Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurgan Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Maminni 1 noyabr kuni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Prezidentimiz mehmonni samimiy qutlar ekan, qardosh mamlakatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan va ishonchga asoslangan uchrashuvlari hamda ularning natijasida erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini, strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Asqar Mamin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyilgani, oʻzaro savdo hajmi ortib, investitsiya, bank-moliya, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik kengayib borayotgani alohida taʼkidlandi. Oʻzbekistonda oʻtayotgan Qozogʻiston yili doirasida hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.
Ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatga oid dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.