Oʻzbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakunlandi

0
443
marta koʻrilgan.

Avval xabar qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 22-24 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻldi. 

Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi har tomonlama samarali boʻldi, deb yozadi OʻzA. Uchrashuvlarda yirik investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish, iqtisodiyot, energetika, moliya, sarmoya, yuqori texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirish, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, gumanitar aloqalarni kengaytirish, vazirliklar va idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilindi. 

Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarga oid umumiy qiymati 10 milliard AQSH dollaridan ortiq 60 dan ziyod hujjat imzolandi. 

Davlatimiz rahbari Janubiy Koreyada BMT sobiq Bosh kotibi, Xalqaro Olimpiya qoʻmitasining etika komissiyasi raisi Pan Gi Mun, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Chon Se Gyun, Koreya Respublikasi Bosh vaziri Li Nak Yon, Seul shahri meri Pak Von Sun bilan uchrashdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Seul shahrining faxriy fuqarosi unvoni tantanali topshirildi. 

Uchrashuvlar chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi. 

Shu bilan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi. Ushbu tashrif siyosiy, iqtisodiy natijalari bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar tarixidan muhim oʻrin egallashi va oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtaradi, deya taʼkidlanadi agentlik xabarida.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.