Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Amaliy hamkorlikni kengaytirish va boʻlajak qoʻshma tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Joriy yil 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti tadbirlarini oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bugun Ashxobod shahrida oʻtgan vazirlar darajasidagi koʻp tomonlama uchrashuvning samarali yakunlari yuksak baholandi.
Savdo va logistika, shu jumladan Transkaspiy transport yoʻlagi salohiyatini roʻyobga chiqarish, raqamlashtirish, «yashil» energetika, ekologiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda ikki mintaqa oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni ilgari surish, tashabbus va loyihalarni amalga oshirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish muhimligi qayd etildi.
Oʻzbekistonning EI institutlari bilan munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi bitimni qabul qilish hamda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.