Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Vakillar palatasi raisi Shukurjon Zuhurov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni qutlar ekan, oliy darajadagi oʻzaro ishonchga asoslangan muntazam muloqot ikki tomonlama hamkorlikni misli koʻrilmagan yuksak darajaga koʻtarishga xizmat qilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shu munosabat bilan Tojikiston parlamenti delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yorqin dalilidir.
Oliy martabali mehmon, oʻz navbatida, Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda oʻzaro aloqalar barcha darajalarda faollashgani qayd etildi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, sanoat, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Chegaradosh hududlar oʻrtasida, madaniy-gumanitar sohada almashinuvlar kengaymoqda.
Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga muhim ahamiyat qaratilmoqda.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida qoʻmitalar va parlamentlararo guruhlar darajasida yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv soʻngida Shukurjon Zuhurov Tojikiston parlamenti qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida doʻstlik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanini bildirdi.
Tojikiston Oliy Majlisi Vakillar palatasi raisi joriy yil dekabr oyida mamlakatimiz parlamentiga saylovlar muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.