Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
106
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzaro savdo hajmi barqaror surʼatlarda ortib, nomenklaturasi kengayib borayotgani, bu joriy yilning oʻzidayoq oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichini 3 milliard dollarga, yaqin yillarda esa 5 milliard dollarga yetkazish imkonini berishi chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatlarimizning iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligida mavjud ulkan salohiyatdan samarali foydalanishga qaratilgan hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar sanoat, energetika, transport sohalarida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan birdek manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning samarali faoliyatini, shuningdek, Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili doirasida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan tadbirlarni yuksak baholadilar.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot soʻngida Prezidentlar Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida qatʼiy ekanliklarini taʼkidladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.