Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xorazm viloyatida

0
441
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 12 mart kuni Xorazm viloyatiga keldi.

Mamlakatimiz rahbarining tashrifi bilan prezident. uz rasmiy veb- sayti orqali  tanishar ekanman, beixtiyor oʻtgan yili yangi ochilgan Urganch tikuvchilik majmuasida  boʻlganim xayolimdan kechdi. Korxona rahbari Farogʻat Saʼdullayeva yonida suhbatlashib oʻtirar ekanman,  yigirma minut ichida yangi ochilgan fabrikadan ish soʻrab 15-20 nafar ayol kirib keldi. Hammasi noumid qaytib ketishdi. Ish oʻrinlari toʻlganligini, chevarlik kasbi borlar ishga qabul qilinganligini, chevarlikni bilmaydiganlar avvaldan 3 oylik kurslarda oʻqitilganligini taʼkidladi.  Umid bilan qadam tashlagan ayollarning koʻzlaridagi quvonch soʻnganini afsus bilan kuzatib oʻtirdim. Urganchda ayollar oʻrtasida ishsizlik shu darajada boʻlsa, uzoq hududlardagi ahvol bundanda besh battardir, degan fikr kechdi.

Shuning uchun mamlakatimiz rahbari voha bilan tanishishni uzoq hududlardan   boshlagani meni quvontirdi. Mamlakatimiz Prezidenti borgan joylarni kuzatar ekanman,  avvalo karxonalarning zamonaviyligiga va ishchi oʻrinlarining yaratilishiga, ezgu ishlarning izi koʻpayishiga alohida eʼtibor berdi. 

Prezident “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasiga bordi

Davlatimiz rahbari vohaning eng chekka tumani “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasidagi “Develop Textile” xorijiy korxonasi faoliyati bilan tanishdan boshladi.

 “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 306 million dollardan ziyod boʻlgan, jumladan, 266 million dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar evaziga, umumiy hisobda 19 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda sendvich panellar, yuvish vositalari, avtomobil radiatorlari, qurilish materiallari, trikotaj mahsulotlari, tibbiyot qoʻlqoplari, poyabzallar va boshqa tovarlar ishlab chiqarilmoqda. Bir ming bir yuzdan ziyod kishi ish bilan taʼminlangan.

Masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Develop Textile” xorijiy korxonasi erkin iqtisodiy zona hududidagi istiqbolli loyihalardan biri. Ushbu kompaniya 13 million dollarlik loyiha asosida joriy yil yanvarda ishga tushirildi. Germaniya, Turkiya, Xitoydan zamonaviy dastgohlar keltirib oʻrnatildi. 760 ta ish oʻrni yaratildi. 

Bu yerda yiliga 4 ming tonna boʻyalgan tayyor choksiz trikotaj mato, 14 million dona turli xil tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Germaniya, Fransiya va Yevropaning boshqa davlatlariga yiliga oʻrtacha 12 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz bu kabi zamonaviy kompaniyalarni koʻpaytirish orqali viloyatda yetishtiriladigan paxta xomashyosini toʻliq qayta ishlash, faqat tayyor mahsulot eksport qilish zarurligini taʼkidladi. 

Joriy yilda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 26 million dollardan ziyod yana 4 ta korxona foydalanishga topshirilishi hamda 488 ta ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan.

Zamonaviy issiqxonada qisqa vaqtda 480 ming dollarlik eksport qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanidagi “Global Food Impeks” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxonani koʻzdan kechirdi.

Xorazmda  gidroponika usulida issiqxonalar qurilayotgani kishini quvontiradi. Bu sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, koʻplab ish oʻrinlari yaratish imkonini berayotir. Keyingi paytda pomidorlarning sifati buzilib ketyapti. Bizning bolaligimizdagi  pomidorlar yoʻq deya afsuslanaman.  Prezidentimiz mahsulotning sifatiga ham eʼtibor bergani meni quvontirdi.

“Global Food Impeks” masʼuliyati cheklangan jamiyat uchun ajratilgan maydon 23 gektardan ziyod boʻlib, birinchi bosqichda 10 gektar yerda issiqxona qurilgan. 140 kishi ish bilan taʼminlangan. 

Qarovsiz yer oʻzlashtirilib, har gektaridan yiliga 300-400 ming dollar miqdorida daromad olinayotgani xalqimizning ham yaratuvchi dehqonlarning ham rizq nasibasidir. 
Pomidor va bodring koʻchatlari shu yil yanvarda hosilga kirdi. Oʻtgan qisqa vaqtda 480 ming dollarlik eksport qilindi. Yil oxirigacha 4-5 million dollarlik mahsulot sotish moʻljallangan.

Korxona toʻliq quvvatda ishlaganda yiliga 4 ming tonna pomidor va bodring, shuningdek, qulupnay, gullar va boshqa mahsulotlar yetishtiriladi, jami 280 ta ish oʻrni tashkil etiladi. Mahsulotlarning 80 foizini qoʻshni davlatlar, Rossiya va Turkiyaga eksport qilish rejalashtirilgan.

“Xorazmda yer shoʻrlangan. Shunday joylarda zamonaviy issiqxonalarni koʻpaytirish, 100-200 gektarga yetkazish kerak. Ham odamlarga ishchi joy, ham eksport boʻladi, — deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Eng asosiysi shu bilan ish toʻxtab qolmasligini ham kuzatdik. Chunki, shu yerda viloyatda meva-sabzavotchilik, tomorqachilik, chorvachilik, baliqchilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Prezident pillachilik korxonasini koʻzdan kechirdi

Mamlakatimiz rahbari borgan yana bir hudud Yangiariq tumanidagi yangi  ishga tushirilgan “Xorazm pilla xolding” klasteri zamonaviy korxonasi boʻldi.  Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotida keng tarqalayotgan klaster usuli bu karxonada tut daraxti ekilishidan boshlab pillani qayta ishlab tayyor mahsulot yetkazib berishdir. Rrezident. uz rasmiy veb- sayti orqali berilgan suvratlarni tomosho qilib  astoydil yayradim. Zamonaviy, milliy adraslardan tikilgan, toʻqilgan mahsulotlar koʻzni quvontiradi.

Bu yerda 5 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichida 2 ta qayta ishlash liniyasi ish boshlagan. Pilladan xom ipak, ipak momigʻi, ipak mato ishlab chiqarish, ipak gilam toʻqish yoʻlga qoʻyilgan. Yiliga qariyb 1 million 160 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. 

Korxonada 120 doimiy, 1800 mavsumiy ishchi, asosan xotin-qizlar mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari bunday korxonalarni boshqa tumanlarda ham tashkil etish, buning uchun tadbirkorlarga bino va tutzorlar ajratish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. 

2019 yilda viloyatda “Xorazm ipagi” va “Xiva Silk Fabrik” korxonalari ham ish boshladi. Shuningdek,  joriy yilda 1 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyani oʻzlashtirish hisobiga sanoatbop ipak qurti urugʻi tayyorlash korxonasini tashkil etish belgilangan.

Agar topshiriqlar koʻngildagidek bajariladigan boʻlsa, xorazmliklarni jumladan,  ayollarni ish bilan taʼminlanishiga keng imkoniyat yaratiladi.

  Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.