34
marta koʻrilgan.
Samarqand shahrida oʻtayotgan OIIB Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy moliya vaziri Lan Foanni qabul qildi.

Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan sheriklikni mustahkamlash, ustuvor investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev OIIB Boshqaruvchilar kengashining toʻqqizinchi yigʻilishi doirasida Hindiston Respublikasi moliya va korporativ ishlar vaziri Nirmala Sitxaraman boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Oʻzbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Joriy yil noyabr oyida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini puxta tayyorgarlik koʻrgan holda oʻtkazish hamda uning doirasida Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Energetika, neft-kimyo, raqamlashtirish, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika sohalarida loyihalarni amalga oshirish, transport yoʻlaklarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Oʻzbekiston Prezidenti  Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi yigʻilishida ishtirok etayotgan Qatar Davlati moliya vaziri Ali bin Ahmad al-Quvariy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ikki tomonlama, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

«Yashil» energetika, transport, sogʻliqni saqlash, turizm, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa yoʻnalishlardagi loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi. Yil yakuniga qadar Doha shahrida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va qoʻshma biznes forumi oʻtkazilishi qayd etildi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Prezidenti «Franklin Templeton» kompaniyasi bosh investitsiya direktori Manraj Sekxonni qabul qildi va  hamkorlik kengayib borayotganini taʼkidladi.

«Franklin Templeton» aktivlarni boshqarish boʻyicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi, 30 ta mamlakatda 100 dan ortiq ofisi mavjud.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Milliy investitsiya fondini rivojlantirish, strategik davlat korxonalarini transformatsiya qilish va ularning aksiyalarini fond bozorlariga joylashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Davlat korxonalari samaradorligini oshirish, kapital bozorini rivojlantirish va «xalqchil IPO» oʻtkazish boʻyicha dasturlarda qatnashishdan manfaatdorlik bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo  yillik yigʻilishi doirasida «Lasselsberger Group» kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Yozef Lasselsbergerni qabul qildi.

1957 yilda tashkil etilgan «Lasselsberger Group» Yevropadagi qurilish materiallari, keramika va mineral mahsulotlarning yetakchi ishlab chiqaruvchisi boʻlib, yillik aylanmasi 20 milliard dollarni tashkil etadi. 

Uchrashuvda qurilish materiallari sanoatida yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ayni paytda Samarqand viloyatida quruq aralashmalar va mikrokalsit ishlab chiqarish, Qashqadaryo viloyatida marmarni qayta ishlash loyihalari amalga oshirilmoqda. Yuqori soflikdagi alyuminiy va meta-kaolin, keramogranit, lok-boʻyoq mahsulotlari va fibrotsement ishlab chiqarish boʻyicha yangi loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Prezidenti Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi doirasida  Oʻzbekiston–Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, «ACWA Power» kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qildi.

Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Davlatimiz rahbari «ACWA Power» bilan keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirishda muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani, Saudiya Arabistoni sarmoyasini mamlakatimizga jalb etishda kompaniya muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladi.

Energetika, transport, axborot texnologiyalari, sogʻliqni saqlash, issiqlik taʼminoti tarmoqlarini modernizatsiya qilish, qishloq va suv xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.

Shu bilan davlatimiz rahbari Samarqand shahriga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.