Oʻzbekiston Prezidenti «Voltalia» kompaniyasi bilan sheriklikni kengaytirish rejalarini qoʻllab-quvvatladi

0
48
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 fevral kuni Xorazm viloyatiga tashrif doirasida «Voltalia» kompaniyasi bosh direktori Sebastyen Kler bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Fransiyaning ushbu kompaniyasi qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi inshootlarni qurishda boy tajribaga ega. Hozirda dunyoning 20 mamlakatida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.

Uchrashuvda oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar tufayli keng qamrovli tus olgan Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrif doirasida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Shu maʼnoda, “Voltalia” bilan hamkorlikda Tuproqqalʼa tumanida quvvati 100 megavattli quyosh elektr stansiyasini barpo etish loyihasi doirasidagi ishlar boshlanayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Kelgusida agrovoltaika yechimlarini joriy qilgan holda uning imkoniyatlarini yanada kengaytirish mumkinligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari kompaniya bilan hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan Xorazm viloyatida akkumulyatorlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va Buxoro viloyatida gibrid turdagi elektr stansiyasini qurish rejalarini qoʻllab-quvvatladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.