Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlari sammitidagi nutqi

0
163
marta koʻrilgan.

Hurmatli Rais Si Szinpin janoblari!

Muhtaram hamkasblar, aziz doʻstlar!

Sizlarni samimiy qutlayman hamda Xitoy Xalq Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bildirilgan tabriklarga qoʻshilaman.

Si Szinpin janoblariga uchrashuvimiz tashkil etilgani uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Oʻtgan 30 yilda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar jadal va barqaror tus oldi.

Hamkorligimizni yanada rivojlantirish maqsadida eʼtiborni quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga qaratish muhim, deb hisoblaymiz.

Birinchi. Ipak yoʻlining Iqtisodiy makonini barpo etish borasidagi tashabbusning muhim vazifasi savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli Oʻzbekistonning Xitoy bilan tovar ayirboshlashi 30 yilda 140 karra koʻpaydi. Xitoyning iqtisodiyotimizga investitsiyalari hajmi 2017 yildan buyon besh barobar ortdi.

Shu bilan birga, ushbu koʻrsatkichlar mavjud ulkan salohiyatni toʻliq aks ettirmayapti.

Bugun Xitoy – bu nafaqat “global fabrika”, balki “global bozor” hamdir.

Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy iqtisodiyotlarining bir-birini toʻldirib turuvchi ustunliklarini hisobga olgan holda ushbu imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishdan manfaatdormiz.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Xitoyga toʻsiqlarsiz savdoni taʼminlash va tayyor mahsulotlar yetkazib berish hajmini oshirish boʻyicha manzilli choralar koʻrish, Xitoy texnologiyalarini jalb qilgan holda mintaqa mamlakatlari import qilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun umumiy sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish makonini shakllantirish koʻzda tutilgan Yangi “Xitoy – Markaziy Osiyo” iqtisodiy muloqoti qoʻshma strategiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Ikkinchi. Transport infratuzilmasi Markaziy Osiyo va Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojining drayveridir.

“Xitoy – Markaziy Osiyo” yoʻnalishi boʻylab yetkazib berishda pandemiya oqibatida kelib chiqqan logistik uzilishlar mamlakatlarimizning koʻplab tarmoqlarini zarur uskunalar va xomashyosiz qoldirdi.

Bu holat ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish muddatlari va sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Shu munosabat bilan yuk oqimining uzluksizligini taʼminlash va transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish uchun tizimli yechimlar ishlab chiqishni favqulodda muhim deb hisoblaymiz.

Shu bilan bir qatorda, “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish loyihasini amaliy roʻyobga chiqarishga joriy yildayoq kirishish muhim.

Ushbu masalalarni tezkor hal qilish maqsadida Markaziy Osiyo va Xitoy mamlakatlari hukumat rahbarlarining oʻrinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi qoʻmita tuzishni taklif etamiz.

Uchinchi. Pandemiyadan keyingi tiklanish va toʻrtinchi sanoat inqilobiga jadal oʻtish sharoitida raqamli texnologiyalarni keng qoʻllashning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Xitoyning bu sohada toʻplangan tajribasini hisobga olib, raqamli iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish, elektron hukumat, blokcheyn va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish sohasidagi oʻzaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishni taklif etamiz.

Ushbu yoʻnalishda amaliy natijalarga erishish maqsadida mamlakatlarimiz IT parklari negizida qoʻshma “Intellektual Ipak yoʻli” platformasini yaratishni taklif qilamiz.

Toʻrtinchi. Jamoat salomatligini saqlash va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish borasida mamlakatlarimiz hamkorligini mustahkamlashni muhim deb hisoblaymiz.

Juda qisqa muddatda koronavirusga qarshi Oʻzbekiston-Xitoy vaksinasini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, ushbu vaksinaning oʻn yetti millionta dozasi tayyorlangani diqqatga sazovor.

Fursatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Si Szinpin janoblari, Xitoy Hukumati va xalqiga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda Oʻzbekistonga beqiyos yordam koʻrsatgani uchun minnatdorlik bildiraman.

Farmatsevtika, anʼanaviy tibbiyot, vrachlar malakasini oshirish va soha shifoxonalari oʻrtasidagi sheriklik borasidagi hamkorligimizni kengaytirishga tayyormiz.

Umid qilamizki, tez fursatda vaksinatsiya pasportlarini oʻzaro tan olish yuzasidan kelishuvlarga erishamiz.

Beshinchi. Biz kambagʻallikni qisqartirish borasida izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishga aholi farovonligini taʼminlashning eng muhim sharti sifatida qaraymiz.

Xitoyning mutlaq kambagʻallik ustidan qozongan tarixiy gʻalabasini yuksak baholaymiz.

Xitoy tajribasini qoʻllagan holda Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar bizga hatto pandemiya sharoitida yarim millondan ziyod oilalarni kam taʼminlanganlar toifasidan chiqarish imkonini berdi.

2026 yilga borib kambagʻallik darajasini ikki barobar kamaytirishni maqsad qilganmiz.

Bu maqsadga erishish uchun agrar tarmoqni modernizatsiya qilish, shoʻrlangan va shoʻrxok yerlarda ekinlar yetishtirish, shahar va qishloq oʻrtasida ishlab chiqarish zanjirlarini yoʻlga qoʻyishda Xitoy bilan hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz.

Oltinchi. Pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida yaqin hamkorlik masalalari oʻtkir zaruratga aylanmoqda.

Mazkur vazifa yechimiga aholining oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan tez oʻsib borayotgan ehtiyojlarini qondirish boʻyicha avvaldan qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish orqaligina  erishish mumkin.

Shu maʼnoda, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha alohida rezolyusiya qabul qilinishi toʻgʻrisidagi tashabbusni birgalikda ilgari surishni taklif etamiz.

Ushbu hujjatda oziq-ovqat tarmogʻiga investitsiyalarni koʻpaytirish va “yashil yoʻlaklar” yaratgan holda oʻzaro yetkazib berishning samarali mexanizmlarini shakllantirish masalalari hisobga olinishi muhim, deb hisoblaymiz.

Yettinchi. “Iqlim” kun tartibini va “ekologik toza rivojlanish”ni birgalikda ilgari surish hamkorligimizning dolzarb yoʻnalishidir.

2026 yilga qadar Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya generatsiyasi ulushini 25 foizga yetkazish, 2030 yilgacha esa parnik gazlarini chiqarishni 35 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqdamiz.

“Yashil Ipak yoʻli” tashabbusi doirasida muqobil energetika, quyosh va shamol elektr stansiyalari uchun butlovchi qismlar va uskunalarni mahalliylashtirish, tarmoq uchun kadrlar tayyorlash sohalariga Xitoy investitsiyalari va texnologiyalarini jalb qilish boʻyicha hamkorlik “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Sakkizinchi. Madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash borasida Sizning, hurmatli Si Szinpin janoblari, tashabbusingiz rivoji sifatida kelgusi yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili” deb eʼlon qilishni taklif qilamiz.

Yoshlar davlatlarimiz aholisining yarmini tashkil etishini hisobga olib, akademik va talabalar almashinuvlariga, yoshlar festivallari, forumlari va sport musobaqalarini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratish muhimdir.

Hurmatli hamkasblar!

Raqobat kuchayib borayotgan va jahonning turli nuqtalarida mojarolar davom etayotgan sharoitda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, shu jumladan “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasida yanada yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega.

Qozogʻiston xalqining donishmandligi va Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevning qatʼiy harakatlari tufayli mamlakatdagi vaziyat normallashgani bizni quvontiradi.

Xavfsizlik – boʻlinmas, Qozogʻistonda tinchlik – butun mintaqamizdagi barqarorlik garovidir.

Afgʻonistondagi vaziyatning barqarorlashuvi va ushbu mamlakatda gumanitar inqiroz kuchayishining oldini olish  ustuvor masalalarimiz qatoriga kiradi.

“Xavfsiz Ipak yoʻli” konsepsiyasini amalga oshirish yoʻlida Afgʻoniston yoʻnalishidagi saʼy-harakatlarimizni muvofiqlashtirishni davom ettirish muhimdir.

Biz xitoylik hamkorlar bilan birgalikda Afgʻonistonda infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishdan ham manfaatdormiz.

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Hamkasblarim tomonidan bildirilgan barcha tashabbus va takliflarni, shuningdek, bugungi sammit yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonotni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.

Ushbu hujjatda koʻp qirrali sherikligimizni yanada mustahkamlashning muhim masalalariga doir umumiy yondashuvlar oʻz aksini topgan.

Diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash boʻyicha ishlab chiqilgan rejani birgalikda amalga oshirishga tayyormiz.

Soʻzimning yakunida bugungi uchrashuv tashkil etilgani uchun Sizga, Si Siznpin janoblari, yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman hamda Sizni va butun Xitoy xalqini yaqinlashib kelayotgan Bahor bayrami – Chunsze bilan muborakbod etaman.

Xitoylik doʻstlarimizga Pekindagi qishki Olimpiya oʻyinlari muvaffaqiyatli oʻtkazilishini tilaymiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.