Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

0
73
marta koʻrilgan.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Tojikiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Emomali Sharipovich Rahmonga iliq qabul hamda uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Barcha hamkasblarimni Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan chin dildan tabriklayman.

Oʻtgan davrda Jamgʻarma ekologik tahdidlarga qarshi kurash masalalarida umumiy manfaatlarimizni ilgari surish uchun muhim maydon sifatida gʻoyat zarurligini koʻrsatdi.

Ana shu vaqt mobaynida Orol dengizi havzasi boʻyicha kelishilgan yondashuvlar ishlab chiqildi, qoʻshma qaror va dasturlar qabul qilindi va amalga oshirildi.

Tojikistonning Tashkilotimizga raisligi davridagi samarali natijalarni alohida taʼkidlashni istardim. Xususan, Jamgʻarma doirasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta ishlar bajarildi. Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan aloqalar kengaydi.

Shu yil mart oyida hurmatli Emomali Sharipovichning hamraisligida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida tashkil etilgan Global suv konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtganini ham alohida qayd etmoqchiman.

Ushbu tarixiy tadbir yakunlariga koʻra, Markaziy Osiyoning suv sohasidagi hayotiy muhim masalalari va muammolariga butun xalqaro hamjamiyat eʼtiborini jalb etishga erishildi.

Hurmatli hamkasblar!

Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi – bu, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlarining global miqyosdagi eng oʻtkir muammolardan birini yechish boʻyicha koʻp tomonlama hamkorlik borasidagi noyob tajribasidir.

Shuni alohida qayd etmoqchimanki, Jamgʻarma suv va ekologiya sohasida mintaqaviy hamkorlikning eng muhim platformasiga aylandi.

Suv xoʻjaligi boʻyicha Davlatlararo komissiya hamda “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzasi tashkilotlari suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanishni tartibga solish masalalari yuzasidan kelishish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Ilmiy-axborot markazi barcha xalqaro sheriklar uchun ochiq boʻlgan, keng koʻlamli maʼlumotlarni oʻzida mujassam etgan salmoqli tahliliy bazani shakllantirdi.

Davlatlararo komissiyaning barqaror rivojlanish boʻyicha faoliyati atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Jamgʻarma bir qator mintaqaviy dasturlar va loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirmoqda, xalqaro institutlar va donor tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda.

Tuzilmamizning oʻrni va ahamiyati global iqlim oʻzgarishlari oqibatida vujudga kelayotgan yangi xavf va tahdidlar sharoitida yanada ortib bormoqda.

Muzliklarning erishi, tabiiy ofatlar, shuningdek, shiddatli demografik oʻsish, urbanizatsiya jarayonlari va sanoatlashuv natijasida yuzaga kelayotgan texnogen omillar tufayli mintaqada suv va ekologiya bilan bogʻliq vaziyat yomonlashib borayotgani va uning oqibatlari alohida xavotir uygʻotmoqda.

Hamkasblarim yaxshi biladi, Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosi oʻtkir va muqarrar tus oldi hamda bundan buyon u tobora chuqurlashib boraveradi.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga koʻra, Markaziy Osiyoning ayrim mintaqalarida 2040 yilga borib suv resurslariga boʻlgan ehtiyoj uch barobar oshadi. Vaqt oʻtishi bilan iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foiziga yetishi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlumotiga koʻra, hozirning oʻzidayoq mintaqa davlatlari suv resurslari taqchilligi va undan samarasiz foydalanish oqibatida yiliga 2 milliard dollargacha mablagʻ yoʻqotmoqda.

Bularning barchasi Jamgʻarma doirasida uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan kelishilgan yangi qarorlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etmoqda.

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

Bugun bizning oldimizda koʻp tomonlama sheriklik samaradorligini huquqiy va institutsional jihatdan taʼminlash boʻyicha muhim vazifalar turibdi.

Shu munosabat bilan sammitning kun tartibiga mos holda quyidagi takliflarimizni bildirishni istardim.

Birinchi. Oʻzbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish tarafdoridir.

Xususan, biz asosiy hujjatlar va bitimlarni xatlovdan oʻtkazish, jumladan, 1990 yillarda qabul qilingan Jamgʻarma nizomini qayta koʻrib chiqish, amaldagi tuzilma faoliyatini birgalikda tahlil qilish va Jamgʻarma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash, uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi “Qoida va tartib-taomillar”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Jamgʻarmani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, yaʼni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, “suv – energetika – oziq-ovqat” tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish muhimdir.

Bundan tashqari, Tuzilmaning asosiy hujjatlarida transchegaraviy daryolar suv resurslarini boshqarish va foydalanish sohasida umumeʼtirof etilgan meʼyorlar, prinsiplar va oʻzaro majburiyatlar oʻz ifodasini topishi lozim.

Biz shuningdek, Jamgʻarmaning amaldagi tuzilmalari samarasini kadrlar va texnik salohiyatni kuchaytirish, kompetensiyani kengaytirish hisobidan tubdan oshirish tarafdorimiz.

Ikkinchi. Bugungi uchrashuvimiz arafasida biz Jamgʻarma doirasidagi loyihalar boʻyicha oʻtgan 30 yil davomida olib borilgan faoliyat natijalarini tahlil qildik.

Asosiy dasturiy hujjatlarimizdagi qoidalarda va loyihalarni bajarish borasidagi aniq oldinga siljishni koʻrsatadigan natijalarimizda farqlar borligi oʻz-oʻzidan ravshan, albatta.

Orol dengizi havzasi mamlakatlariga yordam koʻrsatish boʻyicha toʻrtinchi dasturning ijrosi bilan bogʻliq holat ham bizning barcha mamlakatlarimizni tashvishga solishi kerak, deb oʻylayman.

Bu boradagi ishlar asosan milliy rejalar yoʻnalishida amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan Jamgʻarma boshqaruviga amaldagi Dasturni tanqidiy qayta koʻrib chiqish topshirigʻini berishni taklif etaman. Bunda har bir mintaqaviy loyihaning hajmini va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, “yoʻl xaritalari”ni, shuningdek, ularning ijrosi boʻyicha kelishilgan jadvalni tayyorlashni nazarda tutish lozim.

Uchinchi. Ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik koʻmakni jalb etish masalalari boʻyicha tizimli hamkorlikni kuchaytirish zarur.

Shu munosabat bilan baʼzi takliflarni ilgari surmoqchiman.

Birinchidan, mamlakatlarimizning har biri aniq maqsadli koʻrsatkichlarni belgilagan holda, mintaqaviy loyihalarga chetdan koʻmakni jalb etish boʻyicha oʻziga majburiyat olishi lozim.

Raislik qiluvchi tomonning muvofiqlashtirishi asosida investitsiyalarni va texnik koʻmakni jalb qilish va taqsimlash mexanizmlarini ishlab chiqish zarur.

Ikkinchidan, xorijiy sheriklar, yetakchi xalqaro institutlar va donor tashkilotlarni jalb etgan holda, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida maxsus mintaqaviy konferensiya oʻtkazishni taklif etamiz.

Toʻrtinchi. Jamgʻarmaning ishchi organlariga xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatga moʻljallangan rejalar ishlab chiqish topshirigʻini bersak, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Ushbu daryolar havzalarida vaziyatning rivojlanishi boʻyicha turli ssenariylarni modellashtirishni nazarda tutish muhimdir.

Bunday strategik hujjatlarning qabul qilinishi mintaqamizda suv-energetika resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish siyosatini muvofiqlashtirishga imkon beradi, deb ishonaman.

Beshinchi. Suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qoʻllab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Ushbu masalalarni koʻrib chiqishda Preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz faol jalb etilishiga aminmiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Ekotizimlar tanazzuli yanada kuchayishining oldini olishda, eng avvalo, Orol dengizi hududidagi hamkorlik masalalariga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda Orolboʻyidagi ekologik va ijtimoiy vaziyatni yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etmoqchiman.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi rezolyusiyasi asosida barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, aholi bandligini taʼminlash va turmush darajasini oshirish boʻyicha Harakatlar rejasi va Chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi bir necha yil davomida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar oʻrmonzorlar yaratildi. Yaqin ikki yilda yana 400 ming gektar yashil hududlar barpo etish rejalashtirilmoqda.

Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, shuningdek, Orolboʻyida bioxilma-xillikni saqlash uchun 3,5 million gektardan ortiq maydonda tabiat parklari, qoʻriqxonalar va davlat himoya hududlari yaratildi.

Bugungi kunda Orolboʻyi mintaqasida qoʻriqlanadigan hududlarning umumiy maydoni 4,6 million gektarni tashkil qilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha katta miqyosdagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Oxirgi 7 yil mobaynida mamlakatimizda sugʻoriladigan yerlarning toʻrtdan bir qismini tashkil etadigan 1 million gektardan ortiq maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida biz suvni tejash boʻyicha milliy dasturni ishlab chiqish niyatidamiz.

Biz suvni tejash sohasini Jamgʻarma faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab, bu borada hamkorligimizni kuchaytirishimiz mumkin.

Kelgusi yili Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro iqlim forumi doirasida jahonning yetakchi kompaniyalarining suvni tejash borasidagi texnologiyalari koʻrgazmasini tashkil etmoqchimiz.

Ana shu masalalarning barchasini kompleks koʻrib chiqish maqsadida mamlakatlarimiz suv resurslari, energetika, ekologiya va iqtisodiyot vazirlarining doimiy uchrashuvlari boʻyicha Mintaqaviy platformani taʼsis etishni taklif qilamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

“Qoʻshtepa” kanali qurilishi boʻyicha ham oʻz fikrimni bildirib oʻtmoqchiman.

Mohiyat-eʼtiboriga koʻra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bogʻlanmagan yangi ishtirokchi paydo boʻldi. 

Afgʻon tomoni kanalni qurish boʻyicha faol ish olib borayotganini yaxshi bilasiz.

Uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan oʻzgartirib yuborishi mumkin.

“Qoʻshtepa” kanalining qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga taʼsiri bilan bogʻliq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda oʻrganish boʻyicha Qoʻshma ishchi guruhini shakllantirish zarur, deb hisoblaymiz.

Afgʻoniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish boʻyicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini koʻrib chiqishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Soʻzimning yakunida Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toʻqayevni Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi raisligini qabul qilayotgani munosabati bilan tabriklayman.

Ishonchim komilki, bugungi sammitimizda ilgari surilayotgan tashabbuslar va qabul qilinayotgan hujjatlarning amalga oshirilishi Jamgʻarma doirasida xalqlarimiz farovonligi va butun Markaziy Osiyo mintaqasining gullab-yashnashi yoʻlida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.