Bugun 25 avgust kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ruminiya elchisi Daniyel Kristian Chobanu, Polsha Respublikasi elchisi Radoslav Gruk, Tojikiston Respublikasi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Shveysariya Konfederatsiyasi elchisi Konstantin Obolenskiy va Germaniya Federativ Respublikasi elchisi Tilo Klinnerdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarni Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi keng miqyosli demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar davom etayotgan muhim tarixiy davrda mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabrikladi.
Amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida soʻz yuritar ekan, Prezidentimiz xorijiy hamkor mamlakatlar, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlar va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganini alohida qayd etdi.
Joriy yil avgust oyining boshida Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani, ushbu tadbir yaqin mintaqaviy hamkorlikning kun tartibi keng ekanligini yana bir bor namoyish etgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekiston yetakchisi Afgʻonistondagi vaziyat rivoji bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratdi. Bugun ushbu mamlakatda roʻy berayotgan voqealar butun xalqaro hamjamiyatda tashvish uygʻotayotgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston afgʻon inqirozini tez fursatda tartibga solishga koʻmaklashish uchun muhim tashabbuslarni ilgari surayotgani va zarur saʼy-harakatlarni amalga oshirayotgani qayd etildi.
Jumladan, joriy yilning 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaning maqsadi Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlik oʻrnatilishi va iqtisodiy tiklanishga koʻmaklashadigan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun sharoitlarni shakllantirishdan iborat boʻldi.
Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimizning yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorligining istiqbollariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Ruminiya bilan ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Bu, avvalo, oʻzaro savdo hajmini oshirish, toʻqimachilik, kimyo va farmatsevtika tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika sohalarida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyishdir.
Shu munosabat bilan qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishini oʻtkazish, muloqot va almashinuvlarni, shu jumladan tashqi siyosiy idoralar darajasida faollashtirish taklif etildi.
Xalqaro tashkilotlar va Yevropa Ittifoqi bilan muloqot doirasida Ruminiya bilan hamkorlik qilishga ham muhim eʼtibor qaratilmoqda.
Polsha Oʻzbekistonning Yevropadagi ishonchli anʼanaviy hamkoridir. Keyingi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Polsha hamkorligi izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bundan tashqari, YeI bilan koʻp tomonlama muloqot va Vishegrad guruhi doirasidagi hamkorlik mustahkamlanib bormoqda.
Shu bilan bir qatorda, ikki mamlakat qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, kichik biznes va innovatsiyalar, taʼlim va turizm kabi sohalarda hali ishga solinmagan katta salohiyatga ega.
Oʻzbekiston yetakchisi boʻlajak oliy darajadagi muloqotlar amaliy sheriklikni kengaytirishga qoʻshimcha surʼat bagʻishlashini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bilan Tojikistonning doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida sezilarli yuksalishga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bunga ikki birodar mamlakat yetakchilarining muntazam uchrashuvlari va siyosiy irodasi xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil iyun oyida Tojikiston Respublikasiga tarixiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar va aniq kooperatsiya loyihalarini toʻliq hajmda amalga oshirish muhim ekani alohida taʼkidlandi.
Bundan tashqari, mamlakatlarimiz xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida yaqindan hamkorlik qilib, bir birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Shveysariya bilan munosabatlar istiqboliga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti siyosiy muloqotni yanada rviojlantirish va birgalikdagi iqtisodiy loyihalarni ilgari surish muhim ekanini taʼkidladi.
Bank-moliya sohasi, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, Orolboʻyidagi vaziyatni yaxshilash uchun moliyaviy-texnik koʻmak dasturlarini kengaytirish ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.
Qoʻshma Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasidagi amaliy sheriklikning yangi kun tartibini ishlab chiqish muhim ekani qayd etildi.
Oʻzbekiston Germaniya bilan keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirish va strategik sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, oliy darajadagi muntazam muloqotlar Oʻzbekiston-Germaniya munosabatlarida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi.
Global iqtisodiy inqiroz oqibatlariga qaramay, oʻzaro savdo hajmi, Germaniyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qoʻshma kooperatsiya loyihalari soni ortmoqda.
Bundan tashqari, respublikamizda “KfW” banki, Germaniya savdo-sanoat palatalari uyushmasi hamda Kichik va oʻrta biznes birlashmasi ofislari oʻz faoliyatini muvaffaqiyatli boshlagani qayd etildi.
Ishbilarmonlar oʻrtasidagi aloqalarning faollashishi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning ulkan salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti soʻzini yakunlar ekan, diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga ularning Oʻzbekiston Respublikasi bilan doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi masʼuliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Qisqa suhbatda diplomatlar samimiy qabul va mamlakatimizdagi samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdilar. Elchilar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi sheriklik aloqalarini har tomonlama rivojlantirish uchun bor kuch-gʻayratini safarbar qilishini qayd etdilar.