Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy va Yevropaning yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi

0
80
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Koʻksaroy qarorgohida uchinchi Toshkent investitsiya forumi doirasida Xitoy va Yevropaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Xitoyning “CAMCE” korporatsiyasi raisi Van Bo bilan Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishi hamda energetika, sanoat va infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizda faoliyat yuritishda katta tajriba toʻplagan kompaniya yirik loyihalarni moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishning butun zanjirini qamrab oladigan yechimlarni taqdim etishga ixtisoslashgan.

“Goldwind” Sao Chjigan bilan kompaniyaning Oʻzbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki istiqbollari koʻrib chiqildi. Kompaniya shamol energetikasi texnologiyalarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan boʻlib, jahondagi yetakchi shamol turbinalari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Shamol elektr stansiyalari qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va joriy loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.

“China Southern Power Grid” bilan Buxoro viloyatida shamol elektr stansiyalari, butun mamlakat boʻylab gidroakkumulyasiya stansiyalari va yuqori kuchlanishli liniyalar qurish loyihalari muhokama qilindi.

Oʻzbekistonda elektr hisoblagichlar ishlab chiqarish boʻyicha “Holley Group” kompaniyasi muvaffaqiyatli ishlayotgani qayd etildi. Toshkent viloyatida texnopark qurish va unga Xitoyning yirik kompaniyalarini jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida Yevropaning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuvda “Suez” kompaniyasi raisi va bosh direktori Sabrina Sussan, “Arsenale Group” kompaniyasi bosh direktori Paolo Barletta,  “Airbus”  korporatsiyasining Yevropa boʻyicha prezidenti Yoxan Pelisye hamda “Linde” kompaniyasining Yevropa va Yaqin Sharq boʻyicha prezidenti Oliver Pfann qatnashdi.

Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuv Yevropa biznesining Oʻzbekistondagi faoliyatni kengaytirishga qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat ekanini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Investitsiyaviy va innovatsiyaviy sheriklik, suv taʼminoti, fuqarolik aviatsiyasi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

Yevropa kompaniyalari rahbarlari Oʻzbekiston Prezidentiga samimiy qabul hamda investorlarning samarali faoliyati uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik izhor etdi. Ustuvor tarmoqlardagi muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda bundan buyon ham ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.