Prezident Shavkat Mirziyoyev Sindao shahrida oʻtayotgan ShHT sammiti doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.
Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevni Xitoyga tashrifi bilan qutlab, Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli strategik sherikchillik va koʻp formatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratishini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida muvofiqiatli raislik va Sindao sammiti yuqori darajada tashkillashtirilgani bilan Xitoy rahbarini tabrikladi.
Oʻzbekiston bilan Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan. Oʻzaro manfaatli hamkorlik barcha muhim sohalarni qamrab olgan va izchil rivojlanib bormoqda. 2017 yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etgan.
Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 700 dan ziyod korxona, qator kompaniyalar vakolatxonalari ochilgan. Oʻzaro hamkorlikda sanoat, yuqori texnologiyalar, neft-gaz, kimyo, transport va logistika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda Oʻzbekiston – Xitoy hamkorligining bugungi holati atroflicha tahlil qilindi. Iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, yuqori texnologiyalar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Ushbu hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga ikki mamlakatlar oʻrtasida hududlararo aloqalarni rivojlantirish muhimligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar tashkiloti, ShHT va boshqa tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi keng koʻlamli strategik sherikchilik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanligi qayd etildi.