Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 mart kuni davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasiga keldi   

0
251
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Emomali Rahmonning taklifiga binoan 9 mart kuni davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasiga keldi.   

Dushanbe xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.

Oʻzbekiston Prezidenti sharafiga butun shahar boʻylab davlatimiz bayrogʻi koʻtarilgani, koʻchalarga chiqqan minglab tojikistonliklarning yuz-koʻzidagi xursandchilik ushbu tashrif ular uchun orziqib kutilgan voqea ekanidan dalolat berdi. 

Darhaqiqat, bu tashrif oʻzaro munosabatlar tarixida  Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga ilk davlat tashrifidir. Tomonlar ushbu muzokaralarga mamlakatlarimiz hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, uni amaliy mazmun bilan boyitish uchun imkoniyat sifatida qaramoqda.

Dushanbe shahridagi «Qasri Millat» qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, davlat madhiyalari yangradi.

Marosimdan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon yakkama-yakka muzokara oʻtkazdi. 

Prezidentimiz taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimiz ushbu uchrashuvni uzoq kutganini qayd etdi.

2017 yil yakunlariga koʻra oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 240 million dollarni tashkil etdi. Bu oxirgi 20 yildagi eng yuqori koʻrsatkichdir. Oʻzaro tovar yetkazib berish hajmi, xizmatlarni hisobga olmaganda, keyingi ikki yilda 10 marotabadan ortiq koʻpaydi.

Oʻtgan yili mamlakatlarimiz poytaxtlari oʻrtasidagi aviatashuvlar, temir yoʻl qatnovi qayta tiklandi. Samarqand-Panjikent oraligʻida A-377 xalqaro avtomobil yoʻli ochildi. Oʻzbekiston-Tojikiston davlat chegarasida oʻtkazish punktlari oʻz ishini tikladi.

Oʻzbekiston qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashni oʻz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilagan. Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli qisqa muddatda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston bilan munosabatlardagi dolzarb masalalar hal etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi davlat chegarasi chizigʻini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish boʻyicha erishilgan kelishuvlar bu borada ulkan ahamiyat kasb etadi. Tashrif doirasida shunga oid shartnomaning imzolanishi nafaqat mamlakatlarimiz va xalqlarimiz, balki butun mintaqa hayotida tarixiy voqea boʻladi.

Fuqarolar bordi-keldisi uchun oʻttiz kungacha vizasiz tartib joriy etilgani, chegaradan oʻtkazish punktlari faoliyatining qayta tiklangani, Toshkent va Dushanbe oʻrtasida aviaqatnov ochilgani ham hamkorlikning muhim amaliy natijalaridir.

Oliy darajadagi muzokaralarda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar koʻrib chiqildi. 

Muzokaralardan soʻng erishilgan kelishuvlar boʻyicha hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Doʻstlik va yaxshi qoʻshnilikni mustahkamlash toʻgʻrisida qoʻshma bayonot, Oʻzbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladilar.

Savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xoʻjaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan jami 27 ta hujjat imzolandi. 

Ushbu salmoqli hujjatlar toʻplami mamlakatlarimiz va qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun yangicha huquqiy asos yaratadi. 

Matbuot anjumanida Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon muzokaralar doʻstona, ochiq va amaliy ruhda oʻtganini, muloqotlar natijasidan mamnunligini taʼkidladilar.

“Biz Oʻzbekiston va Tojikistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa ustuvor sohalardagi munosabatlarini mustahkamlashga doir dolzarb masalalarni muhokama qildik. Buning natijasi sifatida muhim hujjatlar – Davlat chegarasi boʻyicha shartnoma va Fuqarolarning oʻzaro qatnovi toʻgʻrisida bitim imzolandi. Bugun erishilgan tarixiy kelishuvlar nafaqat xalqlarimiz, balki butun mintaqa uchun ulkan ahamiyatga ega”, dedi davlatimiz rahbari.

 Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini davlat rahbarlarining samarali muzokaralari, ishbilarmon doiralarning bevosita muloqoti natijasida bu koʻrsatkich 1 milliard dollarga olib chiqiladigan boʻldi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida hal qilinmagan masalalar qolmaganini taʼkidladi. Prezident Emomali Rahmon bu fikrni toʻla qoʻllab-quvvatladi. 

Tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni oʻzaro ishonch, doʻstlik va yaxshi qoʻshnilik asosida yanada mustahkamlashga intilishini bildirdi.

Dushanbeda boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Abdurahmon Jomiyning yaqinda oʻzbek tiliga tarjima qilingan, “Muhabbat maxzani” kitobini Emomali Rahmonga tuhfa qildi. Prezidentimiz soʻzboshisi bilan nashr qilingan ushbu kitob Tojikiston rahbariga katta mamnuniyat bagʻishladi.

Maʼlumki, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy zamondosh boʻlgan.  Xalqlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik aloqalari ularning ijodida kuchli ilhom manbai boʻlib xizmat qilgan. Samarqandda oʻzbek va tojik adabiyotining buyuk namoyandalari boʻlgan bu ikki shoirga haykal oʻrnatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Dushanbe shahrida ochilgan mamlakatimiz sanoat korxonalari milliy koʻrgazma-yarmarkasiga tashrif buyurdi. 

Dastlab bu yerda Gʻalaba – Amuzang – Xushadi temir yoʻl tarmogʻining rasmiy ochilish marosimi boʻldi. Prezidentlar poyezd harakatini boshlash uchun ramziy tugmani bosdi. 
Shundan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan tanishdi. 

Koʻrgazma ikki qismda tashkil etilgan. 1500 metr kvadrat yopiq manejda  “Oʻzeltexsanoat”, “Oʻzkimyosanoat”,  “Oʻztoʻqimachiliksanoat”, “Oʻzbekipaksanoat”, “Oʻzbekcharmpoyabzali”, “Oʻzbekneftegaz”, “Oʻzfarmsanoat”, “Oʻzqurilishmateriallari”, “Oʻzbekoziqovqatxolding”, Oʻzsharobsanoat”, “Oʻzmetkombinat” kabi yirik kompaniya va assotsiatsiyalar mahsulotlari namoyish etilmoqda.

500 metr kvadrat ochiq maydonda avtomobillar, qishloq xoʻjaligi texnikalari, yuk mashinalari, avtobuslar va boshqa mahsulotlar koʻrgazmaga qoʻyilgan. 

Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Tojikiston Prezidentida katta taassurot qoldirdi. Ularning sifati va narxi barchaga maʼqul boʻlishini taʼkidladi. Koʻrgazma-yarmarkani yana koʻproq vaqt davom ettirish, Oʻzbekiston mahsulotlarini sotish va hamkorlikda ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Samarali muzokaralardan soʻng Dushanbe shahrining “Koxi Borbad” sanʼat saroyida Oʻzbekiston va Tojikiston sanʼat ustalari ishtirokida konsert boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emomali Rahmon ishtirok etdi. 

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida xalqlarimiz doʻstligining shonli anʼanalari bugun suv va havodek zarurligi, ushbu bebaho merosni asrab-avaylash va rivojlantirish kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz ekanini taʼkidladi.

Biz oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasida doʻstlik koʻprigini mustahkamlash boʻyicha astoydil harakat boshladik. Niyatimiz yor boʻlib, ezgu maqsadlarimizga erishamiz, inshoolloh.

Biz doʻstlik va insoniylik nuqtai nazaridan qoʻshnilarimiz bilan, avvalo, qardosh Tojikiston bilan hamisha doʻst va birodar, hamkor va hamjihat boʻlamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Darhaqiqat, keyingi paytlarda madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Oʻtgan yili ikki mamlakatda Oʻzbekiston va Tojikiston madaniyati va sanʼati kunlari, koʻrgazmalar, ijodiy safarlar va koʻplab boshqa tadbirlar tashkil etildi. Xalqlarimiz madaniy hayotida muhim voqea boʻlgan ushbu anjumanlar odamlarga katta quvonch bagʻishladi.

Tojikistonlik ijodiy jamoalar Samarqandda oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining doimiy ishtirokchilaridir. Oʻzbekiston estradasining taniqli namoyandalari va Toshkent sirki ijodkorlari gastrollari bilan tojikistonlik sanʼat muxlislarini xushnud etib kelmoqda.

Bu galgi konsert ham Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlari oʻrtasidagi madaniy yaqinlik, doʻstlik va yaxshi qoʻshnilik munosabatlarining navbatdagi namoyishi boʻldi. Doʻstona tashrifning birinchi kuni  samarali va qizgʻin kechdi.

Prezident.uz sayti materiallari asosida R. Zaripova tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.