Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi

0
137
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr kuni Toshkent shahrida oʻtayotgan Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yigʻilishi doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassirni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuv avvalida ITB prezidenti davlatimiz rahbari va Oʻzbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy qutlab, bardavom taraqqiyot, farovonlik va ravnaq tiladi.

Pandemiya boshlanganidan buyon ilk bor Bankning eng muhim tadbiri shu kunlarda poytaxtimizda jonli ravishda oʻtkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yuqori darajadagi ushbu forumda ITBga aʼzo mamlakatlar hukumatlari vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ishbilarmon doiralar va nufuzli ekspertlar, ommaviy axborot vositalari ishtirok etmoqda. Onlayn va offlayn shakldagi tadbirlarda 4,5 ming nafarga yaqin delegat qatnashmoqda.

Oʻzbekiston yetakchisi Muhammad Al-Jassirni ITB prezidenti lavozimiga saylangani bilan yana bir bor tabrikladi.

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari ITB bilan sheriklikning izchil kengayib borayotganini yuksak baholab, Bank Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlarning yangi dasturini qoʻllab-quvvatlayotgani va uni ilgari surishga muhim hissa qoʻshayotganini alohida qayd etdi.

Bugungi kunda amaliy hamkorlik portfeli transport, uy-joy kommunal infratuzilma, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, taʼlim, tadbirkorlik va boshqa ustuvor yoʻnalishlarni qamrab olgan qiymati 2,5 milliard dollardan ortiq boʻlgan 30 ta loyihadan iborat.

Uchrashuvda koʻp qirrali sheriklikni kengaytirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu borada 2022-2025 yillarga moʻljallangan yangi hamkorlik dasturini tez fursatda qabul qilish va amalga oshirish hamda Toshkent shahrida Bankning toʻlaqonli vakolatxonasini ishga tushirish, moliyalashtirish instrumentlari samaradorligini oshirish muhim ekani taʼkidlandi.

Yangi tashkil etilayotgan Oʻzbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamgʻarmasi faoliyati xususiy tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar farovonligini oshirish uchun samarali mexanizm boʻlib xizmat qilishiga umid bildirildi.

Oʻzbekiston va ITB oʻrtasidagi strategik sheriklik va keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida oʻzaro yaqindan ishlash va faol muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.