Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy elchisini qabul qildi

0
129
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 16 yanvar kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litszeni qabul qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Xitoy elchisining faoliyati samarali boʻlgani hamda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qoʻshganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

2017 yil may oyida XXRga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif va ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlar Oʻzbekiston – Xitoy hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish va uni aniq mazmun bilan boyitish imkonini bergani taʼkidlandi.

Turli darajadagi aloqalar, jumladan, parlamentlar va mintaqalararo munosabatlar faollashdi. Tomonlar bir-birini xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham qoʻllab-quvvatlamoqda.

Oʻzaro savdo hajmi izchil ortib bormoqda. 2017 yil yakunlariga koʻra, tovar ayirboshlash hajmi 4,5 milliard dollarga yetgan. Gidroenergetika va neft-gaz tarmogʻi, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalari barpo etish sohalarida yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muhim mintaqaviy transport yoʻlaklari – «Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy» avtomobil va temir yoʻllarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikdagi ishlar boshlab yuborilgan.

Madaniy-gumanitar, ilmiy va taʼlim sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda.

Oʻz navbatida, Xitoy elchisi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Diplomat Xitoy oʻzaro munosabatlarga muhim ahamiyat qaratayotgani, Oʻzbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekanini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR elchisining har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasini inobatga olib, Sun Litszega Vatanimizning yuksak davlat mukofoti – «Doʻstlik» ordenini topshirdi.

Elchi Sun Litsze davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga uning faoliyatini yuksak baholagani va «Doʻstlik» ordeni bilan mukofotlagani, shuningdek, Oʻzbekistonda XXR diplomatik missiyasi faoliyatiga berilayotgan har tomonlama koʻmak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda bundan buyon ham faol ishtirok etish maqsadida ekanini taʼkidladi.

Taqdirlash marosimida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.