Hurmatli Reno-Basso xonim!
Hurmatli Brunner janoblari!
Xorijiy hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari!
Xonimlar va janoblar!
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining bu yilgi yigʻilishi qadimiy va betakror Samarqandda oʻtkazilayotganini biz mamlakatimizga, islohotlarimizga yuksak ishonch va eʼtibor ifodasi sifatida qabul qilamiz.
Oʻzbekistonga xush kelibsiz!
Bugungi anjumanni oʻtkazish uchun aynan Samarqand shahri tanlangani chuqur ramziy maʼnoga ega, deb oʻylayman. Azal-azaldan Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan ushbu azim shahar Sharq va Gʻarb, Shimol va Janubni oʻzaro bogʻlaydigan, Yevropa, Osiyo va Afrika qitʼalari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy va ilmiy-texnologik almashuvlar makoni boʻlib xizmat qilgan.
Bu zaminda turli sivilizatsiyalar oʻrtasida yuksak muloqot madaniyati shakllangani bilan biz doimo faxrlanib kelamiz.
Dunyoning barcha mintaqalaridan 2500 dan ortiq mehmonlar ishtirok etayotgan bugungi anjuman ana shu ezgu anʼanalarni yangi bosqichda davom ettirib, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik koʻprigini mustahkamlaydi, deb ishonaman.
Tobora kuchayib borayotgan hozirgi geosiyosiy ziddiyatlar davrida bunday ochiq va yaqin muloqotlar, doʻstona aloqalarni yanada kengaytirish barcha mamlakatlar uchun albatta nihoyatda zarur. Shu maʼnoda, bugungi nufuzli anjumanning asosiy mavzusi “Barqarorlik uchun investitsiya”, deb belgilangani katta ahamiyatga egadir.
Barchangiz koʻrib turibsiz, global iqtisodiy muammolar tobora avj olmoqda. Iqlim oʻzgarishi va ekologik xatarlar kuchaymoqda, tabiiy resurslar esa kamayib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda bugungi va kelgusi avlodlar munosib hayot kechirishi uchun yangi texnologiya va loyihalarga koʻproq investitsiyalar kiritish talab etilmoqda.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, ushbu muhim anjuman davlatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali va uzoq muddatli aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi, iqtisodiyotlarimiz rivoji uchun sarmoyalarni yanada koʻpaytiradi, barcha aʼzo mamlakatlar taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshadi.
Aziz doʻstlar!
Oʻzbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining bunday formatdagi yigʻilishi roppa-rosa 20 yil oldin boʻlib oʻtgan edi. Bugungi anjumanda yangi mehmonlar bilan birga, avvalgi yigʻilishda qatnashgan ishtirokchilarni ham koʻrib turibman.
Shu oʻrinda bir fikrni alohida taʼkidlab aytmoqchiman: Bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas.
Olti yil muqaddam boshlagan qatʼiy islohotlarimiz natijasida mamlakatimizning qiyofasi butunlay oʻzgardi. Bugun siz, azizlarni mutlaqo yangi muhitda – dunyoga keng ochilayotgan, barcha sohalarda hamkorlik uchun tayyor boʻlgan Yangi Oʻzbekistonda qabul qilayotganimizdan gʻoyat mamnunmiz.
Soʻnggi yillarda yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, aholi manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiyotni erkinlashtirish va jahon bozorlariga dadil kirib borish boʻyicha salmoqli yutuqlarga erishdik, deb ayta olamiz. Jumladan, inson huquqlarini amalda eng oliy qadriyat darajasida taʼminlash maqsadida majburiy mehnat va bolalar mehnatiga toʻliq barham berildi.
Soʻz va eʼtiqod erkinligi, gender tenglikni taʼminlash boʻyicha erishgan amaliy natijalarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Mamlakatimizda ilk bor kambagʻallik mavjudligini tan oldik va uni qisqartirish uchun samarali tizim yaratdik. Bu tizim bilan davlat koʻmagiga muhtoj oilalar toʻliq qamrab olindi.
Shu bilan birga, qonun ustuvorligini taʼminlash, sud mustaqilligi va odil sudlov institutini mustahkamlash, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash borasidagi islohotlarni qatʼiy davom ettiryapmiz.
Aholi va tadbirkorlar manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan tizim – maʼmuriy sudlar tashkil etildi. Jamiyatda korrupsiyaga murosasiz boʻlish muhitini shakllantirish eng ustuvor vazifalarimizdan biriga aylandi.
Xorijiy investor va hamkorlarimiz uzoq kutgan yengillik va imkoniyatlar iqtisodiy islohotlarimizda oʻz aksini topmoqda.
Valyuta tizimi erkinlashtirilgani, tashqi bozorlarga chiqish boʻyicha toʻsiqlar olib tashlangani, 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilingani natijasida tashqi savdo aylanmasi ikki karra oshdi.
Shu bilan birga, soliq yuki qariyb 2 barobar kamaygani, soliq maʼmurchiligi soddalashgani, Oʻzbekistonda mintaqamizdagi eng jozibador fiskal tizim shakllangani xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Islohotlarimizga ishonch ortgani tufayli yillik xorijiy sarmoyalar hajmi 2017 yilga nisbatan 3 barobar koʻpaydi.
Umuman, mamlakatimizda qulay biznes muhiti yaratilgani natijasida tadbirkorlar soni 4 barobar oshdi.
Eng muhimi – siyosiy va iqtisodiy islohotlarimizni xalqimiz toʻliq qoʻllab-quvvatlamoqda.
Yaqinda umumxalq referendumida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiyamizda islohotlarning ortga qaytmasligi va bardavom boʻlishi qatʼiy kafolatlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, biz oʻzimiz tanlagan, uzoq muddatga moʻljallangan ochiqlik va barqaror taraqqiyot yoʻlidan ogʻishmasdan, yanada dadil oldinga boramiz.
Birinchi. Mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlarga yanada qulay sharoitlar yaratishni yaxlit tizim asosida amalga oshiramiz.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi chet ellik sarmoyadorlar bilan bevosita muloqotni yoʻlga qoʻyib, oʻzaro manf́aatli loyihalar va uzoq muddatli strategiyalarni birgalikda ishlab chiqishda hal qiluvchi boʻgʻin boʻladi.
Hech shubhasiz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birga tashkil etilgan ushbu muloqot platformasi biz uchun yangi tajribalar orttirishga xizmat qiladi va qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi, islohotlar jarayonida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga koʻmaklashadi.
Investorlar qayerda boʻlmasin, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida tashkil etilgan “yagona darcha” orqali – 14 ta hudud, 208 ta tuman va shaharda hamda Oʻzbekistonning xorijdagi barcha diplomatik vakolatxonalarida ularga zarur koʻmak va xizmatlar koʻrsatiladi.
Shuningdek, yil yakunigacha xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda tariximizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Ikkinchi. Biz tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat bozorlarini yanada erkinlashtirish siyosatini jadal davom ettiramiz. Jumladan, dunyodagi ishlab chiqarish zanjirlariga qoʻshilish maqsadida Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish uchun katta qadamlar tashladik. Ushbu yoʻnalishda bu yil salmoqli natijalarga erishamiz, deb ishonaman.
Uchinchi. Ortiqcha byurokratiyani qisqartirish va korrupsiyani tag-tomiri bilan yoʻq qilish bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning diqqat markazida boʻladi.
Bu borada boshlangan maʼmuriy islohotlarni izchil davom ettirib, inson va biznesga koʻmaklashadigan, ularga sifatli xizmat koʻrsatadigan ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimini joriy etamiz.
Hurmatli bank boshqaruvchilari!
Bir fikrni ochiq aytishimiz kerak: islohotlarimizni amalga oshirish va hozirgi natijalarga erishishda xalqaro hamkorlarimizning koʻmagi biz uchun juda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Bugun qatʼiy ishonch bilan ayta olaman – Oʻzbekistonni barqaror rivojlantirish yoʻlida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bizning strategik hamkorimizga aylandi. Ayniqsa, bankning mamlakatimizdagi loyihalar portfeli 4 milliard yevrodan oshgani, shundan 3,3 milliard yevrolik loyihalar soʻnggi toʻrt yilda boshlangani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Oʻtgan yil yakuni bilan Oʻzbekiston bankning beshta eng asosiy hamkorlari qatoriga kirdi. Yillik investitsiya hajmi boʻyicha esa, uning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherigiga aylandi.
Eng muhimi, bank bilan xususiy sektorni rivojlantirish borasidagi yondashuv va maqsadlarimiz ham uygʻun va hamohangdir. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda bank loyihalarida xususiy biznesning ulushi 55 foizga yetgani ham shundan dalolat beradi.
Ayniqsa, bugungi kunda oʻta dolzarb boʻlgan “yashil energiya”, ichimlik suvi, yoʻl-transport infratuzilmasi, ekologiya kabi sohalarda hamkorligimiz jadal rivojlanmoqda. Xususan, qayta tiklanadigan energiya sohasida bankning 600 million yevro mablagʻlari ishtirokida yirik loyihalarni boshladik. Bunday faol hamkorligimiz iqtisodiyotimizga boshqa xorijiy investorlarni jalb etishda ham “katalizator” boʻlib xizmat qilmoqda.
Fursatdan foydalanib, bizni qoʻllab kelayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbariyati, ayniqsa, bank prezidenti Reno-Basso xonimga, bankka aʼzo davlatlar hukumatlari va boshqaruvchilariga, bank bilan hamkor tashkilotlar va investorlarga, biz bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirayotgan barcha bank xodimlariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli doʻstlar!
Biz bundan buyon ham islohotlarimizni davom ettirishda rivojlanish borasidagi xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlikka tayanamiz.
Birinchidan, biz mamlakatimizning barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlashda faqat va faqat xususiy sektoŕga tayanamiz. Shu bois, kelgusi taraqqiyotimiz xususiylashtirish jarayonlari bilan chambarchas bogʻliq ekanini yaxshi tushunamiz.
Bu borada korxonalardagi davlat ulushlarini sotish, strategik kompaniyalar va yirik banklarning aksiyalarini ochiq savdoga chiqarish boʻyicha yil boshida katta marralarni oldik. Xususan, ilk bor iqtisodiyotimiz uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona “IPO”ga olib chiq́iladi.
Ushbu yoʻnalishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan katta dasturni amalga oshiramiz.
Birgina misol, mamlakatimizning eng yirik banklari – “Sanoat qurilish banki” va “Asaka banki”ni xususiylashtirish boʻyicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan faol ish olib boryapmiz. Shu bilan birga, mamlakatimizning tabiiy resurslaridan samarali foydalanish, eng zamonaviy texnologiyalari bor investorlarni jalb etish boʻyicha bank bilan alohida dasturni boshladik.
Biz kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha oldimizga katta marralarni qoʻydik. Ularga erishish uchun tadbirkorlarga yangi-yangi imkoniyat va sharoitlar yaratamiz. Shu maqsadda kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bank bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz.
Ikkinchidan, infratuzilma, tibbiyot, taʼlim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish.
Bu borada bank bilan mamlakatimizda ilk bor Namanganda ichimlik suvi tarmogʻini boshqarish, Toshkent – Samarqand zamonaviy magistral avtomobil yoʻlini qurish loyihalarini boshlayapmiz.
Salohiyati yuqori boʻlgan turizm sohasida ham davlat-xususiy sheriklikni kengaytiramiz. Oʻylaymanki, sizlar Samarqandda boʻlib, mamlakatimizning turizm borasida qanday katta istiqbolga ega ekanini oʻzingiz his qilib turibsiz.
Umuman, mazkur anjuman doirasida sogʻliqni saqlash, taʼlim, infratuzilma, transport, energetika sohalarida 40 dan ortiq yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalari taqdimoti oʻtkaziladi. Ushbu loyihalar sizlarda katta qiziqish uygʻotishiga ishonchim komil.
Uchinchidan, “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini jadal rivojlantirish.
Biz 2030 yilga qadar elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazishni reja qilganmiz. Bu borada Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan shu yilning oʻzida umumiy quvvati 1,2 gigaVatt boʻlgan 3 ta yirik quyosh stansiyasi barpo etiladi.
Shu bilan birga, bugungi anjuman boʻlib oʻtayotgan koʻhna Samarqand yaqinda bankning “yashil shaharlar” dasturiga kiritildi. Biz Nukus, Andijon, Buxoro va Namangan kabi shaharlarimizni ham ushbu dasturga kiritishda bankning koʻmagiga tayanamiz.
Toʻrtinchidan, biz Yangi Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning gʻoya va tashabbuslarini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar yaratishga alohida eʼtibor qaratyapmiz.
Bu borada bank bilan xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish boʻyicha amalga oshirayotgan dasturlarimiz alohida eʼtiborga sazovordir. Bunday loyihalarni keskin oshirish boʻyicha bank bilan hamkorligimizni yanada kengaytiramiz.
Beshinchidan, bank bilan birga ilgʻor agrotexnologiyalar, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yana koʻplab yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.
Global oziq-ovqat taqchilligi bilan bogʻliq muammolar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bunday loyihalar bank uchun ham, investorlar uchun ham juda foydali boʻladi, deb hisoblayman.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Biz Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirishni Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olganmiz.
Mintaqa davlatlari rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va izchil saʼy-harakatimiz natijasida bugun Markaziy Osiyo yaxshi qoʻshnichilik va sheriklikning yorqin namunasiga aylanib bormoqda. Jumladan, qoʻshnilarimiz bilan iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish maqsadida biz qoʻshma investitsiya fondlarini tashkil etdik, sanoat, energetika, transport va suv xoʻjaligida bir qator yirik loyihalarni boshladik. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xorijiy hamkorlarimizni bunday mintaqaviy loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etamiz.
Muhtaram xonimlar va janoblar!
Soʻzimning yakunida yana bir fikrni alohida taʼkidlamoqchiman: bugungi xalqaro anjuman Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mamlakatimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yangi pogʻonaga olib chiqish uchun tarixiy imkoniyat yaratmoqda.
Samarqandga 71 ta mamlakat hukumatlari vakillari tashrif buyurgani ham ushbu davlatlar bilan oʻzaro manfaatli loyihalarni boshlashga katta turtki berishiga aminman.
Bugungi “Oʻzbekiston investitsiya taqdimoti”da mamlakatimiz biznes sohasida qanday katta imkoniyatlarga ega ekani atroflicha koʻrsatib berildi. Bundan tashqari, anjuman doirasida boʻlib oʻtadigan sessiya va uchrashuvlarda sizlarga yangi loyihalar batafsil taqdim qilinadi.
Shu kunlarda anjumanning har bir ishtirokchisi Oʻzbekistondagi yangi biznes yoʻnalishlarini oʻzi uchun kashf etishiga ishonaman. Shu bilan birga, yurtimizning qadimiy tarixi, betakror madaniy merosi, xalqimizga xos mehmondoʻstlik va ochiqkoʻngillik fazilatlari sizlarda unutilmas taassurotlar qoldiradi, deb oʻylayman.
Barchangizga mustahkam sogʻliq, faoliyatingizda katta yutuq va omadlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.