Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi

0
214
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

Hurmatli deputat va senatorlar!

Muhtaram mehmonlar!

Jonajon Oʻzbekistonimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qoʻymoqda. Hayotimizning barcha jabhalarida ulkan oʻzgarishlar yuz bermoqda.

Behisob shukur, bu yil aholimiz 36 milliondan oshdi. Har yili safimizga qariyb 900 ming yangi avlod qoʻshilmoqda.

Oʻzbekiston deb atalmish katta va inoq oilaning har bir aʼzosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yoʻlida tinimsiz izlanyapmiz.

Yakuniga yetayotgan 2022 yil gʻoyat murakkab va sinovli yil boʻldi, desam, har tomonlama toʻgʻri boʻladi. Ushbu davrda toʻplagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi.

Shu bois, pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga qaramasdan, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan erishgan ayrim yutuqlarimizni aytib oʻtishni oʻrinli, deb bilaman.

Keng koʻlamli va samarali islohotlarimiz natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi.

Iqtisodiyotimizga shu yilning oʻzida 8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kirib keldi, eksportimiz esa, 19 milliard dollarga yetdi.

Bunday katta natijalar ilgari boʻlmagan.

Biz bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqdik. Misol uchun, 2017 yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilalarga koʻmak berilmoqda. Ajratilayotgan mablagʻlar esa, 7 barobar koʻpaytirilib, yiliga 11 trillion soʻmga yetdi.

Biz ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosatini izchil davom ettiramiz.

Bu raqamlarni aytish oson. Ularning har biri ortida mashaqqatli mehnat turibdi. Chunki inson qadri, insonni eʼzozlash – eʼtiborimizdagi eng asosiy masala.

Shu maqsadda oxirgi olti yilda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joylar qurdik.

Bu davrda qoʻshimcha 500 ming oʻquvchi oʻrni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetdi. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni yaratish boʻyicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.

Xalqimiz sogʻligʻini saqlash uchun barcha tibbiy xizmatlarni eng chekka tuman va mahallalar darajasigacha tushiryapmiz.

Odamlarimizni kasb-hunarli qilish, ularning biznesiga keng yoʻl ochish, haqiqiy mulkdor boʻlib, daromad topishi uchun zarur sharoitlarni yaratmoqdamiz.

Bu yil 381 nafar sportchimiz jahon va Osiyo musobaqalarida, 43 nafar iqtidorli va bilimdon yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgani barchamizni albatta quvontiradi.

Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz oila davrasida, haj va umra ziyoratlarida shukronalik duolarini qilayotgani bizga kuch va gʻayrat bagʻishlamoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgani, xalqaro hamjamiyat buni keng eʼtirof etayotgani ham ayni haqiqatdir.

Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda oʻnlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarga mezbonlik qildik va muhim tashabbuslarni ilgari surdik. Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Mana shunday katta yutuqlarga erishishda fidokorona mehnati bilan munosib hissa qoʻshgan har bir yurtdoshimizga oʻz minnatdorligimni bildiraman.

Jahonning ilm-fan, madaniyat va sport shohsupalarida bayrogʻimizni baland koʻtarayotgan oʻgʻil-qizlarimiz, shijoatli yoshlarimizga yangi-yangi zafarlar tilayman. Ular bizning faxrimiz-gʻururimizdir.

Chegaralarimiz daxlsizligi va tinchligimizni koʻz qorachigʻidek himoya qilib kelayotgan Vatanimiz posbonlariga ham ezgu tilaklarimni yoʻllayman.

Qadrli faxriylarimiz, muhtarama opa-singillarimiz, tadbirkor va fermerlarimizga hurmat-ehtiromimni izhor etaman.

Islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan xorijiy hamkorlarimizga, bugungi anjumanda qatnashayotgan diplomatik korpus vakillariga ham tashakkurlarimni aytaman.

Albatta, erishayotgan barcha yutuqlarimiz, inson qadri ulugʻ boʻlgan diyor – Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi dastlabki natijalardir. Biz bunyodkor xalqimiz bilan birga bunday ezgu ishlarni davom ettiramiz va oldimizga qoʻygan katta-katta marralarga albatta erishamiz.

Hurmatli yurtdoshlar, qadrli mehmonlar!

Hammamiz koʻrib-bilib turibmiz – bugun insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yer yuzida iqlimning keskin oʻzgarishi, suv va boshqa tabiiy resurslar kamayishi bilan bogʻliq muammolar katta xatarlarga aylanmoqda.

Xalqaro munosabatlarda oʻzaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning ortishi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda.

Afsuski, bunday xavf-xatarlar bizni ham chetlab oʻtmayapti.

Qoraqalpogʻistonda shu yil yoz oyida sodir boʻlgan noxush voqealar butun el-yurtimizni qattiq qaygʻuga soldi. Xudoga shukur, koʻp millatli xalqimizning oqilligi va donishmandligi bilan vaziyat tezda izga tushdi.

Biz uchun “Qoraqalpogʻistonning yutugʻi – butun Oʻzbekistonning yutugʻi, Qoraqalpogʻistonning tashvishi – butun Oʻzbekistonning tashvishi” degan gʻoya hamisha amaliy harakat dasturi boʻlib kelgan va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi.

Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi Oʻzbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpogʻistonni bunyod etishdir.

Asrlar davomida et va tirnoq kabi bir boʻlib ketgan xalqlarimiz doʻstligiga hech qanday kuch taʼsir koʻrsata olmaydi. Chunki bizning oʻtmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir.

Biz jonajon Vatanimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlashga har tomonlama qodirmiz. Tinch va osoyishta hayotimizni asrab, mustaqilligimizni mustahkamlab, barqaror taraqqiyot yoʻlimizni jadal davom ettiramiz!

Aziz doʻstlar!

Bir hayotiy haqiqatni taʼkidlamoqchiman – bugun zamon har qachongidan ham tezlashdi. Farovonlik oshgani sayin aholimizning talab va ehtiyojlari ham ortib bormoqda.

Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pogʻonaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham oʻzgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni koʻrib, koʻrmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi boʻlmaydi.

Shu bois, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan gʻoyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak. Hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib boʻlmaydigan xavf-xatarlarni yengib oʻtishga qodir boʻlgan milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlashimiz zarur.

Shularni eʼtiborga olgan holda, Asosiy qonunimizni takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Ushbu islohotdan xalqimiz katta oʻzgarishlar kutmoqda. Bugungi kunga qadar bu borada 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani ham buning yaqqol dalilidir.

Muhokamalar qizgʻin davom etmoqda. Bu jarayonda deputatlarimiz, siyosiy partiyalarimiz masʼul va faol boʻlib, har bir taklifga jiddiy yondashayotganini koʻrib turibmiz. Buning uchun ularga rahmat aytaman.

“Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyili asosida barcha masalalar boʻyicha xalqimiz bilan bamaslahat ish tutamiz.

Umuman, maʼno-mazmuni inson qadrini ulugʻlash ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi Oʻzbekistonga mos boʻlgan Konstitutsiyani har tomonlama oʻylab, shoshilmasdan ishlab chiqishimiz kerak.

Fuqarolarimiz bildirgan barcha taklif va istaklar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi.

Eng muhimi – har bir vatandoshimiz konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor boʻlishi va “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb yuksak gʻurur va iftixor bilan ayta olishi kerak.

Muhtaram yurtdoshlar!

Kelgusi yilga rejalarni toʻgʻri olish uchun xalqimizning fikrini har bir yoʻnalish boʻyicha chuqur tahlil etib, 20 mingga yaqin takliflarni muhokama qildik.

Odamlarimiz taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot yoʻnalishlarida aniq-aniq masalalarni koʻtarib, ular boʻyicha tizimli yechimlarni ham taklif etmoqda.

Aholimiz bizdan maktab, bogʻcha va shifoxonalarni koʻpaytirish, taʼlim va tibbiyot sifatini oshirishni, mahallada yoʻl, suv, elektr, transport muammolarini hal qilishni, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar yaratishni, adolatni taʼminlash, ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiyani yoʻq qilishni kutmoqda.

Koʻtarilgan masalalar aniq va oʻrinlidir. Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz bu muammolarni yechishimiz shart. Hech kim chetdan kelib, bularni hal qilib bermaydi. Odamlarimizning tashabbusi, shijoati va salohiyatini ishga solish uchun barcha sharoitlarni tugʻdirib berish asosiy vazifamiz boʻlishi kerak.

Xalqimizga qancha imkoniyat yaratsak, buning foydasi jamiyatimizga oʻn karra, yuz karra boʻlib qaytadi.

Shu bois, kirib kelayotgan yangi, 2023 yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berishni taklif qilaman.

Nima uchun yilga bunday nom beryapmiz?

Biz Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini taʼminlashni ustuvor vazifa etib belgiladik. Bu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmasligi, doimo bardavom boʻlishi barchamizga ayon.

Aslida ham, bizning eng bebaho boyligimiz, bu – bunyodkor xalqimiz, duogoʻy ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emasmi?

Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sogʻligʻi joyida boʻlishi, yaxshi taʼlim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak boʻlsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yoʻldan aslo toʻxtamaymiz.

Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir.

Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:

“Zakovat bor joyda ulugʻlik boʻladi,

Bilim bor joyda buyuklik boʻladi”.

Shuning uchun ushbu sohada boshlagan islohotlarimizni davom ettirishimiz, taʼlim dargohlariga borib, oʻqituvchi va murabbiylar bilan koʻproq muloqot qilib, oʻquv-tarbiya ishlari sifatini oshirish boʻyicha ular qoʻygan masalalarni birgalikda hal etishimiz kerak.

Biz kelgusi yil Davlat dasturiga xalqimiz koʻtargan barcha masalalarni aniq yechimlari bilan kiritamiz. Ushbu jarayonlarda deputat va senatorlar, mahalla vakillari, ziyolilar, yoshlar, tadbirkorlar va keng jamoatchiligimizdan faol boʻlishlarini, yangi-yangi taklif va tashabbuslar bildirishlarini soʻrayman.

Hurmatli deputat va senatorlar!

Endi 2023 yildagi ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Birinchi yoʻnalish. Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʻtishni taklif qilaman.

Nima uchun soʻzni aynan shu yoʻnalishdagi islohotdan boshlayapman?

Oldinlari eʼtibordan chetda qolib, “yoʻq boʻlib ketish” arafasida boʻlgan sohalarni “oyoqqa turgʻizish” uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil qilishga toʻgʻri keldi. Shunday qilishga majbur edik, aks holda hozirgi yutuqlarimiz boʻlmas edi.

Maktabgacha taʼlim, uy-joy kommunal, “mahallabay” ishlash, investitsiya, davlat xizmatlari, davlat-xususiy sheriklik sohalarida katta natijalarga erishdik. Xususiy sektor va tadbirkorlikning rivojlanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi. Aholimizning faolligi, zamonaviy texnologiya va kasb-hunarlarga intilishi oshib bormoqda. Iqtisodiyotimizda kundan-kunga yangi-yangi yoʻnalish va sohalar yaratilmoqda.

Bu borada xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qoʻl boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga oʻtish vaqti keldi.

Ochiq aytish kerak – hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish koʻp, keraksiz shtatlar bor. Markazlashuv yuqori. Oqibatda bugungi murakkab masalalarga toʻgʻri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda.

Vazirlarning Hukumat qabul qilayotgan qarorlarda, taʼbir joiz boʻlsa, “ovozi yoʻq”. Yaʼni, ularning ushbu qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy etishdagi ishtiroki va masʼuliyati yetarli emas. Endi vazirlarning bunday eskicha usulda ishlashga haqqi yoʻq.

Agar vazirning oʻz sohasi boʻyicha uzoqni koʻzlagan aniq yondashuvlari boʻlmasa, uning faoliyati tufayli odamlarning ogʻiri yengil boʻlmasa, oʻzingiz ayting, bunday rahbardan nima naf bor?

Shuning uchun yangi maʼmuriy islohotlar toʻgʻrisidagi Farmonni imzoladim. Bunga uzoq tayyorgarlik koʻrdik.

Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan oʻzgaradi. Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytiriladi.

Endi har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul boʻlib, tarmoq tarkibidagi qoʻmita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi.

Koʻp vazirlar oʻzgaradi. Oʻz sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi boʻlayotgan vazirlar lavozimida qoladi. Oʻylaymanki, bunday yondashuv adolatli boʻladi.

Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablagʻlar ijtimoiy masalalarga yoʻnaltiriladi.

Har bir vazirning siyosiy maqomi, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi masʼuliyati oshiriladi. Bunga mos ravishda javobgarligi ham kuchaytiriladi. Ularga aholi muammolarini hal qilish uchun yetarli vakolat va mablagʻ beriladi.

Vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon boʻladi.

Biz korrupsiya haqida koʻp gapiramiz, lekin vazirlik tizimida korrupsiyaga yoʻl qoʻyilsa, nima uchun vazir javob bermasligi kerak? Endi soʻrov boshqacha boʻladi. Vazir oʻzi rahbarlik qilayotgan sohaga ajratilgan mablagʻlarni samarali va maqsadli ishlatish boʻyicha birinchi boʻlib oʻzi javob beradi.

Imom Moturidiy bobomizning: “Elu yurt bilan hamdard boʻlib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga boʻlgay”, degan hayotiy hikmati har bir vazir, har qaysi rahbarning ongi, qalbi va harakatida muhrlanishi lozim.

Davlat vakillari oʻzining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak.

Endi vazirlarning siyosiy masʼuliyati oshirilib, Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotiga oid muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bevosita vazirlar ishtirokida kollegial hal etiladi.

Har bir viloyatdagi muammolarni yechish uchun har oyda joyiga chiqqan holda, “Hukumat kuni” oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi.

Vazir har yilning boshida jamoatchilik oldida sohadagi rejasi va yil yakuni bilan esa uning natijasi boʻyicha hisobot beradi.

Taʼkidlab aytmoqchiman – endi qaysi vazir oʻz ishini eplay olmasa, isteʼfoga chiqadi.

Shu oʻrinda yana bir fikrni Parlament vakillariga yetkazmoqchiman.

Soʻnggi yillarda koʻp vakolatlarni Oliy Majlisga oʻtkazdik, ularni yanada kengaytirishni oʻylayapmiz. Yangi vazirni tayinlashda ham deputatlar ishtirok etmoqda, rejalari bilan tanishib, maʼqullayapti. Lekin, afsuski, keyinchalik faqat tanqid bilan cheklanmoqda.

Maʼlumki, sohalar boʻyicha ikkala palatada ham qoʻmitalar, komissiyalar bor. Aslida, ular vazirlarga qaysi yoʻnalishda yoki hududda ish yaxshi ketmayotganini koʻrsatishi, kamchiliklar boʻyicha joyiga chiqib, aholi fikrini oʻrganib, masalaga birgalikda yechim topishlari lozim.

Shu bois, vazir faoliyatini samarali tashkil etishda parlamentdagi qoʻmita, komissiya va deputatlarning ham masʼuliyatini belgilash toʻgʻri boʻladi, deb hisoblayman.

Albatta, tanqid ham kerak. Ammo hozirgi deputatlarga berilgan katta vakolat va imkoniyatlardan samarali foydalanish lozim.

Men ham uzoq yillar deputat boʻlib ishlaganman, oʻsha davrda Parlamentda hisobot bergan vazirlarni kamdan-kam koʻrar edik. Hozir esa vaziyat mutlaqo boshqacha-ku! Shuning uchun eng muhim masala – yurt taqdiriga daxldor boʻlib, xalqimizni rozi qilish uchun hammamiz birgalikda ishlashimiz kerak.

Umuman, Parlamentimizning ish uslubini yaxshilash va faoliyat samaradorligini oshirish ham Konstitutsiyamizda oʻz aksini topishi zarur.

Maʼmuriy islohotlarning ikkinchi bosqichi sifatida kelgusi yilda hududlardagi boshqaruv tizimi ham isloh qilinadi.

Barcha maʼmuriy islohotlar doirasidagi yangi tashabbuslar Konstitutsiyamizda albatta belgilab qoʻyilishi lozim. Oʻylaymanki, sizlar ham bunga qoʻshilasizlar.

Bu yil “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi yangi qonunni qabul qildik. Bundan buyon davlat lavozimlariga faqat konkurs asosida ishga qabul qilinadi. Barcha rahbarlar faoliyati samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholab boriladi.

Har yili 500 nafar mutaxassisni eng nufuzli xorijiy oliygoh va markazlarda oʻqitib kelamiz.

Kelgusi ikki yilda har bir tuman va shahar hokimligiga respublika idoralarida yuqori lavozimlarda ishlagan, bilimli va tajribali kadrlar qoʻyiladi.

Yangi yildan boshlab har bir hokim oʻz tumaniga 40-50 million dollar xususiy investitsiyalarni olib kelishi kerak boʻladi.

Vazirlar faqat davlat mablagʻini sarf qilmasdan, oʻzlari ham tashabbus koʻrsatib, xususiy investitsiyalarni jalb qilishlari lozim. Masalan, davlat-xususiy sheriklik orqali qishloq, suv, oʻrmon xoʻjaliklari, transport sohalariga bemalol yiliga 1 milliard dollargacha sarmoya olib kelish mumkin.

Maʼmuriy islohotlar doirasida yana bir muhim tashabbusni ilgari surmoqchiman.

Hozirgi kunga kelib Markaziy Osiyoda aholisi milliondan ortiq shaharlar 7 taga yetdi. Mintaqamizda poytaxtlar bilan bir qatorda boshqa yirik shaharlar ham “oʻsish nuqtalari”ga aylanmoqda. Bularning orasida Samarqand va Namangan shaharlari ham bor. Ularning har birida aholi soni bir millionga yetmoqda. Ikkala shaharda ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Samarqand shahri dunyo taniydigan megapolisga, xalqaro turizm va biznes markaziga aylanmoqda. Namangan ham sanoat, tadbirkorlik, taʼlim, madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida oʻz oʻrnini topmoqda. Shu bois, Samarqand va Namangan shaharlarini alohida maʼmuriy-hududiy birliklar sifatida respublika boʻysunuviga oʻtkazishni taklif qilaman.

Bu poytaxtimiz Toshkent bilan bir qatorda “oʻziga tortuvchi markazlar”ni koʻpaytirish boʻyicha boshlagan siyosatimizda yangi amaliy qadam boʻladi; jon boshiga daromad, ish joylarini koʻpaytiradi; ikkala viloyatda ham tumanlarni rivojlantirishga koʻproq eʼtibor qaratiladi va buyam adolatdan boʻladi.

Endi ushbu viloyat hokimlari faqat yirik shaharlar bilan emas, tumanlarda sharoitlarni yaxshilash boʻyicha ham ishlashi talab etiladi.

Har ikkala shaharni rivojlantirish dasturi Vazirlar Mahkamasida tasdiqlanib, ularning ijrosi uchun bevosita Bosh vazir javob beradi.

Ikkinchi yoʻnalish. Biz Yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak.

Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, demakdir.

Shu bois, birinchi navbatda, eʼtiborni Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratamiz.

“Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”.

Maʼrifatparvar jadid bobolarimizning bu soʻzlari deputat va senatorlarimiz, siyosiy partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat apparati, keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerak. Shu bois, maktablarda taʼlim sifati hamda jamiyatda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri boʻladi.

Oʻqituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarur, deb hisoblayman.

Kelgusi yildan boshlangʻich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Hozirgi vaqtda ular xalqaro ekspertizadan oʻtib, oʻzimizda sinovdan oʻtkazilmoqda. Lekin yuqori sinflarda-chi? Ochiq aytish kerak, ularda berilayotgan taʼlim va tarbiya sifati, oʻqituvchilarning bilimi va mahoratini talab darajasida, deb boʻlmaydi.

Bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta oʻzlashtirib, kompyuterda ishlashni oʻrganib chiqishi zarur. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, sanʼat va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim.

Oʻquvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish zarur.

Mana, maktablarimizga qanday muhit kirib kelishi kerak!

Bu borada Prezident maktablarida 130 ta mamlakatda maʼqullangan “A-level” taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilgani oʻz samarasini bermoqda.

Bu jarayonda har bir oʻquvchi oʻzining qobiliyatiga qarab, aniq yoʻnalishlar boʻyicha chuqur oʻqitiladi, dunyoning nufuzli oliygohlariga kirish imkoniyatlari kengayadi.

Shu bois, 2023 yildan maktab taʼlimini xalqaro taʼlim dasturlari asosida butunlay isloh qilishni boshlaymiz.

Bu ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilgʻor taʼlim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil qilinadi. Milliy oʻzligimiz timsoli, maʼnaviyatimiz asosi boʻlgan ona tilimizga eʼtibor yanada kuchaytiriladi.

Hozirgi ochiqlik siyosati, chet el investitsiyalari va yangi korxonalarning ortib borayotgani yoshlarimizni zamonaviy bilimlar va xorijiy tillarni oʻrganishga undamoqda. Shu bois, maktablarga yuqori malakali xorijiy oʻqituvchilarni olib kelishga majbur boʻlyapmiz.

Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha maktab jamoalariga murojaat qilmoqchiman.

Jondan aziz bolalarimiz maktabdan chet tillarni, kasb-hunar va kompyuter savodxonligini puxta oʻrganib chiqsa, bilasizlarmi, jamiyatimiz qanday oʻzgaradi?

Yangi Oʻzbekistonda maktab jamoalari va muallimlarining masʼuliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon boʻladi. Va men ishonaman – siz, jonkuyar oʻqituvchilarimiz bu vazifani sharaf bilan uddalaysizlar.

Kelgusi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning sonini 1 mingtaga yetkazamiz.

Yil boshidan Qoraqalpogʻiston va Xorazmda 285 ming nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyildi. Bu borada yetarli tajriba orttirdik.

Kelgusi oʻquv yilidan boshlab ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion soʻm ajratiladi. Bu jarayonlarni shaffof tizim asosida tashkil etish, farzandlarimizni sogʻlom va sifatli ovqat bilan taʼminlashga Xalq taʼlimi vaziri masʼul va javobgar boʻladi.

Taʼlim sohasidagi navbatdagi muhim yoʻnalish, bu – yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.

Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelayotgani hammamizni oʻylantirishi kerak. Shu bois, 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarur.

Bu maqsadda 2023 yildan boshlab yangi dastur amalga oshiriladi. Har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy taʼlim standartlari joriy etiladi. Kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinadi.

Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashni kengaytiramiz. Kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi. Bu tizim bizda hozirgacha boʻlmagan. Loʻnda aytganda, yangi zamon injenerlari tayyorlash tizimini yaratamiz.

Soʻnggi olti yilda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetishi natijasida bugungi kunda 2 millionga yaqin bola bogʻchaga bormoqda. Yaqinda Toshkent shahrida oʻtkazilgan YUNYeSKOning Maktabgacha taʼlim boʻyicha Umumjahon anjumanida ham bu islohotlarimiz yuksak eʼtirof etildi.

Shu bilan birga, kelgusi besh yilda qamrovni 80 foizga yetkazish uchun 600 ming yangi bogʻcha oʻrni kerak. Bu – juda katta marra. Shu bois, bogʻchalar sonini koʻpaytirish, ulardagi taʼlim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash boʻyicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Bogʻcha qamrovini kengaytirish boʻyicha xususiy sektorga qoʻshimcha sharoitlar yaratiladi.

Soʻnggi yillarda oliygohlarimiz 2,5 barobar koʻpayib, 198 taga yetdi, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi.

Biz bu raqamlarni yanada koʻpaytirishni maqsad qilganmiz. Lekin, taʼlim sifati nima boʻladi, degan savol hammamizni oʻylantirishi kerak.

Avvalambor, bunga har bir oliygoh oʻzi harakat qilishi lozim, oʻshanda natija boʻladi.

Bu borada 41 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi, ularda transformatsiya ofislari ochildi. Oliygoh rektorlari, professor va oʻqituvchilar bu jarayonlarda faol boʻlishlari, yangi, ilgʻor metodikalarni joriy qilishlari kerak.

Kelgusi yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli taʼlim kreditlariga resurslar 2 barobar koʻpaytirilib, 1,7 trillion soʻm ajratiladi.

Bu yil ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Bu – 2017 yilga nisbatan qariyb 6 barobar koʻp, degani.

Olimlarning ish haqi ham 4,5 barobar oshirildi.

Bularning barchasi hisobidan nano va biotexnologiyalar, raqamli geologiya kabi 18 ta yangi ilmiy yoʻnalish tashkil etildi.

Kelgusi yili ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion soʻm ajratiladi.

Endi olimlarimiz suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi bugungi kunda biz uchun dolzarb yoʻnalishlarda aniq natijalar koʻrsatishlari kerak.

Hurmatli yurtdoshlar!

Xalqimizning malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytiramiz.

Avvalo, bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi qonun bilan belgilanadi.

Ajratilayotgan mablagʻlar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sugʻurtasiga oʻtishni tezlashtiramiz. Kelgusi yili bu tizim Toshkent shahrida boshlanadi. Bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi.

Shu oʻrinda bir ogʻriqli masalani aytib oʻtmoqchiman. Bugungi kunda 7 million aholimizda turli xil surunkali kasalliklar bor.

Sogʻlom hayot tarzi haqida olti yildan beri gapiryapmiz. Lekin Sogʻliqni saqlash vazirligi buni hali joy-joyiga qoʻya olmayapti. Sogʻlom ovqatlanish ratsioniga doir tavsiyalar odamlarga yetkazilmayapti, turli yoshdagi kishilar uchun jismoniy mashqlarni oʻrgatish ishlari yoʻq. Aslida, inson salomatligi, tibbiyotning zamini ham shular-ku! Shu bois, “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” yangi umummilliy harakatini mahalladan boshlaymiz. Bu harakatda yoshu qari – barcha yurtdoshlarimiz oʻz oʻrnini topishi kerak.

Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish ishlari davom ettiriladi. Kelgusi ikki yilda har bir oilaviy poliklinika va shifokor punktiga eng kerakli uskuna va jihozlar yetkazib beriladi, ekspress laboratoriyalar toʻliq yangilanadi.

Yangi yilda qoʻshimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalari, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etiladi.

Shu bilan birga, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish boʻyicha uch yillik katta dastur amalga oshiriladi. Barcha tugʻruq komplekslari toʻliq taʼmirlanadi va jihozlanadi, oʻrinlar soni 35 foizga koʻpaytiriladi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda 15 mingga yaqin onkologik bemorlar nur yordamida davolanishga muhtoj. Shu bois, kelgusi yilda Samarqand, Fargʻona va Xorazmda, davlat-xususiy sheriklik asosida Radiologiya markazlarini tashkil etish loyihalarini boshlaymiz.

Muhtaram qoʻshma majlis qatnashchilari!

Maʼlumki, barcha islohotlarimiz zamini va koʻzgusi bu – mahalla. Jamiyatimizdagi barcha jarayonlar mahalla hayotida oʻz ifodasi va amaliy yechimini topadi.

Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya qoʻrgʻonidir. Shuning uchun ham bundan buyon davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushiriladi.

Avvalambor, 2023 yilda aholi tomonidan taklif berilgan suv, elektr energiyasi, yoʻl, maktab kabi yoʻnalishlar boʻyicha loyihalar uchun qariyb 3 barobar koʻp, yaʼni 8 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Har bir mahalla oʻzining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega boʻlishi zarur.

Mahalla oʻzining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi. Buning uchun yangi yilda 1 yanvardan boshlab mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning oʻzida qoladi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyamizga aholining munosib hayot kechirishi va uy-joyga ega boʻlishi toʻgʻrisidagi yangi moddalarni kiritish lozim, deb hisoblayman.

Aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmini 1,5 barobar oshirib, 90 mingga yetkazamiz. Bu borada ikki yil oldin boshlangan imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlari berish davom ettiriladi.

Kelgusi yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanadi. Dastur doirasida, birinchi navbatda turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etiladi.

Bundan tashqari, jamoat transportidagi vaziyat mutlaqo oʻzgaradi. Toshkent shahri uchun qoʻshimcha ravishda 1 mingta zamonaviy avtobus sotib olinadi, 7 ta yer usti metro bekati ishga tushiriladi. Bularning hisobidan har kuni 500 mingdan ziyod poytaxt aholisi va mehmonlariga qoʻshimcha qulayliklar yaratiladi.

Hududlarda ham yoʻlovchi tashish sifatini yaxshilash maqsadida yana 1 mingta avtobus harakati yoʻlga qoʻyiladi. Bu orqali jamoat transporti boʻyicha ahvol ogʻir boʻlgan 300 ta mahalladagi 1 million aholining uzogʻi yaqin qilinadi.

Uchinchi yoʻnalish. Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozim.

Soʻnggi yillarda sud-huquq tizimida adolat oʻrnatish boʻyicha koʻp ish qildik. Shu bilan birga, odil sudlovni taʼminlash boʻyicha hali qoʻlimiz yetib bormagan masalalar bor. Afsuski, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bogʻliq holatlar uchramoqda.

Bu masalalar, eng avvalo, Oliy sud raisi va Bosh prokurorni tashvishga solishi kerak.

Nima uchun haligacha davlat hisobidan bepul taʼminlanadigan advokatlarni elektron tanlash tizimi ishga tushmadi? Kim bunga qarshi?

Bu masalani alohida nazoratga olib, tez kunlarda ushbu tizimning toʻliq ishga tushirilishini taʼminlashimiz zarur.

Shu bois, qisqa muddatda huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga oʻrgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratamiz. Bu masalada alohida Farmon imzolanadi.

Eng avvalo, odamlarimizning joylarda sudma-sud sarson boʻlib yurishlariga barham beriladi. Buning uchun adolatli hukm va qaror chiqarish boʻyicha viloyat sudlarining vakolati ham, masʼuliyati ham oshiriladi.

Tintuv oʻtkazish, telefon soʻzlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga oʻtkazamiz. Endi tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qoʻya olmaydi. Axir, biz xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish boʻyicha ozmuncha harakat qilyapmizmi?

Bundan buyon mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali boʻladi.

Tergov sifatini oshirish boʻyicha ham tizimli choralar koʻramiz. Tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashi kerak.

Shu bilan birga, sudda ishlarni koʻrishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus oʻqitiladi, ishni sudda koʻrishda xolis, mustaqil boʻlishi qonun bilan belgilanadi.

Odil sudlovni taʼminlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta koʻrib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar beriladi.

Nima uchun advokatga jinoyat ishi qoʻzgʻatish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilmaydi? Bunday holatda tenglik haqida qanday gapirish mumkin?

Endi sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga qabul qilinadi.

Ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi boʻyicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab oʻrganiladigan tizim joriy qilinadi.

Oxirgi paytlarda ayrim vaqtincha ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi boʻyicha ogʻriqli masalalar koʻtarilmoqda.

Bizning yurtimizda bunday holatlar umuman boʻlishi mumkin emas. Kim bunga amal qilmasa, qonun ustuvor, jazo muqarrar boʻladi.

Shu bois, bunday joylarga olib kelingan barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi joriy etiladi va yuzni tanish uskunasi oʻrnatiladi.

Hech kimning unutishga haqqi yoʻq – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat.

Bosh prokuror va Ichki ishlar vaziri bu haqiqatni har bir xodimiga yetkazib, taʼsirchan nazorat oʻrnatishi shart.

Ilgʻor xorijiy tajribalar asosida maʼmuriy sudlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqamiz.

Maʼmuriy sudlarga hokim qaroridan norozi boʻlib murojaat qilingan taqdirda, ishlarni eksterritorial tartibda, yaʼni boshqa hududda ham koʻrish amaliyoti joriy qilinadi.

Vazirlar ham, hokimlar ham bir haqiqatni yaxshi tushunib olishi kerak: Oʻzbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud boʻladi.

Bu borada Xalqaro tijorat sudini Oʻzbekistonda tashkil qilish boʻyicha ham amaliy ishlar boshlandi.

Yuqoridagi barcha tashabbuslarni Konstitutsiyada toʻgʻridan-toʻgʻri muhrlab qoʻyish lozim.

Shu oʻrinda biz uchun dolzarb muammo boʻlgan korrupsiya masalasiga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Oʻtgan ikki yilda 5 mingga yaqin mansabdor korrupsiyaga doir jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortildi. Lekin, ochiq aytish kerak, bu – masalaning sababi bilan emas, oqibati bilan kurashish.

Deputat va senatorlar, mahalliy kengashlar ham bong urib, aniq sohalarni tahlil qilib, korrupsiyani bartaraf etish boʻyicha faol boʻlishlari kerak emasmi?

Har bir deputat oʻzining okrugidagi byudjet hisobidan boʻlayotgan qurilishlar, yoʻllarni, har oyda borib koʻrsa, buyurtmachi va pudratchidan sifatni talab qilsa, bilasizlarmi, ahvol qanday oʻzgaradi? Buning uchun sizlarda yetarli vakolat ham, shijoat ham bor.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida alohida qonunlar qabul qilinib, huquqiy asoslar yaratildi.

Endi amaliy ishlarni kuchaytirish kerak. Sunʼiy monopoliyaga, yopiq sxemalarga, umuman korrupsiyaga imkon yaratadigan barcha boʻshliqlarga barham beriladi.

Toʻrtinchi yoʻnalish ekologiya, ayniqsa, suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani bilan bogʻliq.

Biz nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarni ham oʻylashimiz shart. Shu bois, Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish boʻyicha talablarni kuchaytirishimiz zarur.

Bilasiz, mamlakatimiz soʻnggi 3 yilda qurgʻoqchilikni boshdan kechirdi. Buning taʼsiri, ayniqsa, Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarimizda yaqqol sezildi.

Shu oʻrinda Amudaryo oʻzanida yangi kanal qurilishi boʻyicha qoʻshni Afgʻonistonning muvaqqat hukumati hamda jahon hamjamiyati bilan birga xalqaro meʼyorlar asosida va mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olish yuzasidan amaliy muloqotlar olib borish lozim, deb hisoblaymiz. Bunday yondashuv qoʻshnilarimiz tomonidan ham qoʻllab-quvvatlanishiga ishonamiz.

Umuman, soʻnggi 15 yilda yogʻingarchilik 25 foizga qisqardi. Yozda oʻta issiq kunlar davomiyligi ortgani oldimizda hali katta sinovlar borligidan dalolat beradi. Lekin hozirgi vaqtda ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yoʻqotishlar bor. Shu bois, suv xoʻjaligi tizimi isloh qilinadi.

Suvning hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimi joriy etiladi va kelgusi uch yilda 13 mingga yaqin suv xoʻjaligi obyekti raqamlashtiriladi. Shu bilan birga, 16 ta yirik nasos stansiyasi davlat-xususiy sherikchilik asosida modernizatsiya qilinadi va muqobil energiyaga oʻtkaziladi.

Bularga qoʻshimcha ravishda suv soligʻi boʻyicha tushumlarning bir qismi tumanlarda sugʻorish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yoʻnaltiriladi.

Hozirgi vaqtda butun dunyoda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham jiddiy ekologik muammolar paydo boʻlmoqda. Aksariyat hududlarimizda tuproq tarkibi buzilib, unumdor yerlar qisqarib borayotgani, choʻllanish, suv yetishmasligi, qurgʻoqchilik, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash shular jumlasidandir.

Tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish kelgusi yilda har bir mahalla aholisining madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerak. Bu borada mavjud vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun ekologiya va atrof-muhitni asrash boʻyicha saʼy-harakatlarimizni, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarimizni kuchaytiramiz.

Hurmatli xalq vakillari!

Biz qishloq xoʻjaligida islohotlarni qatʼiy davom ettiramiz.

Yer munosabatlari boʻyicha katta ishlarni boshlab, shu yilning oʻzida 100 ming gektar ekin yerini aholiga dehqonchilik qilish uchun boʻlib berdik. Buning hisobidan 1,5 million tonna qoʻshimcha oziq-ovqat yetishtirildi.

Eng asosiysi, qishloqlarda 400 mingta yangi dehqon xoʻjaligi tashkil qilindi, 1 million 200 mingdan ziyod odamlarimiz band boʻlib, daromad olyapti.

Agar shu islohotni qilmaganimizda, bozor va doʻkonlarimiz hozirgidek toʻkin boʻlarmidi, eksport shu darajaga yetarmidi, jon boshiga daromad oʻsarmidi?

Shu bois, 2023 yilda ham suv taʼminoti yaxshi boʻlgan 100 ming gektar qoʻshimcha ekin maydonlarini aholiga ajratamiz. Buning hisobidan qariyb 350 mingta yangi dehqon xoʻjaligi tashkil etiladi.

Agar jami 750 mingta yangi dehqon xoʻjaligini tadbirkorga, yer egasiga aylantira olsak, qishloqda juda koʻp ijtimoiy muammolar, avvalo, ishsizlik va kambagʻallik masalasi yechiladi. Men bunga ishonaman.

Viloyat va tuman hokimlari bu ishni samarali tashkil etishga masʼul va javobgar boʻlib, xalq oldida doimiy hisobot berib borishlari kerak. Buning uchun kooperatsiyani faol qoʻllab-quvvatlaymiz, kichik va oʻrta quvvatli saqlash korxonalari, saralash va qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantiramiz.

Umuman, agrar sohada yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish loyihalariga 2023 yilda 1 milliard dollar ajratiladi.

Beshinchi yoʻnalish. Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sogʻlom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Konstitutsiyada alohida oʻrin egallashi kerak.

Bugungi kunda dunyoda sodir boʻlayotgan keskin jarayonlardan barchangiz xabardorsiz. Jahonda murakkab geosiyosiy vaziyat, energiya resurslari tanqisligi kuchayib bormoqda, oziq-ovqatga ehtiyoj ortib, moliyaviy resurslar qimmatlashmoqda.

Bunday vaziyatda, qanchalik ogʻir boʻlmasin, iqtisodiy islohotlarni qatʼiy davom ettiramiz, ichki imkoniyatlarni toʻliq safarbar qilib, xususiy sektorni yanada qoʻllab-quvvatlaymiz. Buning uchun, eng avvalo, tadbirkorlik muhitini tobora yaxshilash boʻyicha islohotlarni jadallashtiramiz.

Birinchi navbatda, hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish boʻyicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi.

Biz chuqur tahlil qildik. Kelgusi yildan boshlab tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratiladi. Jumladan, tadbirkorlik uchun har tomonlama rivojlangan 26 ta tuman – 1-toifaga; infratuzilmasi yaxshi boʻlgan 46 ta tuman – 2-toifaga; sharoiti nisbatan qoniqarli boʻlgan 76 ta tuman – 3-toifaga; jozibadorligi yetarli boʻlmagan 40 ta tuman – 4-toifaga; sharoiti ogʻir boʻlgan 20 ta tuman – 5-toifaga toʻgʻri keladi.

Endi toifaga qarab, tumanlarning iqtisodiy rivojlanishini belgilaymiz. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil boʻladi.

Misol uchun, beshinchi toifaga kiruvchi, sharoiti eng ogʻir boʻlgan 20 ta tuman uchun aylanmadan olinadigan soliq, foyda soligʻi, ijtimoiy soliq stavkalarini 1 foiz miqdorida belgilaymiz. Mazkur tumanlardagi tadbirkorlar yer va mol-mulk soliqlari boʻyicha hisoblangan summaning atigi 1 foizini toʻlaydi. Yakka tadbirkorlar qatʼiy stavkadagi soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi.

Xuddi shunday, boshqa toifadagi tumanlarda kreditlarga pasaytirilgan foiz stavkalarini qoʻllash, infratuzilma xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish kabi bir qator yengilliklar beriladi.

Byudjet xarajatlari, aholi va tadbirkorlar oldidagi majburiyatlarimizni qisqartirmagan holda, biznesga soliq yukini kamaytirish boʻyicha ishlarni davom ettiramiz. Jumladan, 1 yanvardan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trillion soʻm mablagʻ qoladi. Lekin biznes muhitini yaxshilash uchun faqat soliqni kamaytirishning oʻzi yetarli emas.

Oʻtkazilgan soʻrovlarda 70 foiz tadbirkorlar soliq, bojxona, hokimiyat, elektr, kadastr, yongʻin xavfsizligi, sanitar nazorat kabi idoralar tomonidan maʼmuriy bosimlar borligini bildirgan. Shu bois, 2023 yilda nazorat qiluvchi va ruxsat beruvchi idoralar faoliyati yana bir marta tanqidiy koʻrib chiqiladi.

Birinchi navbatda, ilgʻor tajribalar asosida soliq va bojxona maʼmurchiligi jiddiy isloh qilinadi. Bunda hamma davlat idoralarida tadbirkorlarga servis xizmati koʻrsatishni baholash tizimi joriy qilinadi. Kelgusi yil shu masala bilan qattiq shugʻullanamiz.

Taʼkidlab aytmoqchiman: biz tadbirkorlik sohasida javobgarlikni yengillashtirish boʻyicha boshlagan islohotlarimizni jadal davom ettiramiz.

Hurmatli doʻstlar!

Xalqimiz ham, tadbirkor va investorlar ham bizdan dolzarb masala boʻlgan energetika sohasida aniq yechimlar kutayotgani sir emas.

Ochiq aytish kerak, energetika sohasidagi muammolar bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq.

Koʻp yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham ayni haqiqat. Oqibatda tizimda aniq hisob-kitob yoʻqligi, katta yoʻqotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi.

Shu bilan birga, soʻnggi olti yilda aholimiz 13 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobar ortib, 45 mingdan 100 mingtaga koʻpaydi. Natijada elektr energiyasiga talab kamida 35 foiz oshdi va yildan-yilga koʻpayib bormoqda.

Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerak. Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin.

Shu bois, soʻnggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilindi. Jumladan, oʻtgan haftada Buxoro, Namangan va Xorazmda quvvati 500 megavattli yana 3 ta quyosh stansiyasini qurish boʻyicha tanlov yakunlandi. Deputat va senatorlar tomonidan qabul qilingan yangi qonunlar buning uchun huquqiy asos boʻldi.

Yil boshidan quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirdik.

Kelgusi yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyihani yakuniga yetkazamiz. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobidan qoʻshimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga koʻpayadi.

Ochiq aytish kerak, koʻp iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga oʻtishni taklif qilmoqda.

Bu – toʻgʻri yoʻl. Men ham buni xohlayman. Lekin xalqimizning jon boshiga daromadi, ijtimoiy himoyasini oʻylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan, bosqichma-bosqich qilishimiz kerak.

Eng muhim masala – energiya resurslaridan samarali foydalanish.

Afsuski, iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqori. Shuning uchun energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini qabul qilamiz. Deputat va senatorlarimiz bu ishga bosh-qosh boʻlsa, albatta ijobiy natija boʻladi.

Uy, ishxona, bogʻcha, maktab va koʻchalarda odamlarimizga energiyaning qadriga yetish, uni tejashni oʻrgatish kerak. Qonunlarimizda ham bu masalalarni mustahkamlash zarur.

Shu bilan birga, kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish keskin oshiriladi. Misol uchun, Toshkent viloyatida Olmaliq, Bekobod kombinatlari va boshqa yirik korxonalar oʻz ehtiyojlari uchun 1 ming megavattli quyosh elektr stansiyalarini oʻrnatsa, yiliga 2,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali Toshkent viloyatining qariyb 30 foiz elektr isteʼmoli taʼminlanadi va 500 million kub metr gaz tejaladi.

Xuddi shunday asosda boshqa viloyatlar ham hisob-kitoblarini qilib, kelgusi yil uchun aniq rejalarini belgilab olishi kerak.

Respublikaning har bir tuman va shahar hokimi ham oʻz hududidagi xonadon va korxonalarda jami 5-10 megavattli qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirishi shart.

Agar ana shu masalaga jiddiy kirishsak, bu ishlar albatta natijasini beradi.

Umuman, kelgusi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari oʻrnatiladi. Ushbu maqsadlarda 2 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilinadi. Buning hisobidan ularning 60 foiz elektr va gaz isteʼmoli “yashil energiya”ga oʻtkaziladi.

Aholi xonadonlarida esa, quyosh paneli oʻrnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmi 2 barobar koʻpaytiriladi.

Umuman, “yashil energiya”ga tezroq oʻtmasak, bu borada qonunlarimizda ham aniq mexanizmlarni belgilamasak, aholimiz va tadbirkorlarimizni rozi qila olmaymiz.

Gaz zaxiralarini koʻpaytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari boʻyicha oʻn yillik dastur qabul qilamiz. Bunda yangi texnologiyalarni joriy etib, ilk bor chuqur qatlamlarda gaz qazib chiqarish ishlarini boshlaymiz. Jumladan, Ustyurtning yuqori istiqbolga ega chuqur qatlamlarida qidiruv ishlariga nufuzli xorijiy investorlar jalb qilinadi.

Gaz qazib chiqarishga oldin berilgan barcha litsenziyalar qayta koʻrib chiqiladi, samarasiz ishlayotgan korxonalar boʻyicha tegishli choralar koʻriladi.

Oltinchi yoʻnalish. Iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni koʻpaytirish uchun sharoitlarni yanada yaxshilaymiz.

Biz soʻnggi olti yilda investitsiyalar hajmini yalpi ichki mahsulotning 30 foizidan oshirishga erishdik.

Kelgusi yili qariyb 30 milliard dollar sarmoya jalb qilinadi, shundan 25 milliard dollar xususiy investitsiyalar boʻladi. Jumladan, umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyihani ishga tushiramiz va yana 40 ta yangi yirik loyiha boshlanadi.

Misol uchun, “Yoshlik” mis konini oʻzlashtirishning birinchi bosqichi yakuniga yetkazilib, 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3-misni boyitish fabrikasi ishga tushadi. Bu orqali Olmaliq kombinatining rudani qayta ishlash quvvati hozirgi 40 milliondan 100 million tonnaga yetadi.

Shu bilan birga, Olmaliqda misni boyitish fabrikasi va Mis eritish zavodi loyihalari boshlanadi.

Navoiydagi Pistali konida 4 million tonna oltin rudasini qayta ishlash majmuasining qurilishi yakunlanadi.

Metallurgiya sohasida amalga oshirilayotgan katta dasturlarimiz besh yildan keyin misni – 3 barobar, oltinni esa yiliga 150 tonnagacha oshirish imkonini beradi.

Kimyo, avtomobilsozlik va qishloq xoʻjaligi mashinasozligida ham katta-katta loyihalar ishga tushiriladi.

Shu bilan birga, faol investitsiyalarni jalb qilishda xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan toʻliq va samarali foydalanish zarur.

Kelgusi yili katta xususiylashtirishni boshlaymiz, 1 mingga yaqin korxona savdoga chiqariladi.

Bugun koʻnglimdagi bir niyatimni sizlarga ochiq aytmoqchiman. Mening katta niyatim – yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo boʻlsin. Odamlarimiz oʻz omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga ega boʻlsin.

Shuning uchun topshiriq berdim: kelgusi yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat banklarimizning aksiyalari oʻz aholimiz uchun ochiq va shaffof savdoga chiqariladi.

Bu chinakam xalqchil IPO boʻlishiga ishonaman.

Shu borada ilgari ham aytgan gapimni takrorlashni oʻrinli, deb bilaman: xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi.

Navbatdagi masala – 2023 yilda tayyor mahsulotlar eksportini qoʻshimcha 4 milliard dollarga oshirish asosiy maqsadimiz boʻladi.

Bu yil boshlangan “Yangi Oʻzbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi oʻz samarasini bermoqda. Bir yilning oʻzida 2 mingga yaqin tadbirkorlar ilk bor tashqi bozorlarga chiqdi.

Kelgusi yilda ham eksport qiluvchilarga transport va boshqa xarajatlarini kompensatsiya qilish davom ettiriladi.

Yevropa bozorlariga tekstil, elektr texnikasi, charm-poyabzal va boshqa tayyor mahsulotlar eksportini kamida 2 barobar oshiramiz. Mahsulotlar eksporti boʻyicha hozirgi 9 ta bosqichdan iborat bojxona rasmiylashtiruvi 3 barobar qisqaradi.

Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha asosiy muzokaralarni yakunlab, ichki qonunchilikni moslashtirish, yangi standartlarni joriy etish ishlarini jadallashtiramiz.

Umuman, 2023 yilda eksport hajmi tariximizda ilk bor 23 milliard dollardan ortadi.

Hurmatli deputat va senatorlar!

Dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda ochiq va pragmatik, oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni izchil davom ettiramiz.

Bundan keyin ham asosiy eʼtiborimizni Markaziy Osiyodagi barcha qoʻshni mamlakatlar va dunyodagi strategik sheriklarimiz boʻlgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga qaratamiz.

Milliy xavfsizlikni taʼminlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqamiz.

Shu oʻrinda deputat va senatorlarimiz, mahalla, nuroniy, xotin-qizlar va yoshlar faollariga, butun xalqimizga qarata aytmoqchiman: eng bebaho oliy neʼmat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulugʻ boylikni asrab-avaylaylik!

Shu maqsadda biz yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada koʻproq ahamiyat berishimiz kerak.

Yosh avlodimizni ana shunday barkamol, el-yurt uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalashda biz muhtaram nuroniylarimizga tayanamiz.

Hayotimizning fayzu farishtasi boʻlgan duogoʻy otaxon va onaxonlarimizning sihatgohlarda salomatligini tiklash, ularga mahalla va jamoat maskanlarida qoʻshimcha sharoitlar yaratishni davom ettiramiz.

Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, Oʻzbekistonni oʻzining Vatani deb biladigan, uning ravnaqi uchun hissa qoʻshib kelayotgan har bir fuqaro bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibori va ardogʻida boʻladi.

Millatlararo doʻstlik, diniy konfessiyalar oʻrtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab oʻtmayapti. Lekin takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm gʻoyalariga berilganlar boʻlishi mumkinmi?

Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz. Buning uchun nafaqat masʼul tashkilotlar, balki barchamiz birgalikda muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha oila, mahalla va taʼlim maskanlarida ish olib borishimiz zarur.

Bu muhim masalada alohida Milliy dastur qabul qilamiz.

Jamiyatimizning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, ilmiy-ijodiy tashkilotlar, muhtaram ziyolilarimiz faoliyatini qoʻllab-quvvatlash ham biz uchun ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻladi.

Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda ilm-maʼrifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat gʻoyalarini dadil koʻtarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur oʻrganishimiz lozim. Ularning ulugʻ maqsadlar yoʻlidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi Oʻzbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi boʻlib xizmat qilishi zarur.

Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida shu kunlarda davom etayotgan milliy koʻrgazma xalqimizning noyob tarixiy merosi, betakror madaniyati va anʼanalariga xorijda qiziqish qanchalik yuqori ekanini koʻrsatmoqda. Bunday tarixiy va madaniy boyliklarimizni yoshlarimizga va xorijiy turistlarga yanada kengroq tanishtirish, muzeylarni zamon talablariga moslashtirish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Qadrli yurtdoshlar!

Mana, sizlar bilan birgalikda 2023 yil uchun ulkan maqsad va vazifalarni belgilab oldik. Albatta, dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda bu vazifalarni amalga oshirish oson boʻlmaydi. Lekin biz oʻtgan davrda katta bilim va tajriba toʻpladik. Eng muhimi, oʻz kuch va imkoniyatlarimizga boʻlgan ishonchimiz tobora ortib bormoqda.

Shu bois, qanchalik qiyin boʻlmasin, tanlagan yoʻlimizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Koʻzlagan marralarimizga albatta yetamiz. Bu yoʻlda niyati ulugʻ, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz.

Bir tanu bir jon boʻlib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi Oʻzbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz.

Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelayotgan, barcha sinovlarni mardona yengib, oʻzining fidokorona mehnati bilan jonajon Vatanimiz ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshayotgan mard va olijanob, bagʻrikeng xalqimizga yana bir bor taʼzim qilaman.

Barchangizni, butun xalqimizni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, sihat-salomatlik, fayzu baraka, oilaviy baxt tilayman.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Yaratganning oʻzi barchamizni, Oʻzbekistonimizni panohida asrasin!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.