Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn birinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida AXBOROT

0
128
marta koʻrilgan.

2021 yil 6 yanvar kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn birinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.  

Mazkur yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “Oʻzbekiston 24” va “Uzreport” telekanallari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri jonli efirda namoyish etildi.

Senat aʼzolari tomonidan 5 ta masala, shu jumladan, 3 ta qonun muhokama qilindi.  

Yalpi majlisda senatorlar dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdi.  

Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda bu yilgi vazifalar toʻgʻrisida atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Ayniqsa, 2020 yilda pandemiya va boshqa tabiiy ofatlar sababli yuzaga kelgan murakkab sharoitga qaramasdan, qator xalqaro tashkilotlar bahosiga koʻra Oʻzbekistonning jahon miqyosida ijobiy oʻsishni saqlab qolgan kamdan-kam davlatlar qatorida joy olgani ahamiyatga molik.  

Shu maʼnoda aytish mumkinki, Murojaatnomada Prezidentimiz davlat va jamiyatni yanada  rivojlantirish bilan bogʻliq eng asosiy yoʻnalishlar, barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xususan, Oliy Majlis yuqori palatasining qator ustuvor vazifalarini belgilab berdi.  

Murojaatnomada keltirilgan chora-tadbirlarning huquqiy asoslarini yaratib berish, barcha sohalarda qonun ustuvorligini, qabul qilinayotgan hujjatlarning, ayniqsa, byudjet (respublika va mahalliy) bajarilishini joylarda soʻzsiz ijrosini taʼminlash boʻyicha parlament tomonidan samarali nazorat oʻrnatish, ularning toʻliq bajarilishiga erishish asosiy vazifalardan biridir.  

Qayd etilganidek, mazkur vazifalarning joylardagi ijrosi Senatning tegishli qoʻmitalari, qolaversa, hududlardagi har bir senator va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida boʻlishi kerak.  

Jumladan, Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini qonun darajasida mustahkamlash hamda Bolalar ombudsmani toʻgʻrisidagi qonunni ishlab chiqish boʻyicha faol ish olib borish zarur.    

Shu bilan birga, kambagʻallikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratish, Senatning tegishli qoʻmitasi va Senat devonining masʼul tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda ushbu vazifani amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish lozim.  

Xususan, mahalliy Kengashlardagi deputatlik korpusi bilan birga aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni manzilli oʻrganib borish maqsadga muvofiq.  

Yana bir jihat. Murojaatnomada Davlat xaridlari sohasini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻz oʻrnida, davlat xaridlari ustidan nazoratni olib borishda jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlash, uning fikrini inobatga olish mexanizmlarini joriy qilish kerak. Qolaversa, bu kabi dolzarb masalalar yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish muhim. Masʼullarning hisobotlarini eshitishda Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratish zarur.  

Bundan tashqari, majlisda Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish  masalalari qoʻmitasi parlament nazoratini mahalliy va respublika darajasida olib borishi, jumladan, Joʻqorgʻi Kenges va Senat Kengashida eshituvlar tashkil qilish, parlament soʻrovlarini yuborish, joylarda deputatlik va senatorlik oʻrganishlarni tashkil qilishi lozimligi taʼkidlandi.  

Shuningdek, qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, mazkur yoʻnalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqish, bu boradagi oʻrganishlar va tahlillarni yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.  

Majlisda taʼkidlanganidek, joriy yilda Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi komissiyaga raislik qilish Senatga oʻtadi. Shu bois, Komissiya faoliyatini yanada kuchaytirish eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.  

Qolaversa, Senatning tegishli qoʻmitasi mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlariga ham alohida ahamiyat qaratishi, oʻziga vazifalarni belgilab olishi toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtildi.  

Oʻtgan yildan boshlab xalqaro munosabatlar yoʻnalishida Senatda yangi, yaʼni Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyoti joriy etilgan edi. Shundan kelib chiqib, birinchi navbatda joriy yilda Oʻzbekistonning Rossiya, Xitoy, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchilarining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari eshituvini tashkil qilish lozim. Ushbu mamlakatlar bilan parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, Oʻzbekistonga chet el investitsiyalarini jalb etish, turizmni rivojlantirishga oid aniq choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadga muvofiq.

Murojaatnomada mahalliy Kengashlar faoliyatiga doir bir qator masalalarga ham alohida toʻxtalib oʻtilgani, koʻplab vakolatlar xalq vakillariga berilayotgani taʼkidlandi.  

Shu bois mahalliy Kengashlar joriy yilda bugungi kungacha mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitib borish, mahalliy byudjet ijrosiga masʼuliyat bilan yondashish, har bir tuman va shaharda  kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ishlab chiqiladigan manzilli dasturning ijrosi boʻyicha hisobotni eshitib, muhokama qilib borish, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” boʻyicha chora-tadbirlar dasturlarining ijrosiga jiddiy eʼtibor qaratish, har bir deputat oʻzi saylangan hudud aholisi, saylovchilari bilan bevosita muloqotni yoʻlga qoʻyishi, muammolarini hal etishga koʻmaklashishi zarurligiga toʻxtalib oʻtildi.  

Yana bir jihat. Murojaatnomada Senat Raisi rahbarligida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish lozimligi belgilangani, mazkur Kengash mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan yaxlit tizim yaratishga masʼul boʻlishi, Kengashning asosiy vazifasi jamiyatda ayollar mavqeini oshirish, ularning muammolarini puxta oʻrganish, xotin-qizlarni qiynayotgan koʻplab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topish, ularni “temir daftar” va “ayollar daftari”dan chiqarishga koʻmak berishi bildirildi.  

Senatning masʼul qoʻmitasi mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, jumladan, Kengashning nizomi, vazifalari, ishlash  tartibi va ish rejalari shakllantirilishini muvofiqlashtirib borishi lozimligi qayd etildi.

Majlisda Murojaatnomaning mazmun-mohiyati, ahamiyati va dolzarbligidan kelib chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Senatning Harakatlar dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.  

Shu maʼnoda, Senat Raisi oʻrinbosari rahbarligida Ishchi guruh tuzilib, Harakatlar dasturi loyihasini ishlab chiqishi kerakligi bildirildi.  Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.  

Soʻngra Senat aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildi.

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirishda odil sudlov alohida oʻrin tutishini eʼtiborga olgan holda soʻnggi toʻrt yilda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Sud-huquq sohasida yillar davomida yechim topmagan muammoli masalalarni hal qilish borasida Prezidentimizning oʻndan ortiq farmon va qarorlari hamda parlament tomonidan odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta kodeks yangidan qabul qilinib, qator qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Qayd etish joizki, mazkur Qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mantiqiy davomidir.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.

Mazkur Farmonning ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan Qonunga asosan sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta koʻrib chiqish tartibini ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sud tizimida 2021 yil 1 yanvardan boshlab: viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;

maʼmuriy tartib-taomillar va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.

Shularga asosan sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlar amalga oshirilayotganligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi sud tizimini boshqarish masalalarining takomillashtirilishi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga erishish bilan bir qatorda, eng avvalo, fuqarolarning sudma-sud sarson boʻlib yurishiga barham berib, ularning muammosining bir joyda hal qilinishi imkonini beradi.  Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.  

Shundan soʻng “Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida boʻldi.  

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarining barqarorligini taʼminlash va kuchaytirish, investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, qurilish sohasidagi ishlar holatini oʻrganish ushbu sohada islohotlarni jadal amalga oshirishga va sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirishda muammolar borligini koʻrsatdi.

Qayd etish joizki, ushbu muammolar qurilish sohasiga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qurilish tarmogʻi kadrlarini professional tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining samaradorligiga toʻsqinlik qilmoqda.

Shu bois, “Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi Qonun ishlab chiqilgan.

Shaharsozlik kodeksida “aholi punkti”, “shahar”, “shaharcha” va “qishloq (ovul)” obyektlar turlari, “oʻzboshimchalik bilan qurilish qilish”, “urbanizatsiya” tushunchalari, shaharsozlik faoliyatida fuqarolar muhokamasi ishtiroki va boshqa iboralarga tushunchalar berilmoqda.

Shuningdek, Kodeksda normativ-texnik hujjatlarni joriy etish va ularning hisobini yuritish boʻyicha yangi normalar mustahkamlanmoqda. Yaʼni:

– shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarning muhokamasida jamoatchilik nazoratining ishtirokini taʼminlash;

– yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishining asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan yangi norma;

– pudrat uchun davlat shartnomasini ishlab chiqish va tuzish tartibi va pudrat ishlari qatʼiy shartnoma asosida amalga oshirilishi;

– shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishda ekspertlarning huquqlari va javobgarligi koʻrsatilgan.

Oʻz oʻrnida, mazkur Kodeksda qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalariga qoʻyiladigan talablar aks ettirilib, ularga asosan shaharsozlik faoliyatining moliyaviy taʼminoti, sugʻurtalash va shaffoflikni taʼminlash, shu jumladan, qurilishda sugʻurtalash, shuningdek, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, mazkur normalarning belgilanishi sohada byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda shahar chegaralarini aniqlashning yangi qonuniy asoslarini yaratadi.

Xususan, shaharsozlik normalari va qoidalari ishlab chiqilishining tartibi, muddatlari va ularning yoʻnalishlari belgilanishi, raqobat muhitini rivojlantirish orqali investitsiya muhiti yaxshilanishi, shaharsozlik sohasida jamoatchilikning keng ishtiroki, atrof-muhit muhofazasi va aholining sogʻligʻini asrash, yashash va faoliyat muhitini shakllantirishning kompleks sharoitlarini belgilashga imkon yaratishi taʼminlanadi.

Eng asosiysi, jamiyat va davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini amaliyotda ifodalash va himoya qilish mexanizmi yaratiladi. Aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash va aholining turmush darajasini koʻtarish imkoniyati vujudga keladi.  

Xulosa oʻrnida qayd etish joizki, mazkur Kodeks qurilish faoliyatini yanada takomillashtirishga yoʻnaltirilgan. Senat aʼzolari ushbu Qonunni maʼqulladi.  

Shundan soʻng “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.  Taʼkidlanganidek, bugunga qadar madaniyat sohasidagi huquqiy munosabatlar “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi, “Muzeylar toʻgʻrisida”gi, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qator farmon va qarorlari, qolaversa, boshqa koʻplab qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinayotgan edi.

Madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, madaniyat va sanʼat muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilmagani turli eʼtirozlarga sabab boʻlayotgandi. Bunga javoban “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonun sohadagi huquqiy boʻshliqni toʻldirishga xizmat qiladi.

Qonunda madaniyat sohasida davlat siyosatining maqsadi va asosiy ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, mazkur yoʻnalishdagi huquqiy munosabat ishtirokchilarini aniqlash va ularning vakolatlarini belgilash, isteʼdod egalari va madaniyat muassasalarining huquqiy maqomini belgilash, madaniyat tashkilotlarini davlat hokimiyati organlari, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro aloqa va hamkorligini takomillashtirish, madaniyat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish va boshqa qator muhim masalalar qamrab olinmoqda.  

Vazirlar Mahkamasi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi organlar sifatida koʻrsatilib, ularning vakolatlari belgilanmoqda.  

Qonunning qabul qilinishi madaniyat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish samaradorligini oshiradi hamda xalqaro huquq normalarini milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilinishini taʼminlaydi.

Shuningdek, xalqaro maydonda Oʻzbekiston Respublikasining imijini oshirish bilan bir qatorda xalqlar va mintaqalar oʻrtasidagi madaniy aloqalarning yanada rivojlanishi va mustahkamlanishiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.  

Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn birinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Oʻzbekiston Respublikasi  Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.