Hurmatli Sadir Nurgojoyevich!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yigʻilishining barcha ishtirokchilarini qutlashdan mamnunman.
Hamkasblarimning soʻzlariga qoʻshilgan holda, hurmatli Sadir Nurgojoyevichga ushbu uchrashuvimizni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.
Qirgʻizistonning YeOIIdagi faol raisligi mamlakatlarimizning Yevroosiyo birlashmasi doirasidagi koʻp qirrali hamkorligini kengaytirishga xizmat qilishiga ishonaman.
Hurmatli hamkasblar!
Oʻzbekiston kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan sheriklik munosabatlarini rivojlantirishni davom ettirmoqda. Bu biz uchun juda muhim yoʻnalish, chunki YeOII mamlakatlari tabiiy hamkorlarimizdir.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish va mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy hamkorligida ijobiy surʼatni taʼminlashga muvaffaq boʻlganimiz bizni quvontiradi.
Xususan, Oʻzbekistonning birlashmaga aʼzo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yil yakunlariga koʻra 30 foizga, joriy yilning birinchi toʻrt oyida esa yana 33 foizga oshdi.
YeOII mamlakatlaridan jalb qilinayotgan investitsiyalar yiliga qariyb 25 foizga koʻpaymoqda.
Shu bilan bir qatorda, dunyoda roʻy berayotgan shiddatli oʻzgarishlar va inqirozli hodisalar mamlakatlarimiz barqarorligi uchun jiddiy xatardir.
Globallashuv davri yangi jahon tartiboti shakllanishi bosqichiga oʻtmoqda.
Ilgari kuzatilmagan miqyosdagi cheklov choralari kiritilayotgani, mahsulotlar yetkazib berishning logistik zanjirlari va kooperatsiya aloqalari uzilayotgani, xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari oʻsayotgani, ijtimoiy keskinlik kuchayib borayotganining guvohi boʻlib turibmiz.
Yuzaga kelgan vaziyatda umumiy saʼy-harakatlar bilan birgalikdagi chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish, noodatiy yechimlar topish va hamkorlikning nostandart mexanizmlaridan foydalanishni muhim, deb hisoblaymiz.
Bugun savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish vazifasi har qachongidan dolzarb ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston va YeOII mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdoda texnik toʻsiqlarni bartaraf etishni davom ettirish va sertifikatlashtirishni tan olish tovarlarning bozorlarimizga kirib borishini ancha soddalashtirish imkonini beradi.
Shu maʼnoda, oziq-ovqat va xomashyoni chetga chiqarish boʻyicha cheklovlar Oʻzbekistonga nisbatan tatbiq etilmasligi masalasida bizni qoʻllab-quvvatlashlariga niyat qilamiz.
Shuningdek, birgalikda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali agrosanoat kooperatsiyasini kengaytirishni muhim, deb hisoblaymiz.
Ushbu ishlar natijadorligini oshirish uchun Agrokooperatsiya dasturini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Ushbu dastur bozorlarimizni kafolatli toʻldirish maqsadida YeOII mamlakatlarida don va moyli ekinlarni birgalikda yetishtirish hamda meva-sabzavot ekinlarini, shu jumladan, ularning ertapishar navlarini Oʻzbekistonda yetishtirish masalalarini qamrab olishi mumkin. Ayni paytda dasturni amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, mamlakatlarimiz hududlarining salohiyatini ishga solish maqsadga muvofiq.
Yangi xavf-xatarlar muqobil transport yoʻlaklarini yanada rivojlantirish, Janub va Sharq yoʻnalishlarida transport bogʻliqligini mustahkamlashni taqozo etmoqda.
Eng yaqin vaqtda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadigan “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy” temir yoʻlini qurish loyihasini amaliy roʻyobga chiqarishga kirishishni rejalashtirmoqdamiz. Ushbu yoʻl “Sharq – Gʻarb” yoʻnalishida mavjud temir yoʻl magistrallarining imkoniyatlarini kengaytiradi.
Shu bilan bir qatorda biz Janubiy Osiyoga va uning 2 milliard isteʼmolchiga ega bozoriga chiqish uchun eng qisqa yoʻlni taʼminlaydigan Termizdan Pokistonning Peshovarigacha transafgʻon temir yoʻlini barpo etish loyihasini amalga oshirish borasida YeOIIdagi sheriklarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.
Bundan tashqari, mamlakatlarimizning innovatsion salohiyatidan yanada samarali foydalanish hamda sanoat kooperatsiyasining yangi shakllarini, eng avvalo, yuqori texnologiyalar sohasida rivojlantirish tarafdorimiz.
Toshkent shahrida «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat koʻrgazmasi oʻtkazilgani bu borada birinchi amaliy qadam boʻldi. Uning ishida birlashma mamlakatlarining mingdan ziyod kompaniyasi ishtirok etdi. Biz ushbu muhim maydonni yanada kengaytirish niyatidamiz.
Shu maqsadda, eng avvalo, kimyo, farmatsevtika, mashinasozlik, uskunasozlik, elektronika sohalarida kooperatsiya aloqalarini ragʻbatlantirish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Bunda yangi kompetensiyalarni shakllantirayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari va texnologik markazlar imkoniyatlarini ishga solish muhim.
Mamlakatlarimizda mehnat migratsiyasi va mutaxassislar harakati bilan bogʻliq masalalar dolzarbligi ortmoqda.
YeOIIga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar iqtisodiyotlarining tez oʻzgarib borayotgan ehtiyojlariga muvofiq mehnat resurslarini samarali jalb qilish imkonini beradigan zarur hujjatlarni qabul qilish va soddalashtirilgan tartib-taomillarni qabul qilishni taklif etamiz.
Pandemiya oqibatlarini yengib oʻtish sharoitida turizm sohasi iqtisodiy taraqqiyotning tabiiy drayveriga aylanishi mumkin. Yil boshidan buyon Oʻzbekistonga, birinchi navbatda YeOII mamlakatlaridan turistlar oqimi sezilarli oʻsayotganini kuzatmoqdamiz.
Joriy yil kuzida Oʻzbekistonda yetakchi kompaniyalarimiz ishtirokida Turizm industriyasini rivojlantirish forumini oʻtkazishni taklif etamiz.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yoʻlovchi transporti qatnovini toʻliq hajmda tiklash masalasini ishlab chiqish ham muhimdir.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Soʻzimning yakunida Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga intilishi qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqlamoqchiman.
Bugungi uchrashuv natijalari koʻp qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash, mamlakatlarimizda barqaror iqtisodiy rivojlanish va farovonlikni yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonaman.
Eʼtiborlaringiz uchun rahmat.